Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash uslubiyotini tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash uslubiyotini tasdiqlash haqida
buyrug‘i
Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash uslubiyotini tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2023-yil 31-oktabrda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3470]
O‘zbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlarning va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasi to‘g‘risida”gi Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 13-apreldagi PQ-3666-son “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi faoliyatini yanada takomillashtirishga doir tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga asosan buyuraman:1. Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash uslubiyati 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar 2-ilovaga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan kelishilgan.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Vazir A. TASHKULOV
Toshkent sh.,
2023-yil 30-oktabr,
17-mh-son
Kelishildi:
O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori A. BURXANOV
2023-yil 24-oktabr
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 30-oktabrdagi 17-mh-son buyrug‘iga
1-ILOVA
Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarida korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillarni aniqlash
USLUBIYATI| Yo‘nalish | Korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar | Tushunchasi | Misoli |
| Normalarning barqarorligi va huquqiy jihatdan muvofiqligi bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar | So‘zlarning noto‘g‘ri qo‘llanilishi | Normativ-huquqiy hujjat yoki uning loyihasida (bundan buyon matnda normativ-huquqiy hujjat deb yuritiladi) qo‘llanilayotgan so‘zlar, tushunchalar va atamalar har xil ma’nolarni anglatishi yoki aniq bo‘lmagan talqin qilishga imkoniyat yaratishi mumkin. Tushuncha va atamalar nafaqat bir normativ-huquqiy hujjatning o‘zida, balki butun qonunchilikda bir xil qo‘llanilishi lozim. Agar turli normativ-huquqiy hujjatlarda tushuncha va atamalarni bir xil qo‘llash imkoni bo‘lmasa, ularni farqlash aniq va oson bo‘lishi kerak. Birlik yoki ko‘plikda so‘zlarning noto‘g‘ri qo‘llanishi ham noaniqliklarga sabab bo‘ladi. Shuningdek, olmoshni qo‘llash orqali oldingi gapda berilgan shaxs, son, joy va hodisalarga nisbatan murojaat qilish, shuningdek “va/yoki” so‘zlarini qo‘llash orqali tuzilgan so‘z birikmalarining noto‘g‘ri qo‘llanilishi noaniqliklarni yuzaga keltirishi mumkin. Shuning uchun har bir so‘z barcha uchun tushunarli ma’noni anglatishi yoki aniq huquqiy tavsifga ega bo‘lishi lozim. | 1-misol: normativ-huquqiy hujjat: yurisdiksiya fuqarolarning turar joyiga qarab belgilanadi. Muammo: “turar joy” sifatida shaxsning yashab turgan joyi nazarda tutilganmi yoki doimiy ro‘yxatdan o‘tgan joyimi? Yechim: normativ-huquqiy hujjat: yurisdiksiya fuqarolarning yashab turgan joyiga qarab belgilanadi. 2-misol: normativ-huquqiy hujjat: vazirlik ushbu moddada ko‘rsatilgan murojaat turlarini taqdim qilish tartiblarini belgilaydi. Muammo: ushbu holatda vazirlik har bir murojaat turi uchun alohida tartib belgilashi yoki barcha murojaat turlari uchun yagona tartib belgilashi lozimligi noaniq. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: vazirlik ushbu moddada ko‘rsatilgan murojaat turlarini taqdim qilishning tartibini belgilaydi. 3-misol: normativ-huquqiy hujjat: mansabdor shaxs va arizachi shartnoma shartlarini kelishishi zarur, u kelishuvni yozma shaklda tasdiqlashi lozim. Muammo: “U” deganda kim nazarda tutilganligi noaniq. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: mansabdor shaxs va arizachi shartnoma shartlarini kelishishi zarur, mansabdor shaxs kelishuvni yozma shaklda tasdiqlashi lozim. 4-misol: normativ-huquqiy hujjat: Tavakkalchilik — mijozlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish maqsadida operatsiyalarni amalga oshirish tavakkalchiligi. Muammo: berilgan ta’rifda va so‘zining ishlatilishi natijasida tavakkalchilik “jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish”, “terrorizmni moliyalashtirish” va “ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish” operatsiyalarini nechtasi bir vaqtda amalga oshirilganda yuzaga kelishi noaniq bo‘lib qolmoqda. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: Tavakkalchilik — mijozlar tomonidan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni moliyalashtirish va ommaviy qirg‘in qurolini tarqatishni moliyalashtirish operatsiyalaridan birini yoki bir nechtasini amalga oshirish. |
| Noaniq va asossiz havolalarning qo‘llanilishi | Bir normativ-huquqiy hujjatdagi yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatdagi normalarga havolalar aniq, mantiqiy izchil bo‘lishi va normativ-huquqiy hujjatni yoxud uning alohida qoidalarini ko‘rsatishi kerak. Shuningdek, tegishli vakolatlar mavjud bo‘lmaganda, qonun hujjatlaridagi bo‘shliqlarning qonun osti hujjatlari yordamida to‘ldirilishi tor idoraviy yondashuv holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Bundan tashqari, huquqiy normaning chegarasini belgilash imkonini bermaydigan, xususan “va boshqalar”, “va hokazo” kabi normalarning qo‘llanilishi huquqni qo‘llovchilarga asossiz ravishda ko‘rib chiqish doirasining kengaytirish imkonini beradi. Shu sababdan, noaniq va asossiz havolalar keltirilmasligi hamda normativ-huquqiy hujjatni qabul qilish tegishli davlat organlarining vakolat doirasida amalga oshirilishi zarur. | 1-misol: davlat organi tomonidan ma’muriy jazo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 10-moddasida belgilangan muddatlarda qo‘llaniladi. Muammo: Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 10-moddasida muddatga oid norma belgilanmagan. Yechim: davlat organi tomonidan ma’muriy jazo Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 36-moddasida belgilangan muddatlarda qo‘llaniladi. 2-misol: normativ-huquqiy hujjat: nazorat tadbiri rejali tekshirish davomida, ma’lum bir hududda (mintaqada) zararlanish o‘chog‘i aniqlanganda, mahsulot import qilinganda va boshqa holatlarda amalga oshiriladi. Muammo: nazorat tadbiri amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan holatlarning aniq chegarasi belgilab berilmaganligi, xususan, “va boshqa holatlarda” iborasi qo‘llanilishi oqibatida tekshiruvchida asossiz ravishda, tekshirish obyekti yoki predmeti doirasiga taalluqli bo‘lmagan nazorat-tekshiruvini amalga oshirish bilan bog‘liq diskretsion vakolatlar vujudga keladi. Yechim: nazorat tadbiri rejali tekshirish davomida, ma’lum bir hududda (mintaqada) zararlanish o‘chog‘i aniqlanganda, mahsulot import qilinganda amalga oshiriladi. | |
| Normativ-huquqiy hujjatlarda qarama qarshiliklarning mavjudligi | Normativ-huquqiy hujjatlarning normalari o‘zaro muvofiq bo‘lishi lozim. Normativ-huquqiy hujjatlar normalarining bir biriga zid bo‘lishi, huquqni qo‘llashda turli xil tushunmovchiliklarning yuzaga kelishiga olib keladi. | Misol: Hukumat qarori bilan tasdiqlangan namunaviy hujjatlarga muvofiq tender takliflarini ochish tender e’lon qilingan sanadan boshlab 10 — 15 kundan keyin bo‘lib o‘tadi. “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi Qonunda ushbu muddat 30 — 45 kunni tashkil qiladi. Muammo: Vazirlar Mahkamasining qarori va Qonunda ikki xil muddat belgilanganligi, ijrochilarning o‘zlariga qulay bo‘lgan muddatda ish yuritishiga hamda ziddiyatli huquqni qo‘llash amaliyoti shakllanishiga olib keladi. Yechim: Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilangan muddatlarni Qonunga muvofiqlashtirish zarur. | |
| Vakolatlar, huquq va majburiyatlar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar | Diskretsion vakolatlarning kengligi | Davlat organlari va boshqa tashkilotlarga yoki ularning mansabdor shaxslariga (bundan buyon matnda davlat organlari deb yuritiladi) o‘z ixtiyoriga ko‘ra qarorlar qabul qilish, bir nechta turdagi qarorlarni qabul qilishni tanlash va qarorlarni ijro etishning usullarini belgilash imkoniyatini asossiz ravishda berish oqibatida korrupsiyaviy holatlar vujudga kelishining xavfi yuqori hisoblanadi. Diskretsion vakolatlarning kengligi asosan quyidagilarda ko‘rinadi: qarorlarni qabul qilishning sharoitlari va asoslarining mavjud emasligi; davlat organlariga o‘z ixtiyoriga ko‘ra yuridik faktni baholashga hamda jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan tegishli harakatlarni amalga oshirishning tartibini mustaqil ravishda belgilashga yo‘l qo‘yish; “qaror qabul qilishi mumkin” shaklidagi qaror qabul qilish vakolatini berish; davlat organlariga ularning vakolatiga tegishli bo‘lmagan vazifa va vakolatlarning yuklatilishi. | Misol: normativ-huquqiy hujjat: litsenziyalovchi organ litsenziya talabgori hujjatlarini ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilishi mumkin. Muammo: litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish uchun asoslar belgilanmagan, shuningdek litsenziyalovchi organga “qaror qabul qilishi mumkin” shaklidagi qaror qabul qilish vakolati berilgan. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: litsenziyalovchi organ talabgorning hujjatlarini ko‘rib chiqish natijasi litsenziya berish yoki litsenziya berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi. Litsenziya berish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: ... Litsenziya berishni rad etish uchun quyidagilar asos bo‘ladi: ... |
| Vakolatlarning noaniqligi | Ayrim hollarda normativ-huquqiy hujjatning matnidan vazifa yoki topshiriq ijrosi uchun mas’ul bo‘lgan davlat organini aniqlash imkoni bo‘lmaydi. Bu holat davlat organi tomonidan o‘zi manfaatdor bo‘lmagan ma’lum bir harakat qilinayotganligini ko‘rsatish, amalda esa ushbu harakatni bajarilmaslik uchun qilinadi. Shu bilan birga, topshiriq ijrosi uchun mas’ul etib bir necha tashkilotlar belgilanadi. Ushbu tashkilotlarning vakolat doirasi aniq belgilanmaganligi oqibatida ular topshiriqning bajarilishini bir-biriga yuklashiga olib kelishi mumkin. Natijada topshiriqning ijrosi yetarli darajada ta’minlanmaydi. | Misol: normativ-huquqiy hujjat: ushbu Qonunning ijrosi tegishli vazirlik tomonidan ta’minlanadi. Muammo: ijro uchun mas’ul vazirlikni aniqlash imkoni mavjud emasligi oqibatida davlat organlari o‘zlarining manfaatlari nuqtai nazardan harakat qilishlari mumkin. 1-yechim: normativ-huquqiy hujjat: ushbu Qonunning ijrosi “Elektron hukumat to‘g‘risida”gi Qonunning 15-moddasida belgilangan davlat organi tomonidan ta’minlanadi. 2-yechim: normativ-huquqiy hujjat: ushbu Qonunning ijrosi Raqamli texnologiyalar vazirligi tomonidan ta’minlanadi. | |
| Davlat organlarining bir-birini takrorlovchi vakolatlari va vazifalari mavjudligi | Davlat organiga boshqa davlat organi bilan takrorlanayotgan vakolatlar va vazifalar yuklatilishi topshiriq yetarli darajada ijro qilinmasligiga, vazifani ijro etish uchun ortiqcha resurslar sarflanishiga, shuningdek jismoniy va yuridik shaxslar oldida ortiqcha byurokratik to‘siqlar vujudga kelishiga olib kelishi mumkin. | Misol: normativ-huquqiy hujjatga muvofiq hokimliklarga iste’molchilar huquqlari himoyasini amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yuklatilgan. Muammo: mazkur vazifa Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasining vazifalarini takrorlaydi, shuningdek hokimliklarning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha funksiyasi bilan bog‘liq manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkin. Yechim: hokimliklarning iste’molchilar huquqlari himoyasini amalga oshirish bo‘yicha vazifasini bekor qilish zarur. | |
| Davlat organi tomonidan o‘z vakolatiga kirmaydigan masalalar bo‘yicha normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinishi | Normativ-huquqiy hujjatlarning mazkur hujjatlarni qabul qilish vakolatiga ega bo‘lmagan davlat organlari tomonidan qabul qilinishi ushbu hujjatlarda ayrim shaxslarning manfaatlari mavjudligini ko‘rsatadi. | Misol: Vazirlar Mahkamasining qarori bilan muayyan bir tadbirkorlik subyektlari guruhi qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod qilinishi belgilanmoqda. Muammo: Soliq kodeksiga asosan soliq imtiyozlari faqat ushbu Kodeks bilan berilishi mumkin (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari bilan belgilangan soliq stavkasini kamaytirish holatlari bundan mustasno). Yechim: Vazirlar Mahkamasining qaroridan tadbirkorlik subyektlarini qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashdan ozod qilinishini nazarda tutuvchi normalar chiqarib tashlanishi zarur. | |
| Vazifani yoki topshiriqni bajarish uchun ijrochida zarur bo‘lgan vakolatlar va resurslarning mavjud emasligi | Davlat organi o‘z vazifalarini to‘laqonli bajara olishi uchun barcha zarur vakolatlar va resurslarga, shu jumladan ularni bajarish uchun yetarli muddatga ega bo‘lishi muhim hisoblanadi. Shu sababdan, yuklatilayotgan vazifalarni amalga oshirish uchun talab qilinadigan resurslar va mavjud imkoniyatlarning qiyosiy tahlili natijasi bo‘yicha mazkur vazifalar yuklatilishining maqsadga muvofiq. | 1-misol: normativ-huquqiy hujjat: Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat ulushi ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlarining faoliyati ustidan nazorat qilish sohasida quyidagi vakolatlarga ega: yillik hisobotlarni ko‘rib chiqish; tashkilot yig‘ilishlarida qatnashish; muddatdan tashqari yig‘ilishlarni o‘tkazish. Muammo: mazkur Agentlikka samarali nazorat amalga oshirish uchun yetarli vakolatlar berilmagan. Yechim: Agentlikka yuqoridagilardan tashqari quyidagi vakolatlarni berish: davlat ulushi ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlari faoliyatiga oid har qanday ma’lumotni olish; davlat ulushi ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlarida maxsus audit o‘tkazish; davlat ulushi ishtirokidagi xo‘jalik jamiyatlarining rahbarlarini tayinlash yoki vazifasidan ozod etish masalalari yuzasidan umumiy yig‘ilish kun tartibiga takliflar kiritish. 2-misol: normativ-huquqiy hujjat: Bojxona qo‘mitasi uch oylik muddatda BMTning Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish va elektron ish amaliyotlari bo‘yicha markazi tomonidan ishlab chiqilgan “yagona darcha” mexanizmini yaratish bo‘yicha tavsiyalar va yo‘l-yo‘riq tamoyillari mezonlariga javob beradigan “Yagona darcha” bojxona axborot tizimini ishlab chiqsin. Muammo: mazkur axborot tizimini ishlab chiqish uchun uch oylik muddat yetarli emas. Xususan, axborot dasturni ishlab chiqish uchun: axborot tizimining pasporti va konsepsiyasi ishlab chiqiladi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishiladi (1-2 oy); axborot tizimining texnik topshirig‘i ishlab chiqiladi hamda Raqamli texnologiyalar vazirligi bilan kelishiladi (2-3 oy); barcha hujjatlar bo‘yicha ijobiy xulosalar olingandan so‘ng davlat xaridlari sohasidagi qonunchilikka muvofiq konkurs (tender) o‘tkaziladi va g‘olib bilan shartnoma tuziladi (1 oy). Shunga ko‘ra, axborot tizimini ishlab chiqish ishlari kamida 4 oydan keyin boshlanadi. Yechim: “Yagona darcha” bojxona axborot tizimini ishlab chiqish uchun muddatni yuqoridagi jarayonlarni amalga oshirish uchun talab etiladigan muddatlarni inobatga olgan holda belgilash. | |
| O‘z vaqtida tartibga solinmaslik | Normativ-huquqiy hujjat bilan ma’lum bir sohani tartibga solish, shu jumladan tegishli normalarni amalga oshirish tartibi (mexanizmlari) va shakllarini belgilash vazifasi ma’lum bir davlat organiga yuklatilishi (bevosita ushbu normativ-huquqiy hujjatda belgilanmasdan) natijasida: ushbu norma uni amalga oshirish tartibi tasdiqlanmagunga qadar ijro qilinmasligiga; tegishli munosabatlarni tartibga solishda davlat organi tomonidan tor idoraviy manfaatlarni ko‘zlagan holda harakat qilinishiga olib kelishi mumkin. | Misol: normativ-huquqiy hujjat: 2021-yil 1-yanvardan markazlashtirilgan manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan kapital qurilish bilan bog‘liq tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridi faqat tanlov savdolari natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi kapital qurilishda tanlov savdolarini o‘tkazishning tartibi va shartlarini belgilaydi. Muammo: Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan tartib va shartlar ishlab chiqilgunga qadar mazkur normaning ijrosi ta’minlanmaydi. Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatda tanlov savdolarini o‘tkazish tartibi va shartlari yuzasidan ko‘rsatmalar nazarda tutilmagan bo‘lib, bu vakolat ijro etuvchi organga berilgan. Natijada tanlov savdolarini o‘tkazishda korrupsiya holatlari vujudga kelishi mumkin. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: kapital qurilishda tanlov savdolarini o‘tkazish tartibi va shartlari quyidagilardan iborat: ... | |
| Manfaatlar to‘qnashuvi | Normativ-huquqiy hujjatda shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyatlarni oldini olish choralari ko‘rilishi lozim. | Misol: tovar qiymati bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan yigirma besh ming baravarigacha bo‘lgan miqdorni tashkil etgan taqdirda davlat xaridi eng yaxshi taklifni tanlash orqali amalga oshiriladi. Bunda, shartnomani bajarish bo‘yicha eng yaxshi shartlarni taklif qilgan ishtirokchi g‘olib deb topiladi. Muammo: manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkinligi inobatga olinmagan. Yechim: tovar qiymati bir shartnoma bo‘yicha bazaviy hisoblash miqdorining besh ming baravaridan yigirma besh ming baravarigacha bo‘lgan miqdorni tashkil etgan taqdirda davlat xaridi eng yaxshi taklifni tanlash orqali amalga oshiriladi. Shartnomani bajarish bo‘yicha eng yaxshi shartlarni taklif qilgan ishtirokchi g‘olib deb topiladi. Bunda, manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan shaxslar tanlashda qatnashishiga yo‘l qo‘yilmaydi yoki xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va o‘tkazish uchun javobgar bo‘lgan shaxs bajariladigan vazifalardan chetlashtirilishi lozim. | |
| Afzalliklarning asossiz ravishda belgilanishi | Normativ-huquqiy hujjatda huquqiy munosabatlarning bir guruh subyektlariga nisbatan boshqalarni teng bo‘lmagan, kamsituvchi ahvolga soluvchi afzalliklarning belgilanishiga yo‘l qo‘yilmasligi zarur. | Misol: ayrim davlat unitar korxonalari va nodavlat tashkilotlarga litsenziya olmasdan faoliyatini amalga oshirish huquqi berilgan. Muammo: mazkur toifadagi tashkilotlar tomonidan tegishli litsenziyani olmasdan faoliyatni amalga oshirishi bir qator salbiy holatlarga olib kelmoqda, xususan: raqobatda boshqa tadbirkorlarga nisbatan ustunlik; litsenziya talab va shartlarini chetlab o‘tish imkoniyati. Yechim: davlat unitar korxonalari va nodavlat tashkilotlarning tegishli litsenziyani olmasdan faoliyatini amalga oshirish huquqini bekor qilish. | |
| Normativ-huquqiy hujjatning kuchga kirishini asossiz ravishda kechiktirish | Normativ-huquqiy hujjatning kuchga kirishini asossiz ravishda kechiktirish mazkur hujjatning qabul qilinishi maqsadlariga erishishni imkonini bermaydi. Bunday holatda davlat organlari tor idoraviy manfaatlarini ko‘zlagan holda hujjatni amalga kiritilishi keyinga qoldirishi mumkin. | Misol: tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilingan bo‘lib, u 2020-yil 1-yanvardan kuchga kirishi belgilangan. Mazkur normativ-huquqiy hujjatga ikki marta o‘zgartirishlar kiritilib, ushbu hujjat 2021-yil 1-yanvar va keyinchalik 2022-yil 1-iyuldan kuchga kirishi belgilangan. Muammo: mazkur hujjatning kuchga kirishi ikki marta, birinchisi 2021-yil 1-yanvarga qadar, ikkinchisi 2022-yil 1-iyulga qadar qoldirilgan. Yechim: davlat organi tomonidan normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish jarayonida hujjatning kuchga kirish sanasini aniq tahlillar asosida belgilash va hujjatning kuchga kirish sanasini keyinga qoldirmaslik choralarini ko‘rish. | |
| Huquq va majburiyatlarning nomutanosibligi | Davlat organlarida huquqlar mavjud bo‘lganda majburiyatlarning mavjud emasligi ularning mansab vakolatlaridan chetga chiqishiga sharoit yaratadi. | Misol: normativ-huquqiy hujjat bilan davlat organlariga tadbirkorlik subyektlarini joyiga chiqqan holda tekshirish va uni amalga oshirish bilan bog‘liq huquqlar berilgan. Biroq, davlat organining tadbirkorlik subyektlari oldidagi ularning faoliyatini tekshirish bilan bog‘liq majburiyatlari nazarda tutilmagan. Muammo: davlat organining tadbirkorlik subyektini tekshirish jarayonidagi majburiyatlari mavjud emasligi, uning tegishli huquqlaridan chegarasiz foydalanishi orqali vakolat doirasidan chetga chiqishiga sharoit yaratib beradi. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: davlat organi tadbirkorlik subyektlarining faoliyatini tekshirish jarayonida quyidagi huquq va majburiyatlarga ega: ... | |
| Ma’muriy tartib-taomillar bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar | Ma’muriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki to‘liq emasligi | Davlat organlari tomonidan tegishli harakatlarni bajarish tartibining mavjud emasligi natijasida ziddiyatli huquqni qo‘llash amaliyoti shakllanadi, davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ortiqcha byurokratik to‘siqlarning yaratilishi orqali korrupsiyaviy holatlar yuzaga keladi. Ma’muriy tartib-taomillarning mavjud emasligi yoki to‘liq emasligi asosan quyidagilarda ko‘rinadi: davlat organining harakatlari va vakolatlarini amalga oshirish tartibga solinmaganligi; vakolatlarni bajarish protsessual tartibining belgilanmaganligi; davlat organlari tomonidan ma’muriy tartib-taomillarni bajarish uchun asoslarning mavjud emasligi yoki noaniqligi; qabul qilinayotgan qarorni asoslab berish majburiyatining mavjud emasligi; huquqiy bo‘shliqlar mavjudligi; jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan huquqlarni amalga oshirishning aniq tartibga solinmaganligi; amalga oshirilishining aniq mexanizmiga ega bo‘lmagan normalarning mavjudligi. | Misol: normativ-huquqiy hujjat: ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning bir qismi o‘rnatilgan kvotalar bo‘yicha faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi. Muammo: mahsulotlarning turlariga aniqlik kiritilmagan, shuningdek mahsulotlarning “bir qismi”ni shakllantirishning mexanizmi belgilanmagan. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: ustav fondi (kapitali)da davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqariladigan ushbu normativ-huquqiy hujjatga ilovasida keltirilgan yuqori likvidli va monopol mahsulotlarning 30% faqat birja savdolari orqali eksport qilinadi. |
| Belgilangan qoidalardagi istisnolarning asossiz ravishda qo‘llanilishi | Tegishli sohada faoliyat yuritish uchun barcha ishtirokchilarga yagona tartib va qoidalar o‘rnatilgan bo‘lishi lozim. Shuningdek, ochiqlik (shaffoflik)ni hamda hammaga teng imkoniyat yaratish va raqobat muhitini ta’minlash maqsadida tegishli huquqni olishning tanlov (auksion) tartibidan foydalaniladi. Huquqni olishning aniq tartibi, shu jumladan tanlov (auksion) o‘tkazish tartibi belgilangan taqdirda ham, muayyan shaxslar o‘z manfaatlari asosida ushbu huquqni to‘g‘ridan to‘g‘ri olishga harakat qilishlari mumkin. Shu sababdan, belgilangan qoidalardan chiquvchi istisnolarni asossiz belgilanishi maqsadga muvofiq emas hisoblanadi. | Misol: bir normativ-huquqiy hujjatda markazlashtirilgan manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan kapital qurilish bilan bog‘liq tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridi faqat tender natijalari bo‘yicha amalga oshirilishi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno ekanligi nazarda tutilgan. Boshqa normativ-huquqiy hujjat bilan ma’lum bir davlat organiga tender o‘tkazmasdan kapital qurilish bilan bog‘liq tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridini amalga oshirish ruxsat berilgan. Muammo: mazkur holat sohada ochiqlik va raqobat muhitini ta’minlash imkonini bermaydi, shuningdek davlat xaridlarida korrupsiyaviy holatlari hamda “kartel” kelishuvlarning vujudga kelishiga olib keladi. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: markazlashtirilgan manbalar hisobiga moliyalashtiriladigan kapital qurilish bilan bog‘liq tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridi faqat tender natijalari bo‘yicha amalga oshiriladi. Tender o‘tkazmasdan kapital qurilish bilan bog‘liq tovarlar, ishlar va xizmatlar xaridini amalga oshirish taqiqlansin. | |
| Ortiqcha va asossiz talablar belgilanishi | Normativ-huquqiy hujjatda jismoniy va yuridik shaxslarga noaniq, bajarilishi qiyin bo‘lgan va (yoki) og‘irlashtirilgan talablarni o‘z ichiga olgan normalarning belgilanishi oqibatida jismoniy va yuridik shaxslar ushbu talablarni javobgarliksiz bajarmaslik choralarini izlashi mumkin. Shu sababdan, jismoniy va yuridik shaxslarning erkinligini cheklashga olib kelishi mumkin bo‘lgan, ularning xatti-harakatlari va faoliyatini sababsiz va asossiz tartibga solinishida ifodalaniladigan munosabatlarning haddan tashqari ortiqcha huquqiy tartibga soladigan normativ-huquqiy hujjatlarning qabul qilinishi maqsadga muvofiq emas. | Misol: normativ-huquqiy hujjat: avtomototransport vositalari haydovchilarini malakasini oshirish faoliyatini shug‘ullanish uchun litsenziya shartlari quyidagilardan iborat: ... butun o‘quv jarayonini qamrab oladigan davlat talablariga muvofiq uch o‘lchamli animatsiya effektlari va videokontentga ega avtomototransport vositalari haydovchilarining malakasini oshirish uchun alohida ishlab chiqilgan elektron o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar bilan akkreditatsiya muddatiga mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquq bilan ta’minlanganligi haqidagi hujjat; avtomototransport vositalarini boshqarayotgan shaxslar (haydovchilar)ning malakasini oshirishga qo‘yiladigan davlat talablariga muvofiq malaka oshirish kurslarida bilimlar o‘zlashtirilishini aniqlash uchun animatsiya effektlariga ega yagona test dasturining akkreditatsiya muddatiga mulkiy yoki boshqa ashyoviy huquq bilan ta’minlanganligi haqidagi hujjat. Muammo: amaliyotda aksariyat litsenziya talabgorlarida ushbu hujjatlarni taqdim etish imkoniyati mavjud emas. Shunga ko‘ra, avtomototransport vositalari haydovchilarini malakasini oshirish faoliyatini litsenziyalash jarayoni juda murakkab, litsenziya talab va shartlari yuqori hamda mazkur faoliyat bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan tadbirkorlik subyektlarini qisqartirishga, sohada yagona xizmat ko‘rsatuvchi monopol tashkilot statusini saqlab qolishga qaratilgan. Yechim: normativ-huquqiy hujjatda o‘rnatilgan litsenziya talab va shartlardagi bajarilishi qiyin bo‘lgan va og‘irlashtirilgan talablarni, shuningdek raqobatni cheklovchi qoidalarni chiqarib tashlash zarur. | |
| Vaqt chegaralarining noaniqligi | Muddatlarning mavjud emasligi yoki noaniqligi, asosli sabablarsiz belgilangan muddatni cho‘zish yoki qisqartirish imkoniyatini nazarda tutish korrupsiya holatlarini keltirib chiqarishi mumkin. Vaqt chegaralari aniq belgilanmasligi oqibatida davlat xizmatchilari ma’lum bir harakatni amalga oshirishni o‘z manfaatlari yo‘lida kechiktirish yoki tezlashtirish xavfi yuzaga keladi. | Misol: normativ-huquqiy hujjat: davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni qo‘zg‘atish to‘g‘risidagi qarorda ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun ijro ishi yuritish qo‘zg‘atilgan kundan e’tiboran ko‘pi bilan o‘n besh kun muddat belgilaydi. Muammo: ushbu holatda davlat ijrochisi ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish uchun muddatni o‘z manfaatlaridan kelib chiqib belgilashi mumkin. Yechim: normativ-huquqiy hujjatda ijro hujjatidagi talablarni ixtiyoriy ravishda bajarish muddatini aniq belgilash zarur. | |
| To‘lovlar miqdorlarining noaniqligi | Korrupsiyani oldini olish maqsadida jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan to‘lanadigan davlat bojlari, yig‘imlar va boshqa majburiy to‘lovlar miqdorlari aniq belgilanishi zarur. Mazkur to‘lovlar miqdorlari qat’iy belgilanmaganligi natijasida davlat organlari o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda to‘lovlar miqdorini kamaytirishi yoki ko‘paytirishi mumkin. | Misol: vakolatli organ guvohnomani ko‘pi bilan 15 kunda bazaviy hisoblash miqdorining (bundan buyon matnda BHM deb yuritiladi) 1 baravaridan 5 baravarigacha bo‘lgan miqdordagi davlat boji to‘langandan so‘ng taqdim etadi. Muammo: davlat boji miqdori aniq ko‘rsatib o‘tilmaganligi natijasida mansabdor shaxs ushbu miqdorni o‘z ixtiyoriga ko‘ra belgilaydi, bu esa korrupsiya holatlarini vujudga keltirishi mumkin. Yechim: vakolatli organ guvohnomani quyidagi muddatlarda va to‘lovlarda taqdim etadi: 15 kun ichida — BHMning 1 baravari; 5 kun ichida — BHMning 3 baravari; 24 soat ichida — BHMning 5 baravari miqdoridagi davlat boji to‘langanda. | |
| Sanksiyalarning nomutanosibligi | Noaniq va keng talqin qilinishi mumkin bo‘lgan sanksiyalar davlat organlariga jismoniy va yuridik shaxslardan o‘z manfaatlarini ko‘zlagan holda (pora evaziga) sanksiya darajasini belgilash imkoniyatini beradi. Shuningdek, sanksiyalarning darajasi tegishli huquqbuzarlikning ijtimoiy ahamiyati va oqibatlari bilan mutanosib bo‘lishi lozim. | Misol: haydovchilarning shovqin darajasi belgilangan normalardan ortiq bo‘lgan transport vositalarini boshqarishi, — bazaviy hisoblash miqdorining 5 baravaridan 25 baravarigacha jarima solishga sabab bo‘ladi. Muammo: birinchidan, jarima miqdori huquqbuzarlikning ijtimoiy ahamiyati va oqibatlariga nisbatan juda yuqori, ikkinchidan, sanksiyaning minimal va maksimal miqdorlari o‘rtasidagi farq ularni tayinlash mezonlari mavjud bo‘lmay turib sezilarli darajada yuqori qilib belgilangan. Mazkur holat mansabdor shaxsga asossiz ravishda o‘z ixtiyoriga ko‘ra sanksiya miqdorini belgilash huquqini beradi. Yechim: jarima miqdorini huquqbuzarlikning ijtimoiy xavflilik darajasidan kelib chiqqan holda belgilash. | |
| Davlat organlari va tashkilotlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablag‘lari hamda budjetdan tashqari mablag‘lar sarflanishining aniq va shaffof tartib-taomillari mavjud emasligi | Aniq va shaffof tartib-taomillarning mavjud emasligi davlat organlari va idoralari rahbarlariga hamda mas’ul shaxslariga davlat budjeti va budjetdan tashqari mablag‘larni oz manfaatlari yoki uchinchi shaxslarning manfaatlaridan kelib chiqib sarflashga imkon yaratib, ushbu mablag‘lardan samarasiz foydalanilishiga yoki ularning maqsadsiz sarflanishiga olib kelishi mumkin. | Misol: normativ-huquqiy hujjat: Hududiy “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘lari: Yoshlar ishlari agentligi direktori tomonidan tasdiqlangan kalendar rejada belgilangan mahalla, sektor, tuman (shahar) va hudud darajasidagi loyihalar, yoshlar festivallari, forumlar, tanlovlar va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni moliyalashtirishga; mahallalardagi yoshlar yetakchilari uchun ajratilgan xizmat xonalarini moddiy-texnik jihozlar (mebel, planshet, kompyuter to‘plami, aloqa, internet va boshqalar) bilan ta’minlashga; qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi. Muammo: hududiy “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larining qaysi maqsadlarda sarflanishi mumkinligining aniq belgilanmasdan, boshqa xarajatlar shaklidagi umumiy tushunchalardan foydalanilgan. Ushbu holat hududiy “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘laridan samarasiz foydalanilishiga olib kelishi mumkin. Yechim: hududiy “Yoshlar daftari” jamg‘armasi mablag‘larining qaysi maqsadlar uchun sarflanishi mumkinligini aniq belgilash. | |
| Soliqlar va yig‘imlarni hisoblash hamda undirish tartib-taomillarining murakkabligi yoki noaniqligi | Soliqlar va yig‘imlarni hisoblash va undirish tartibining murakkabligi huquqni qo‘llash amaliyotida soliqlar va yig‘imlarni hisoblashda turli yondashuvlarni yuzaga keltirishi hamda soliq to‘lovchilardan ortiqcha miqdorda soliq undirilishiga yoki soliq to‘lash jarayonida byurokratik to‘siqlar vujudga kelishiga sabab bo‘lishi mumkin. | Misol: soliq solish obyekti yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan yoki buzib tashlangan taqdirda soliqni undirish tugatiladi. Soliqni undirishni tugatilishi mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan berilgan yo‘q qilinganlik, vayron bo‘lganlik yoki buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlar mavjud bo‘lgan taqdirda, amalga oshiriladi. Muammo: soliq solish obyekti yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan yoki buzib tashlangan taqdirda soliqni undirish qaysi muddatdan boshlab tugatilishi hamda mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan yo‘q qilinganlik, vayron bo‘lganlik yoki buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilish tartibi aniq belgilanmagan. Yechim: soliq solish obyekti yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan yoki buzib tashlangan taqdirda, soliqni undirish mol-mulk yo‘q qilingan, vayron bo‘lgan yoki buzib tashlangan kundan e’tiboran tugatilishini hamda mahalliy davlat hokimiyati organi yoki fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan yo‘q qilinganlik, vayron bo‘lganlik yoki buzib tashlanganlik faktini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim qilish tartibini belgilash. | |
| Davlat korxonalari hamda o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlari bilan bog‘liq masalalar bo‘yicha aniq va shaffof tartib-taomillarning mavjud emasligi | Davlat xaridlarini tashkil etish va o‘tkazishda aniq va shaffof tartib-taomillarning mavjud emasligi davlat xaridlari sohasida eng yaxshi taklifni tanlab olishda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishiga, bunday xaridlar shaxsiy manfaatdorlik asosida amalga oshirilishiga, ushbu jarayonda korrupsiyaga oid jinoyatlar sodir etilishiga, davlat budjeti mablag‘laridan samarasiz foydalanilishiga olib kelishi mumkin. | Misol: davlat korxonalari hamda o‘z ustav fondida (ustav kapitalida) davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladigan davlat xaridlari ishtirokchilarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha davlat xaridlariga taalluqli bo‘lgan takliflari quyidagi me’zonlar orqali baholanadi hamda eng yaxshi taklif egasi aniqlanadi: narx; yetkazib berish bazisi; yetkazib berish muddatlari; tavsifnomalar va sifat ko‘rsatkichlari; ekspluatatsiya qilish (foydalanish) muddati; to‘lov va kafolatlar shartlari; muayyan davrdagi ekspluatatsiya qilishga, shu jumladan foydalanish va ta’mirlashga doir xarajatlar. Muammo: davlat xaridlari ishtirokchilarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha davlat xaridlariga taalluqli bo‘lgan takliflarini baholash hamda eng yaxshi taklifni tanlab olishda har bir mezonning o‘rni aniq belgilanmagan. Yechim: davlat xaridlari ishtirokchilarining tovarlar (ishlar, xizmatlar) bo‘yicha davlat xaridlariga taalluqli bo‘lgan takliflarini baholash mezonlarining har biriga ball berish va eng yuqori ball to‘plagan ishtirokchini eng yaxshi taklif egasi deb topish tizimini joriy etish. | |
| Huquq va imtiyozlar beruvchi hamda ma’muriy tartib-taomillarni belgilaydigan tanlov (auksion) tartib-taomillaridan bo‘yin tovlash imkoniyatini beruvchi normalarning mavjudligi | Tanlov (auksion) tartib-taomillaridan bo‘yin tovlash imkoniyatini beruvchi normalarning mavjudligi muayyan huquq va imtiyozlarni munosib jismoniy yoki yuridik shaxsga taqdim etish imkoniyatini kamaytiradi, ushbu jarayonda manfaatlar to‘qnashuvi yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi hamda korrupsiyaviy harakatlar sodir etilishiga imkoniyat yaratadi. | Misol: bitimlar davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tuziladi. Alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan bitimlar ochiq kim oshdi savdolarini o‘tkazmay turib, strategik salohiyatli investor bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralar o‘tkazish asosida tuzilishi mumkin. Muammo: alohida holatlar doirasi aniqlashtirilmaganligi, investorlarni strategik salohiyatli deb topish mezonlarining mavjud emasligi tufayli ushbu tartibni qo‘llash masalasi mansabdor shaxslar tomonidan shaxsiy manfaatdorlik asosida har bir holatda alohida ko‘rib chiqilishiga imkon yaratadi. Yechim: alohida holatlar doirasi aniqlashtirish, investorlarni strategik salohiyatli deb topish mezonlarini belgilash yoki ushbu normani chiqarib tashlash. | |
| Tadbirlarni amalga oshirish usullarining murakkabligi va ularni moliyalashtirish manbalarining noaniqligi | Normativ-huquqiy hujjatda davlat organiga moliyalashtirish manbasi noaniq bo‘lgan chora-tadbirni amalga oshirishning yuklatilishi natijasida ushbu chora-tadbir ijrosi ta’minlanmasdan qolishi yoki fuqarolar yoxud tadbirkorlik subyektlarini ma’lum manfaat yo‘lida noqonuniy homiylikka jalb etishga olib kelishi mumkin. | Misol: normativ-huquqiy hujjatda 2023-yil 1-noyabrdan 2024-yil 31-dekabrga qadar joylashtirish bo‘yicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida joylashtirish vositalarini subsidiyalash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatilishi belgilangan. Muammo: subsidiyalash manbasi, tartibi va uni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan tashkilot ko‘rsatilmagan. Yechim: Turizm qo‘mitasi Turizmni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda 2023-yil 1-noyabrdan 2024-yil 31-dekabrga qadar joylashtirish bo‘yicha xizmatlar (mehmonxona xizmatlari) narxining 10 foizi miqdorida joylashtirish vositalarini subsidiyalash bo‘yicha qo‘shimcha ko‘mak ko‘rsatilishini ta’minlasin: ... | |
| Nazorat-tekshirish faoliyati bilan bog‘liq bo‘lgan korrupsiyani keltirib chiqaruvchi omillar | Tekshirish va taftish o‘tkazish tartibining mavjud emasligi | Tekshirish va taftish o‘tkazish tartibining mavjud emasligi natijasida huquqni qo‘llash amaliyotida ziddiyatlar vujudga kelishi, huquqni qo‘llovchi tomonidan tekshirish va o‘rganishlar turli shakllarda o‘tkazilishi, davlat organlari tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga ortiqcha byurokratik to‘siqlar yaratilishi orqali korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelishi mumkin. | Misol: vakolatli organ tekshirish davomida aniqlangan xato va kamchiliklar bartaraf etilishi ustidan nazorat tartibida tekshirish o‘tkazishi mumkin. Nazorat tartibida tekshirish vakolatli organ farmoyishi asosida o‘tkaziladi. Muammo: vakolatli organ tomonidan nazorat tartibida o‘tkaziladigan tekshiruv tartibi mavjud emas. Xususan, nazorat tartibida o‘tkaziladigan tekshiruv qancha muddat davomida amalga oshirilishi, amalga oshirish shakli (masofaviy, joyiga chiqqan holda) belgilanmagan. Yechim: vakolatli organ tomonidan nazorat tartibida tekshiruv o‘tkazish tartibini belgilash. |
| Shikoyat qilish tartibining mavjud emasligi | Davlat organlarning javobgarligi to‘g‘risidagi normalarning, shuningdek ularning harakatlari (qarorlari) ustidan shikoyat qilish tartibining mavjud emasligi mansabdor shaxslarga o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilishiga sharoit yaratadi. | Misol: normativ-huquqiy hujjatda ichki auditor sertifikatini olish yoki uning amal qilish muddatini uzaytirish tartibi belgilangan. Muammo: ichki auditor sertifikatini olishga yoki uning amal qilish muddatini uzaytirishga da’vogar jismoniy shaxs (bundan buyon matnda talabgor deb yuritiladi) ichki auditor sertifikatini olish uchun o‘tkaziladigan malaka imtihoni natijalaridan hamda sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirish vakolatli organ tomonidan rad etilganligidan norozi bo‘lganda shikoyat qilish tartibi belgilanmagan. Yechim: talabgor ichki auditor sertifikatini olish uchun o‘tkaziladigan malaka imtihoni natijalaridan hamda sertifikatning amal qilish muddatini uzaytirish va qayta rasmiylashtirish vakolatli organ tomonidan rad etilganligidan norozi bo‘lganda shikoyat qilish tartibini belgilash. | |
| Shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta’minlashdagi bo‘shliqlar | Jamoatchilik nazorati shaffoflik va qonuniylikni ta’minlashning samarali usullaridan biri hisoblanadi. Shunga ko‘ra, davlat organlarining faoliyati to‘g‘risidagi hamda ular tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarning so‘rovlari yuzasidan ma’lumotlarni taqdim qilish tartibi to‘g‘risidagi axborotni (bundan qonun bilan qo‘riqlanadigan sirni tashkil etuvchi axborotlar mustasno) oshkor etishni nazarda tutuvchi normalar belgilanishi kerak. | Misol: normativ-huquqiy hujjat: tanlov savdolarining g‘olibini aniqlash hududiy tanlov komissiyasining yopiq majlisida o‘tkaziladi. Ofertalarni ko‘rib chiqish, baholash va taqqoslash natijalari to‘g‘risidagi axborot oshkor qilinmaydi, qonunchilik nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Muammo: bu normalar shaffoflik va jamoatchilik nazoratini ta’minlashga to‘sqinlik qiladi hamda tanlov savdolarining g‘oliblarini aniqlashda korrupsiyaviy xavf-xatarlarning vujudga kelishiga sharoit yaratadi. Yechim: tanlov savdolarining g‘olibini komissiyaning ochiq majlisida aniqlash, ofertalarni ko‘rib chiqish, baholash va taqqoslash natijalari to‘g‘risidagi axborotlarni majburiy ravishda oshkor qilish tartibini belgilash. | |
| Moliyaviy va boshqa sanksiyalarni qo‘llash hamda undirish bilan bog‘liq bo‘lgan masalalarda aniq va shaffof tartib-taomillarning mavjud emasligi | Davlat organlari tomonidan moliyaviy va boshqa sanksiyalarni qo‘llash hamda undirish bo‘yicha aniq belgilangan hamda shaffof tartibning mavjud emasligi natijasida huquqni qo‘llash amaliyotida ziddiyatlar hamda huquqni qo‘llovchilar tomonidan mavjud huquq normalari turli shaklda qo‘llanilishi natijasida korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelishi mumkin. | Misol: soliq hisobotini belgilangan muddatlarda taqdim etmaslik — bazaviy hisoblash miqdorining (bundan buyon matnda BHM deb yuritiladi) 2 baravaridan 8 baravarigacha bo‘lgan miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi. Muammo: soliq hisobotini taqdim etmaganlik uchun jarimaning eng kam va eng yuqori miqdorlari belgilangan, biroq, jarima qo‘llashning mezonlari aniq belgilanmagan. Mazkur holat huquqni qo‘llash amaliyotida mansabdor shaxsga o‘z ixtiyoriga ko‘ra jarima miqdorini belgilash huquqini beradi. Natijada jarima miqdorini belgilashda korrupsiyaviy holatlar yuzaga kelishi mumkin. 1-yechim: jarima miqdorini qat’iy belgilash (misol uchun, BHMning 2 baravari miqdorida jarima solinishini belgilash); 2-yechim: jarima tayinlash mezonlarini aniq belgilash. Xususan, quyidagi tartibni joriy etish: soliq hisoboti belgilangan muddatlardan 2 ish kunigacha kechikib taqdim etilganda — BHMning 2 baravari; 2 ish kunidan 4 ish kunigacha kechikib taqdim etilganda — BHMning 4 baravari; 4 ish kunidan 6 ish kunigacha kechikib taqdim etilganda — BHMning 6 baravari; 6 ish kunidan kechikib taqdim etilganda — BHMning 8 baravari miqdorida jarima belgilash. | |
| Davlat organlarining faoliyati ustidan nazorat qilish shakllari va turlarining mavjud emasligi | Normativ-huquqiy hujjatda davlat organlari tomonidan muayyan harakatlarni amalga oshirish tartibi belgilangan bo‘lib, davlat organlarining faoliyatini nazorat qilish tartibi ko‘rsatilmagan bo‘lsa, davlat organi ushbu faoliyatni hujjatda belgilangan tartibga rioya qilmasdan o‘z manfaatlari nuqtai nazardan amalga oshirishi mumkin. | Misol: normativ-huquqiy hujjatda tadbirkorlik va shaharsozlik faoliyatini amalga oshirish uchun yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali doimiy foydalanishga berilishi belgilangan. Muammo: davlat organlari tomonidan yer uchastkalarini berish tartib-taomillariga rioya qilinishi ustidan nazorat qilish tartibi belgilanmagan. Yechim: normativ-huquqiy hujjat: davlat xizmatlari markazlari, prokuratura organlari va adliya organlari davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan yer uchastkalari elektron onlayn-auksion orqali berish tartibiga so‘zsiz rioya etilishi bo‘yicha tizimli nazorat va monitoringni amalga oshiradi. Tizimli nazorat va monitoring yer uchastkasi materiallarini tayyorlash jarayoniga aralashmasdan, “YERELEKTRON” AAT orqali amalga oshiriladi. … |
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2023-yil 30-oktabrdagi 17-mh-son buyrug‘iga
2-ILOVA
O‘z kuchini yo‘qotgan deb topilayotgan idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar
RO‘YXATI
1. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 24-fevraldagi 2-mh-son “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3287, 2021-yil 24-fevral) (Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.02.2021-y., 10/21/3287/0153-son).2. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 27-yanvardagi 1-mh-son “Normativ-huquqiy hujjatlar va ular loyihalarining korrupsiyaga qarshi ekspertizasini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3287-1, 2022-yil 27-yanvar) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 27.01.2022-y., 10/22/3287-1/0075-son).
3. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2022-yil 14-oktabrdagi 23-mh-son buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3392, 2022-yil 17-oktabr) (Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.10.2022-y., 10/22/3392/0951-son) bilan tasdiqlangan Vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralar tomonidan qabul qilingan ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga kiritilayotgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchaning 16-bandi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 01.11.2023-y., 10/23/3470/0816-son; 26.08.2024-y., 10/24/3470-1/0721-son)
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.
Hamda bularni ko'ring
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida25-09-2025, 14:38
Yuridik xizmat xodimining ish joyini moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablarni tasdiqlash haqida25-09-2025, 11:01
Odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar ishlashi man etilgan kasbiy faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida26-09-2025, 09:27
O'zbekiston Respublikasi Sog'likni saqlash vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uni oldini olish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida30-07-2024, 16:57
Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi mavzusida targ`ibot va tushuntirish ishlari27-08-2025, 14:59











