Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirining
buyrug‘i
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
buyrug‘i
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2017-yil 28-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2920]
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 16-iyundagi PF-5086-son “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Farmoni hamda 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-son “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:1. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilsin va bu haqda Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish boshqarmasi Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin.
3. Huquqiy targ‘ibot va axborot boshqarmasi mazkur idoraviy normativ-huquqiy hujjatni “O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami” — “Sobraniye zakonodatelstva Respubliki Uzbekistan”da nashr etilishini ta’minlasin.
4. Mazkur buyruq rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
5. Mazkur buyruqning ijrosini nazorat qilish vazirning birinchi o‘rinbosari N. Jo‘rayev zimmasiga yuklansin.
Vazir R. DAVLETOV
Toshkent sh.,
2017-yil 28-avgust,
265-mh-son
O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2017-yil 28-avgustdagi 265-mh-son buyrug‘iga
ILOVA
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli “Yuridik xizmat faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga egallab turgan lavozimini hisobga olgan holda maxsus unvon — martaba darajalari (bundan buyon matnda martaba darajalari deb yuritiladi) berish tartibini belgilaydi.1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maqsadlari uchun davlat organlari va tashkilotlari deganda davlat organlari, xo‘jalik boshqaruvi organlari, davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari tushuniladi.2. Mazkur Nizom talablarining attestatsiya qismi bo‘yicha amal qilishi:
O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga o‘tgan yoki adliya organlari xodimlari uchun belgilangan tartibda berilgan martaba darajalariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi boshqaruv xodimlariga;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining yuridik xizmatlari xodimlariga;
O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri kotibiyati rahbari va uning o‘rinbosarlari, Bosh vazir kotibiyatining tarkibiy bo‘linmalari hamda Bosh vazir o‘rinbosarlari kotibiyatlarining boshqaruv xodimlariga;
O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili devonining boshqaruv xodimlariga tatbiq etilmaydi.
3. Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari ijobiy attestatsiya, malakasi va ish stajiga muvofiq, egallab turgan lavozimini, oldingi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonlarni, shuningdek qonunchilikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish sohasidagi xizmatlarini hisobga olgan holda izchil tartibda beriladi.
3, 2 va 1-darajali adliya maslahatchisi, shuningdek, 3, 2 va 1-darajali yurist martaba darajalari O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan:
a) O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasining tegishli tarkibiy bo‘linmalari rahbarining tavsiyanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga o‘tgan yoki adliya organlari xodimlari uchun belgilangan tartibda berilgan martaba darajalariga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi boshqaruv xodimlariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi direktorining tavsiyanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Ijtimoiy himoya milliy agentligi, uning hududiy bo‘linmalari yuridik xizmat xodimlariga hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakilning tavsiyanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga o‘tgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish bo‘yicha vakili devonining boshqaruv xodimlariga;
b) O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati devoni rahbarining tavsiyanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senatining yuridik xizmati rahbarlari va xodimlariga;
v) respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining tavsiyanomalariga ko‘ra, shuningdek o‘z tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmati rahbarlari va xodimlariga;
g) O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri kotibiyati rahbarining tavsiyanomasiga asosan Bosh vazir kotibiyati rahbarining oliy yuridik ma’lumotga ega bo‘lgan o‘rinbosarlariga, Bosh vazir kotibiyati rahbarining axborot-tahlil va yuridik ta’minlash masalalariga mas’ul o‘rinbosarining tavsiyanomasiga ko‘ra O‘zbekiston Respublikasi adliya organlari va muassasalaridan ishga o‘tgan yoki adliya organlari xodimlari uchun belgilangan tartibda berilgan martaba darajalariga ega bo‘lgan Vazirlar Mahkamasining boshqaruv xodimlariga beriladi.
3 va 2-darajali Davlat adliya maslahatchisi martaba darajalari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan beriladi.
4. Adliya organlari va muassasalarida ishlagan, martaba darajasiga ega bo‘lgan xodimlar davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga ishga qabul qilinganda muqaddam berilgan martaba darajasi saqlab qolinadi.
Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmat xodimi sifatida ishlagan, muqaddam berilgan martaba darajasiga ega bo‘lgan shaxslar adliya organlariga ishga qabul qilinganda, ularga berilgan martaba darajasi saqlab qolinadi.
2-bob. Martaba darajalari berish
5. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga martaba darajalari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari to‘g‘risidagi nizomga asosan egallab turgan lavozimini hisobga olgan holda beriladi, mazkur bandning ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno. Maxsus unvonga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar organlaridan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga o‘tkazilgan xodimlarga martaba darajalarini berish, ular egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 29-noyabrdagi PQ-3413-son qarori bilan tasdiqlangan Ichki ishlar organlarida xizmatni o‘tash tartibi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq mazkur Nizomda belgilangan tartibda beriladi.
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari oldingi ish yoki xizmat joyida berilgan maxsus unvonlarni hisobga olgan holda, ular egallab turgan lavozimidan qat’iy nazar, ushbu Nizom ilovasiga muvofiq tenglashtirilgan tarzda mazkur Nizomda belgilangan tartibda beriladi.
6. Martaba darajalarini berish bosqichma-bosqich xodimning egallab turgan lavozimi va mehnat stajiga muvofiq, shuningdek, uning ishchanlik va shaxsiy fazilatlarini hisobga olgan holda amalga oshiriladi.
7. Davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatlari xodimlariga quyidagi lavozimlarga muvofiq martaba darajalari beriladi:
1-darajali adliya maslahatchisi — yuridik departament yoki yuridik boshqarma boshlig‘i;
2-darajali adliya maslahatchisi — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik bo‘lim yoki yuridik byuro boshlig‘i;
3-darajali adliya maslahatchisi — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti, hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yuridik bo‘lim yoki yuridik byuro boshlig‘i;
1-darajali yurist — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yetakchi yuriskonsulti, hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti;
2-darajali yurist — respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining katta yuriskonsulti va yuriskonsulti, hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yetakchi yuriskonsulti, tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti;
3-darajali yurist — hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining katta yuriskonsulti va yuriskonsulti, tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining yetakchi, katta yuriskonsulti va yuriskonsulti.
8. Bitta shtat birligidan iborat respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlariga respublika darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bo‘lim boshlig‘i uchun belgilangan martaba darajasi beriladi.
Bitta shtat birligidan iborat hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlariga hududiy (viloyat) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti uchun belgilangan martaba darajasi beriladi.
Bitta shtat birligidan iborat tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmati xodimlariga tuman (shahar) darajasidagi davlat organlari va tashkilotlarining bosh yuriskonsulti uchun belgilangan martaba darajasi beriladi.
10. Har bir martaba darajasida bo‘lish muddati:
3, 2, 1-darajali yuristlar uchun — 2,5 yilni;
3, 2, 1-darajali adliya maslahatchilari uchun — 4 yilni tashkil etadi.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 19-yanvardagi PQ-2733-sonli qarori bilan tasdiqlangan Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari to‘g‘risidagi nizomga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri:
a) ishda alohida o‘rnak ko‘rsatganligi yoki xizmat burchini namunali ijro etganligi uchun oldingi martaba darajasida xizmat qilishning belgilangan muddati tamom bo‘lgunga qadar martaba darajasi berishga;
b) izchillikka rioya qilmagan holda, lekin xodim yuqori lavozimga ko‘tarilayotganda ega bo‘lgan martabadan ikki daraja yuqori bo‘lmagan martaba darajasi berishga;
v) birinchi marta attestatsiyadan o‘tayotgan xodimlarga ular egallab turgan lavozim bo‘yicha nazarda tutilganidan bir daraja past martaba darajalari berishga haqlidir.
12. Tegishli malaka bo‘yicha ish tajribasiga ega bo‘lmagan shaxslarga martaba darajasi lavozimga tayinlangandan keyin kamida 1 yil o‘tgach beriladi.
13. Martaba darajalarini berish uchun davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga tavsiyanoma bilan murojaat qilinadi (xodim O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining tashabbusiga ko‘ra martaba darajalariga tavsiya etilgan hollar bundan mustasno). Mazkur tavsiyanomaga xodimning kasbiy faoliyati, ishchanlik va axloqiy jihatlari aks ettirilgan ma’lumot-tavsifnoma, pasporti yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi nusxasi, mehnat daftarchasining ish joyida tasdiqlangan nusxasi yoxud undan ko‘chirma yoki yuridik mutaxassislik bo‘yicha ish stajini tasdiqlovchi boshqa hujjat, malaka oshirish kurslarida o‘qiganlik to‘g‘risidagi sertifikat nusxasi, attestatsiyadan o‘tganlik to‘g‘risida guvohnoma nusxasi (qonunchilikka ko‘ra attestatsiyadan o‘tkazilmaydigan xodimlar bundan mustasno), oldingi ish yoki xizmat joyida maxsus unvonlar berilganligini tasdiqlovchi hujjat (hujjatlar) nusxasi (agar maxsus unvonlar berilgan bo‘lsa) ilova qilinadi.
Ma’lumot-tavsifnomada xodimning amaldagi martaba darajasi (agar mavjud bo‘lsa), so‘nggi ikki yil davomidagi ish sifati va ko‘rsatkichlari, qonunchilikni mustahkamlash, aholining huquqiy savodxonligi va huquqiy madaniyatini oshirish borasida amalga oshirilgan ishlari, sudlardagi ishtiroki, xulqi, kasbiy-axloqiy tomonlari, mehnat faoliyati davomidagi yutuqlari va boshqa muhim masalalar ko‘rsatiladi.
Ma’lumot-tavsifnoma tavsiyanoma bergan shaxs tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak.
14. O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining tashabbusiga ko‘ra yuridik xizmat xodimi martaba darajasiga tavsiya etilganda, ma’lumot-tavsifnoma O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi tomonidan tayyorlanadi.
15. Martaba darajalariga tavsiya etilgan nomzodlar O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘iga asosan tuziladigan Yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish komissiyasi tomonidan attestatsiyadan o‘tkaziladi.
16. Yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish komissiyasi adliya vaziriga davlat organlari va tashkilotlari tomonidan tavsiya etilgan martaba darajasidan yuqori yoki past martaba darajasi berish taklifi bilan chiqishi mumkin.
17. Yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalarini berish O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Mazkur buyruq asosida davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining ma’lumotlari bazasi “Yurist-adliya” elektron tizimiga avtomatik tarzda tegishli o‘zgartirishlar kiritiladi.
18. Martaba darajasi berish haqidagi O‘zbekiston Respublikasi adliya vaziri buyrug‘i tegishli davlat organlari va tashkilotlariga yuboriladi. Mazkur buyruq nusxasi yuridik xizmat xodimining shaxsiy jildiga tikib qo‘yilishi lozim.
19. Davlat organlari va tashkilotlarining kadrlar sohasiga mas’ul tarkibiy bo‘linmalari tomonidan yuridik xizmat xodimlarining martaba darajalari har chorakda kamida bir marta xatlovdan o‘tkazilishi, belgilangan muddatlarda xodimni navbatdagi martaba darajasiga tavsiya etish uchun rahbarga axborot taqdim etib borilishi kerak.
Xatlov natijasiga ko‘ra xodimni martaba darajasiga tavsiya etish haqidagi hujjatlar davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 10 kunlik muddat ichida tegishlicha O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi yoki uning hududiy boshqarmalariga yuboriladi.
20. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligining Yuridik xizmatlar faoliyatini muvofiqlashtirish boshqarmasi davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlari xodimlarini martaba darajalariga tavsiya etish borasidagi ishlarni muntazam ravishda tahlil qilib boradi.
Tahlil natijalari bo‘yicha yuridik xizmatlar xodimlarini martaba darajasiga tavsiya etish masalasini ko‘rib chiqish uchun davlat organlari va tashkilotlariga murojaat qilinishi mumkin.
3-bob. Yakuniy qoidalar
21. Yuridik xizmat xodimlarini o‘z vaqtida va muddatida, shuningdek muddatidan ilgari martaba darajalariga tavsiya etish yuzasidan ishlarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi borasida mas’uliyat shaxsan davlat organlari va tashkilotlarining rahbarlari zimmasiga yuklatiladi.22. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlariga martaba darajalari berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
ILOVA
Maxsus unvon va martaba darajasiga ega bo‘lgan boshqa davlat organlaridan davlat organlari va tashkilotlarining yuridik xizmatiga o‘tkazilgan xodimlarga maxsus unvon va martaba darajasiga tenglashtirilgan martaba darajasi berish
JADVALI
| T/r. | Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining martaba darajalari | Adliya organlarining martaba darajalari | Sud organlarining martaba darajalari | (Harbiy) prokuratura organlarining martaba darajalari | Ichki ishlar organlarning maxsus unvonlari | Harbiy unvonlar | Bojxona organlarining maxsus unvonlari | Soliq organlarining maxsus unvonlari |
| 1. | 3-darajali yurist | 3-darajali yurist | 3-darajali yurist | 3-darajali yurist, adliya leytenanti | Leytenant | Leytenant | Bojxona xizmati leytenanti | Soliq xizmatining 3-darajali inspektori |
| 2. | 2-darajali yurist | 2-darajali yurist | Beshinchi malaka darajasi, 2-darajali yurist | 2-darajali yurist, adliya katta leytenanti | Katta leytenant | Katta leytenant | Bojxona xizmati katta leytenanti | Soliq xizmatining 2-darajali inspektori |
| 3. | 1-darajali yurist | 1-darajali yurist | To‘rtinchi malaka darajasi, 1-darajali yurist | 1-darajali yurist, adliya kapitani | Kapitan | Kapitan | Bojxona xizmati kapitani | Soliq xizmatining 1-darajali inspektori |
| 4. | 3-darajali adliya maslahatchisi | 3-darajali adliya maslahatchisi | Uchinchi malaka darajasi, 3-darajali adliya maslahatchisi | Adliya kichik maslahatchisi, adliya mayori | Mayor | Mayor | Bojxona xizmati mayori | Soliq xizmatining 3-darajali maslahatchisi |
| 5. | 2-darajali adliya maslahatchisi | 2-darajali adliya maslahatchisi | Ikkinchi malaka darajasi, 2-darajali adliya maslahatchisi | Adliya maslahatchisi, adliya podpolkovnigi | Podpolkovnik | Podpolkovnik | Bojxona xizmati podpolkovnigi | Soliq xizmatining 2-darajali maslahatchisi |
| 6. | 1-darajali adliya maslahatchisi | 1-darajali adliya maslahatchisi | Birinchi malaka darajasi, 1-darajali adliya maslahatchisi | Adliya katta maslahatchisi, adliya polkovnigi | Polkovnik | Polkovnik | Bojxona xizmati polkovnigi | Soliq xizmatining 1-darajali maslahatchisi |
| 7.* | 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi | 3-darajali Davlat adliya maslahatchisi | Oliy malaka darajasi | 3-darajali davlat adliya maslahatchisi, adliya genaral-mayori | General-mayor | General-mayor | Bojxona xizmati general-mayori | Soliq xizmatining 3-darajali davlat maslahatchisi |
| 8.* | 2-darajali Davlat adliya maslahatchisi | 2-darajali Davlat adliya maslahatchisi | 2-darajali davlat adliya maslahatchisi, adliya general-leytenanti | General-leytenant | General-leytenant | Bojxona xizmati general-leytenanti | Soliq xizmatining 2-darajali davlat maslahatchisi |
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2017-y., 35-son, 934-modda, Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 22.12.2017-y., 10/17/2920-1/0441-son, 13.02.2018-y., 10/18/2920-2/0694-son, 09.03.2018-y., 10/18/2920-3/0876-son; 26.02.2019-y., 10/19/2920-4/2681-son; 11.11.2019-y., 10/19/2920-5/4012-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 03.11.2023-y., 10/23/3469/0824-son; 26.05.2025-y., 10/25/2920-6/0467-son)
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.
Hamda bularni ko'ring
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmat xodimlarini martaba darajalari bo‘yicha attestatsiyadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida25-09-2025, 14:38
Davlat organlari va tashkilotlari yuridik xizmatlarining ma’lumotlari bazasini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida2-10-2025, 11:10
Yuridik xizmat xodimining ish joyini moddiy-texnika jihatidan jihozlashga doir minimal talablarni tasdiqlash haqida25-09-2025, 11:01
Yuridik xizmat xodimini lavozimga tayinlash va ozod qilish masalalarini adliya organlari bilan kelishish hamda birinchi marta yuridik xizmat xodimi lavozimiga tayinlangan shaxslarning adliya organlarida stajirovkadan o‘tkazish tartibi to‘g‘risida25-09-2025, 14:58
Odamning immunitet tanqisligi virusini yuqtirib olgan shaxslar ishlashi man etilgan kasbiy faoliyat turlari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida26-09-2025, 09:27











