Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari haqida:
Mehnatni muhofaza qilish sohasiga oid ayrim nizomlarni tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 24.12.2025-yildagi 819-son
Nizomga ko‘ra, ish beruvchi tashkilotda mehnatni muhofaza qilishni boshqarish tizimini joriy etishi hamda mehnatni muhofaza qilish xizmati va yo‘l harakati xavfsizligi xizmatini tashkil etishi shart.
Xodimlarni mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qitish quyidagilarni o‘z ichiga oladi, jumladan:
kirish yo‘l-yo‘rig‘i va ish joyidagi yo‘l-yo‘riqlarni o‘tkazish;
ish joyidagi stajirovka va bilimlarni tekshirish;
xodimlarni baxtsiz hodisalardan jabrlanganlarga birinchi yordam ko‘rsatishga o‘qitish.
Ish beruvchi har yili 20-yanvargacha YAMMT IDAKga quyidagi maʼlumotlar kiritilishini taʼminlaydi:
mehnat sharoiti to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
zararli va xavfli ishlab chiqarish omilining mavjudligi bilan tavsiflanadigan mehnat sharoitlarida ishlaganlik uchun imtiyoz va kompensatsiyalar summasi to‘g‘risidagi maʼlumotlar;
baxtsiz hodisalardan jabrlangan va kasb bilan bog‘liq kasallik 1-marotaba aniqlangan shaxslar soni to‘g‘risidagi maʼlumotlar.
Tashkilotlarda maʼmuriy-jamoatchilik nazorati tashkil etilishi kerak.
Maʼmuriy-jamoatchilik nazorati quyidagi tartibda amalga oshiriladi:
1-bosqich – bo‘linma va bo‘limlarning (sex) uchastkasi, smena, brigadada;
2-bosqich – bo‘linma, bo‘lim, ishlab chiqarish yoki tashkilot uchastkasida;
3-bosqich – tashkilotda umumiy.
Davlat xizmatlarini koʻrsatishda talab etiladigan ishonchnomalarni rasmiylashtirish jarayonlariga raqamli texnologiyalarni joriy etish
chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 25.12.2025-yildagi 825-son
Nizomga ko‘ra, ishonchnoma jismoniy va yuridik shaxslarning xohishiga ko‘ra so‘rovnomada ko‘rsatilgan, biroq 3 yildan oshmagan muddatga beriladi.
Ishonch bildiruvchi ishonchnomani rasmiylashtirish uchun OneID orqali Vakolat.uz platformasida ro‘yxatdan o‘tadi va tegishli so‘rovnomani to‘ldiradi.
Quyidagi hollarda ishonchnoma ishonch bildiruvchi tomonidan o‘zgartirilishi mumkin:
jismoniy shaxsning familiyasi, ismi va otasining ismi o‘zgarganda;
yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli o‘zgarganda;
jismoniy shaxsning biometrik pasporti (ID-karta) maʼlumotlari o‘zgarganda;
ishonchnomaning amal qilish muddati uzaytirilganda.
Quyidagi hollarda ishonchnoma Platforma tomonidan avtomatik ravishda bekor qilinadi:
ishonchnomaning muddati tugaganda;
jismoniy shaxs vafot etganda;
yuridik shaxs tugatilganda.
Reyestr ishonchnomalarni unikal raqam orqali qidirish uchun barchaga ochiq hisoblanadi.
“Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimida rasmiylashtirilgan ishonchnomalar Reyestrga avtomatik ravishda kiritiladi.
Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga sanitariya-epidemiologik xulosa berish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 13.11.2025-yildagi 720-son
Reglamentga ko'ra, sanitariya-epidemiologik xulosa 3 yil muddatga beriladi.
Ushbu xulosa chetdan olib kelinayotgan mahsulotga mahsulotning yaroqlilik davriga, yaroqlilik muddatiga ega bo'lmagan mahsulotga esa – muddati ko'rsatilmasdan beriladi.
Sanitariya-epidemiologik xulosa quyidagi holatlarda olinishi lozim:
yangi mahsulotlar ishlab chiqarish yo'lga qo'yilganda;
ishlab chiqarilayotgan mahsulot tarkibi o'zgarganda;
mahsulotlarni ishlab chiqarish texnologik jarayonining konstruksiyalari, jamlanmalari o'zgarganda;
tajriba uchun ishlab chiqarilgan mahsulotlarga;
respublika hududiga olib kiriladigan oziq-ovqat va qishloq xo'jalik mahsulotlariga;
mahsulot ishlab chiqarish uchun berilgan sanitariya-epidemiologik xulosaning amal qilish muddati tugaganda.
Ariza beruvchi davlat xizmatidan Davlat xizmatlari markaziga kelib yoki elektron tarzda YIDXP (my.gov.uz) orqali foydalanishi mumkin.
Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo'mitasi xulosani QR-kod orqali tasdiqlaydi hamda 1 ish kunida ariza beruvchining shaxsiy kabinetiga yuboradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi tibbiyot muassasalarida pulli xizmat koʻrsatish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 11.11.2025-yildagi
718-son
Nizomga ko‘ra, tibbiyot muassasasiga mijoz rejali tibbiy yordam olish uchun tegishli yo‘llanmasiz, o‘z ixtiyori bilan murojaat qilganda, tibbiy yordam belgilangan tartibda pulli asosda ko‘rsatiladi.
Davlat tomonidan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida kafolatlangan paket doirasida bepul ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlardan tashqari xizmatlar qo‘shimcha hisoblanadi va pulli asosda ko‘rsatiladi.
Mijoz tibbiyot muassasalarining ro‘yxatga olish bo‘limlari tomonidan qabul qilinadi va ro‘yxatga olinadi.
Har bir mijozning tibbiy kartasiga uning shaxsini tasdiqlovchi maʼlumotlari asosida pulli xizmat ko‘rsatilishi belgilanadi.
Mijozlar tibbiyot muassasasiga to‘lovni oldindan to‘liq to‘lash shartlarida qabul qilinadi.
Tibbiyot muassasalariga kelgan shaxslar tasdiqlangan narxnoma bo‘yicha haq to‘lagandan so‘ng maslahat olish uchun mutaxassis shifokorga va (yoki) instrumental-laborator tashxis qo‘yishga yuboriladi.
Tekshiruv natijalariga ko‘ra tor soha mutaxassisi ko‘rigiga yuborish va (yoki) mijozga ambulator yoki stasionar sharoitda davolanish chorasi belgilanadi.
Sogʻliqni saqlash tizimini raqamlashtirish jarayonlarini yanada jadallashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 08.09.2025-yildagi 570-son
Nizomga ko‘ra, elektron retsept asosida tayinlanadigan dori vositalari O‘zbekistonda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak.
Tibbiyot xodimlari tomonidan bemor maʼlumotlari tibbiyot tashkilotida joriy qilingan tibbiy axborot tizimiga kiritiladi hamda avtomatik tarzda “Elektron tibbiy karta” moduliga uzatiladi.
Bemorga dori vositalari mazkur tibbiy axborot tizimida elektron retsept rasmiylashtirish orqali tayinlanadi.
Retsept davolovchi shifokor tomonidan elektron tasdiqlash usullarida tasdiqlanib, QR kod avtomatik tarzda qo‘yiladi. Bunda elektron retseptga oid zarur maʼlumotlar avtomatik tartibda “Elektron retsept” moduliga uzatiladi.
Shifokorlarga o‘zlari tomonidan bemorga elektron retsept asosida tayinlangan va chakana realizatsiya qilingan dori vositalari harakatini kuzatib borish imkoniyati yaratiladi.
Elektron retseptga oid barcha maʼlumotlar bemorning elektron tibbiy kartasida avtomatik qayd etib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tizimidagi dam olish maskanlariga dam oluvchilarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 29.07.2025-yildagi 474-son
Nizomga ko‘ra, maskanlarga yo‘llanmalar yil davomida berilib, u yerda dam olish 12 kunlik kun tartibi asosida amala oshiriladi.
Dam olish har yili quyidagi muddatlarda tashkil etiladi:
Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (Vazirlik) tizimi xodimlari va ilg‘or pedagoglar uchun – sentyabr-may oylarida;
iqtidorli o‘quvchilar uchun – iyun-avgust oylarida.
Har bir hududda maskanlarga dam oluvchilarni saralash uchun komissiyalar tashkil etiladi.
Komissiyalar tomonidan maskanlarga 7-14 yoshli iqtidorli o‘quvchilar belgilangan mezonlar asosida tanlab olinadi.
Shuningdek, dam olish maskaniga quyidagi ilg‘or pedagoglar tanlab olinadi:
xalqaro olimpiadalar g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
o‘qituvchi bo‘lib faoliyat yuritayotgan xalqaro olimpiadalar g‘oliblari;
xorijiy til va STEAM fanlaridan mutaxassisligi bo‘yicha xalqaro sertifikatlarga ega o‘qituvchilar;
asosiy olimpiadalarning respublika bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar;
respublika bosqichidagi ko‘rik-tanlovlarda faxrli o‘rinlarga ega bo‘lgan o‘qituvchilar;
oliy va 1-malaka toifasiga ega boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari pedagoglari;
asosiy olimpiadalarning viloyat bosqichi g‘oliblarini tayyorlagan o‘qituvchilar.
Belgilangan mezonlar bo‘yicha dam oluvchilarga ketma-ketlik asosida yo‘llanmalar beriladi.
2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 24.04.2026-yildagi 202-son
Qaror bilan 2026-2027-yillarda jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (Dastur) tasdiqlandi.
Dastur doirasida “Onlayn-mahalla” platformasi va “mahalla yettiligi” ko‘magida aholi muammolarini tahlil qilib, dolzarb masalalarga qonuniy yechimlar beruvchi sodda media materiallar (annotatsiya, video, infografika, bukletlar) ishlab chiqiladi.
Yil yakunida aholining murojaatlari asosida “TOP-100 huquqiy tavsiya” to‘plami shakllantirilib, video, infografika va podkastlar tayyorlanadi. Yangi qonunchilik hujjatlarini mutaxassislar ishtirokida intervyu, podkast va videolar orqali sodda tushuntiruvchi materiallar “AdliyaTV”da joylashtiriladi.
Qurilish qonunchiligini interaktiv (o‘yinlar, testlar, videolar) tushuntiruvchi, noqonuniy qurilishlar haqida xabar berish imkoniyatiga ega AI–chatbotli “Qurilishda qonuniylik” mobil ilovasi yaratiladi.
“Advice.uz” va “Gender-madad” platformalari takomillashtirilib, ijtimoiy tarmoqlarda “Sovrinli viktorinalar” o‘tkaziladi.
Shuningdek, Dasturda quyidagilar nazarda tutildi:
bolalar o‘rtasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish maqsadida huquqiy videoroliklar ishlab chiqish hamda keng targ‘ib qilish;
“Oilani asrang – zo‘ravonlikni to‘xtating!” shiori ostida ijtimoiy tarmoqlarda ommaviy chellenjlar hamda ijtimoiy roliklar tanlovini tashkil etish;
taʼlim muassasalarida “Huquqiy bilimlar oyligi”ni o‘tkazish.
Dasturda belgilangan chora-tadbirlar o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli amalga oshirilishi hamda natijasi bo‘yicha maʼlumotlar har chorak yakunida Adliya vazirligiga taqdim etib borilishi uchun tegishli davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari shaxsan javobgar hisoblanadi.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatida ish jarayonlarini raqamlashtirish doirasida qogʻozdan foydalanishni tartibga solish chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori, 18.03.2026-yildagi 109-son
Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-iyunga qadar:
ishlatilgan qog‘ozlarni yig‘ish uchun maxsus chiqindi quti (konteyner)lari tashkil etiladi va ularni qayta ishlash korxonalariga yetkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi;
har bir tarkibiy bo‘linmadagi xodimlar soni, ish hajmi va haqiqiy ehtiyojdan kelib chiqqan holda, qog‘oz sarfi uchun cheklov joriy qilinadi.
2026-yil 1-maydan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarida:
kelgusi 5 yilda xarajatlar smetasini tuzish jarayonida qog‘oz, siyoh, printer va nusxa ko‘chirish uskunalarini xarid qilish xarajatlari miqdori har yili 15 foizga kamaytirilgan holda rejalashtiriladi;
printerlardan markazlashgan holda umumiy foydalanish tizimi joriy qilinadi. Bunda umumiy foydalanishdagi ochiq ofisda faoliyat yurituvchi har 20 nafar xodim uchun 1 dona printer ajratiladi;
har oyda 1 marotaba “Qog‘ozsiz bir kun” ekoaksiyasi o‘tkaziladi.











