Ishonch telefoni
Bosh sahifa » Me'yoriy-huquqiy hujjatlar / Idoraviy va ichki huquqiy hujjatlar » Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida

25-09-2025, 14:38
39
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2919]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi PF-5086-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Farmoniga hamda 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi Hay’atining 2017-yil 25-avgustdagi 11/17-son qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-fevraldagi 43-mh-son “Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘i (ro‘yxat raqami 2865, 2017-yil 28-fevral) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 9-son, 141-modda) o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilsin.
3. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
4. Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
5. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
6. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi o‘rinbosari N. Jo‘rayev zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-avgust,
264-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-avgustdagi 264-mh-son buyrug‘iga 
 ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi 
NIZOM
​Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlarini maxsus unvon — martaba darajalari (bundan buyon matnda martaba darajalari deb yuritiladi) bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun davlat organlari va tashkilotlari deganda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tushuniladi.
2. O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga o‘tgan yoki adliya organlari xodimlari uchun belgilangan tartibda berilgan martaba darajalariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining boshqaruv xodimlariga;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining yuridik xizmatlari xodimlariga;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati rahbari va uning o‘rinbosarlari, Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy bo‘linmalari hamda Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlarining boshqaruv xodimlariga;
O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili devonining boshqaruv xodimlariga tatbiq etilmaydi.
3. Martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish yuridik xizmat xodimining navbatdagi attestatsiyadan o‘tishi deb hisoblanmaydi hamda attestatsiyadan o‘tish muddatining uzaytirilishiga asos bo‘lmaydi.
2-bob. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish
4. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlarining martaba darajalariga tavsiya etilgan nomzodlari O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘iga asosan tuziladigan Yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish komissiyasi (bundan buyon matnda attestatsiya komissiyasi deb yuritiladi) tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.
5. Attestatsiya komissiyasining faoliyati qonuniylik, odillik, xolislik, beg‘arazlik va kollegiallik prinsiplari asosida amalga oshiriladi.
6. Martaba darajalariga tavsiya etilgan yuridik xizmat xodimlarini attestatsiyadan o‘tkazish ishlari tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha bosh maslahatchilari tomonidan tashkil etiladi.
7. Martaba darajalariga tavsiya etish haqidagi hujjatlar tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi, shuningdek Qoraqalpog‘iston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalarining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha bosh maslahatchilari tomonidan ko‘rib chiqiladi hamda tegishli takliflar bilan attestatsiya o‘tkazish masalasini ko‘rib chiqish uchun attestatsiya komissiyasiga taqdim etiladi.
8. Martaba darajalariga tavsiya etilgan yuridik xizmat xodimlarining attestatsiyasi tegishli hujjatlar attestatsiya komissiyasiga taqdim etilgan kundan boshlab bir oy ichida o‘tkaziladi.
Attestatsiya komissiyasi yig‘ilishida martaba darajasiga tavsiya etish masalasi ma’lumot-tavsifnomada keltirilgan ish faoliyati natijalari, kasbiy tayyorgarlik darajasi inobatga olingan holda yuridik xizmat xodimining ishtirokisiz ko‘rib chiqiladi.
Zarur hollarda, martaba darajalariga tavsiya etilgan nomzodlar attestatsiya komissiyasi tomonidan suhbatdan o‘tkazilishi mumkin.
9. Hujjatlarni ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha attestatsiya komissiyasi tomonidan quyidagi xulosalardan biri qabul qilinadi:
nomzodga martaba darajasi berish mumkinligi to‘g‘risida;
nomzodga martaba darajasi berish maqsadga muvofiq emasligi to‘g‘risida.
10. Attestatsiya komissiyasi adliya vaziriga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan martaba darajasidan yuqori yoki past martaba darajasi berish taklifi bilan chiqishi mumkin.
11. Attestatsiya komissiyasining xulosasi komissiya ishida a’zolarning uchdan ikki qismi ishtirok etgan taqdirda vakolatli hisoblanadi.
Attestatsiya natijalari komissiya majlisi bayonnomasi bilan rasmiylashtiriladi.
12. Attestatsiya komissiyasining xulosasi martaba darajasini berish masalasini hal qilish uchun tegishli hujjatlar bilan birga O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziriga taqdim etiladi.
13. Martaba darajasi adliya vazirining tashabbusiga ko‘ra berilganda attestatsiya o‘tkazilmaydi.
3-bob. Yakuniy qoida
14. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
 
   (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 35-son, 933-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.02.2018-y., 10/18/2919-1/0693-son; 26.02.2019-y., 10/19/2919-2/2680-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son; 26.05.2025-y., 10/25/2919-3/0468-son)
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.