Ishonch telefoni
Bosh sahifa » Me'yoriy-huquqiy hujjatlar / Idoraviy va ichki huquqiy hujjatlar » DEZINFEKSIYA STANSIYALARI, DEZINFEKSIYA BO‘LIMLARI, PROFILAKTIK DEZINFEKSIYA BO‘LINMALARI, SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIYA STANSIYALARI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA

DEZINFEKSIYA STANSIYALARI, DEZINFEKSIYA BO‘LIMLARI, PROFILAKTIK DEZINFEKSIYA BO‘LINMALARI, SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIYA STANSIYALARI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA

25-09-2025, 10:40
15
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining
buyrug‘i

DEZINFEKSIYA STANSIYALARI, DEZINFEKSIYA BO‘LIMLARI, PROFILAKTIK DEZINFEKSIYA BO‘LINMALARI, SANITARIYA-EPIDEMIOLOGIYA STANSIYALARI XODIMLARI UCHUN MEHNATNI MUHOFAZA QILISH QOIDALARINI TASDIQLASH HAQIDA

[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 21-iyunda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2374 ]
       O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) va 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq buyuraman:
1. Dezinfeksiya stansiyalari, dezinfeksiya bo‘limlari, profilaktik dezinfeksiya bo‘linmalari, sanitariya-epidemiologiya stansiyalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish qoidalari ilovaga muvofiq tasdiqlansin. 
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab o‘n kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Vazir A. XAITOV
Toshkent sh.,
2012-yil 25-may,
26-B-son
O‘zbekiston Respublikasi mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining 2012-yil 25-maydagi 26-B-son buyrug‘iga
 
ILOVA 
Dezinfeksiya stansiyalari, dezinfeksiya bo‘limlari, profilaktik dezinfeksiya bo‘linmalari, sanitariya-epidemiologiya stansiyalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish 
QOIDALARI
​Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasining “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonuniga (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 12-iyuldagi 267-son “Mehnatni muhofaza qilishga doir me’yoriy hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish va ishlab chiqish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 2000-y., 7-son, 39-modda) hamda 2010-yil 20-iyuldagi 153-son “Mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2010-y., 28-29-son, 234-modda) qarorlariga muvofiq dezinfeksiya stansiyalari, dezinfeksiya bo‘limlari, profilaktik dezinfeksiya bo‘linmalari, sanitariya-epidemiologiya stansiyalari xodimlari uchun mehnatni muhofaza qilish tartibini belgilaydi.
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar dezinfeksiya, dezinseksiya, deratizatsiya va sterilizatsiya bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlarga (bundan buyon matnda tashkilotlar deb yuritiladi) taalluqlidir.
2. Mazkur Qoidalar binolarni va inshootlarni loyihalash, qurish va qayta qurishda, texnik jihozlash va qayta jihozlashda, texnologik jarayonlar hamda uskunalardan foydalanishda hisobga olinishi lozim.
3. Mazkur Qoidalar texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablari bajarilishi shart ekanligini istisno etmaydi.
4. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish va ishlab chiqarish bo‘yicha xavfsizlikka oid normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishi ustidan davlat nazorati bunga maxsus vakolat berilgan davlat organlari tomonidan, jamoatchilik nazorati esa mehnat jamoalari va kasaba uyushmasi tashkilotlari tomonidan saylanadigan mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha vakillar tomonidan amalga oshiriladi.
II bob. Xavfsizlikka qo‘yiladigan umumiy talablar
1-§. Mehnatni muhofaza qilish xizmatini tashkil etish
5. Tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish borasidagi ishlarni tashkil qilish Mehnat muhofazasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 273, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshiriladi.
6. Tashkilotlarda quyidagi asosiy hujjatlar ishlab chiqiladi (tasdiqlanadi) va yuritiladi:
mehnat sharoitlari va mehnatni muhofaza qilish ishlarini yaxshilash, sanitariya-sog‘lomlashtirish chora-tadbirlari bo‘yicha bo‘limni o‘z ichiga olgan jamoaviy shartnoma;
tasdiqlangan mehnat sharoitlarini baholash va ish o‘rinlarini attestatsiya qilish uslubiga muvofiq ish o‘rinlarini attestatsiya qilish kartalari;
mehnatni muhofaza qilish xizmatining choraklik ish rejalari;
xodimlar va muhandis-texnik xodimlarni o‘qitish, yo‘l-yo‘riq berish va bilimlarini sinovdan o‘tkazish dasturlari;
mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha ma’muriy-jamoatchilik nazoratini yuritish jurnali (uch bosqichli nazorat);
xodimlarga yong‘inga qarshi yo‘l-yo‘riq berish va yong‘in-texnikaviy minimum mashg‘ulotlarini o‘tkazish dasturi;
har bir kasb va ish turlari bo‘yicha mehnatni muhofaza qilish yo‘riqnomalari.
7. O‘zbekiston Respublikasi “Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi Qonunining (O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 5-son, 223-modda) 14-moddasiga muvofiq xodimlar soni 50 nafar va undan oshadigan tashkilotlarda maxsus tayyorgarlikka ega shaxslar orasidan mehnatni muhofaza qilish xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi), 50 va undan ortiq transport vositalariga ega bo‘lgan tashkilotlarda esa bundan tashqari yo‘l harakati xavfsizligi xizmatlari tuziladi (lavozimlar joriy etiladi). Xodimlar soni va transport vositalari miqdori kamroq tashkilotlarda mehnatni muhofaza qilish xizmatining vazifalarini bajarish rahbarlardan birining zimmasiga yuklatiladi.
8. Mehnatni muhofaza qilish xizmati o‘z maqomiga ko‘ra tashkilotning asosiy xizmatlariga tenglashtiriladi va uning rahbariga bo‘ysunadi hamda tashkilotning faoliyati tugatilgan taqdirda bekor qilinadi.
9. Mehnatni muhofaza qilish xizmatining mutaxassislari lavozim yo‘riqnomasiga binoan ularning majburiyatlariga kiritilmagan boshqa ishlarni bajarishga jalb qilinishi mumkin emas.
10. Tashkilotlarda mehnat faoliyati bilan bog‘liq ravishda sodir bo‘lgan baxtsiz hodisalar va boshqa jarohatlanishlarni tekshirish va hisobini yuritish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 6-iyundagi 286-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining to‘plami, 1997-y., 6-son, 21-modda) bilan tasdiqlangan Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarni va xodimlar salomatligining boshqa xil zararlanishini tekshirish va hisobga olish to‘g‘risidagi nizomga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
2-§. Xodimlarni o‘qitish, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazish va ularga yo‘l-yo‘riq berishni tashkil etish 
11. Tashkilot xodimlari o‘z kasblari va ish turlari bo‘yicha belgilangan tartibda o‘qishlari, ularning bilimlarini sinovdan o‘tkazilishi va ularga yo‘l-yo‘riq berilishi kerak.
12. Xodimlarning mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha bilimlarini sinovdan o‘tkazish Mehnat muhofazasi bo‘yicha o‘qishlarni tashkil qilish va bilimlarni sinash to‘g‘risidagi namunaviy nizomga (ro‘yxat raqami 272, 1996-yil 14-avgust) muvofiq amalga oshirilishi lozim.
13. Ishlarni texnologik reglament bo‘yicha xavfsiz yuritish yo‘riqnomalari Mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘riqnomalarni ishlab chiqish to‘g‘risidagi nizomga (ro‘yxat raqami 870, 2000-yil 7-yanvar) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 1-son) muvofiq ishlab chiqiladi hamda tashkilot xodimlarini va ish joylarini ushbu yo‘riqnomalar bilan ta’minlash tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklatiladi.
3-§. Xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari
14. Tashkilotlar GOST 17.2.3.02-78 bo‘yicha xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari, ularning tavsifi, yuzaga kelish manbalari, xodimlarga ta’sir qilish xususiyatlari va salomatlik uchun xavflilik darajasi va kelgusidagi oqibatlari to‘g‘risida to‘liq va xolisona ma’lumotga ega bo‘lishi lozim.
15. Ish joylaridagi ishlab chiqarish muhiti hamda mehnat jarayonining xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ishlab chiqarish muhitining fizik, kimyoviy, radiologik, mikrobiologik va mikroiqlim o‘lchovi natijalari, shuningdek mehnatning og‘ir sharoitlari attestatsiya qilish orqali belgilanishi lozim.
16. Yangi zararli moddalar paydo bo‘lishiga yoki xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari yo‘qolishiga olib keladigan texnologik jarayonlar o‘zgarishlarida yoki yangi ishlab chiqarish asbob-uskunalarini joriy qilishda xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.
4-§. O‘ta xavfli kasblar va ishlar ro‘yxati
17. Tashkilot o‘ta xavfli sharoitda bajariladigan ishlar ro‘yxatiga ega bo‘lishi lozim. Ro‘yxatga xavfli moddalar bilan bajariladigan ishlar, balandlikda, ifloslangan havo va suv muhitida, yuqori harorat va namlik sharoitida bajariladigan ishlar, bug‘ va suv isitish qozonlari, yuk ko‘tarish mexanizmlari, bosim ostida ishlaydigan sig‘imlar, elektr asbob-uskunalariga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq ishlar va amaldagi tarmoq ro‘yxatlariga muvofiq boshqa ishlar kiritilishi shart.
18. Barcha xodimlar o‘ta xavfli ishlarni bajarish topshirig‘ini olishdan oldin, mehnat muhofazasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq olishi va ishlarni bajarish usullarini o‘zlashtirib olishi shart.
19. O‘ta xavfli ishlarni bajarish, faqat belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan naryad-ruxsatnomaga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
20. Tashkilot rahbariyati o‘ta xavfli ishlarni belgilangan talablarga muvofiq rejalashtirishga, tashkillashtirishga va xavfsiz bajarishga to‘la javobgardir.
5-§. Jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalarini qo‘llash 
21. Xodimlarni xavfli va zararli ishlab chiqarish muhiti omillaridan himoya qilish jamoaviy va yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanish orqali ta’minlanishi lozim.
22. Jamoaviy himoya qilish vositalariga quyidagilar kiradi:
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining havo muhitini me’yorlashtirish vositalari (shamollatish va havo tozalash, isitish, havo haroratini, namligini bir xil me’yorda saqlash va boshqalar);
ishlab chiqarish xonalari va ish joylarining yorug‘ligini normallashtirish vositalari (yoritish asboblari, yorug‘likdan himoya qilish moslamalari va boshqalar);
shovqindan, tebranishdan, elektr va statik toklar urishidan hamda uskunalar yuzasini yuqori darajadagi haroratdan himoya qilish vositalari;
mexanik va kimyoviy omillarning ta’siridan himoya qilish vositalari.
23. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillari bo‘lgan xonadagi barcha xodimlarga ta’sir qilganda qo‘llanishi shart va tashkilotni qurish yoki rekonstruksiya qilish loyihalariga kiritilishi lozim.
24. Jamoaviy himoya vositalari xavfli va zararli ishlab chiqarish omillarini ruxsat etilgan miqdorgacha kamaytirish imkonini bermagan hollarda yakka tartibdagi himoya vositalari qo‘llanilishi lozim. Bunday hollarda yakka tartibdagi himoya vositalarisiz xodimlarning ishga jalb qilinishi taqiqlanadi.
25. Yakka tartibdagi himoya vositalaridan foydalanadigan xodimlar ularni qo‘llashi, himoya xususiyatlari va amal qilish muddati to‘g‘risida ma’lumotlarga ega bo‘lishi lozim.
26. Tashkilotda quyidagilar ta’minlanishi shart:
yakka tartibdagi himoya vositalarining zarur miqdori va nomenklaturasi;
himoya vositalarini qo‘llash va to‘g‘ri foydalanish ustidan doimiy nazorat amalga oshirilishi;
himoya vositalarining samaradorligi va sozligi tekshirilishi;
yakka tartibdagi himoya vositalaridan xavfli va zaharli moddalar muhitida foydalanilganda ularni dezinfeksiya qilinishi (bir marta qo‘llaniladigan himoya vositalari bundan mustasno).
27. Turli agressiv moddalar bilan ishlayotganda teri kasalliklarini oldini olish uchun profilaktik pasta va mazlardan foydalanish lozim.
28. Xodimlar Sog‘liqni saqlash va tibbiyot ishlab chiqarishlari xodimlari uchun maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoyalanish vositalarini bepul berishning namunaviy me’yorlariga (ro‘yxat raqami 1998, 2009-yil 25-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 35-son, 391-modda) muvofiq yakka tartibda himoyalanish vositalari bilan ta’minlanishi lozim.
6-§. Kasbiy tanlov
29. Tashkilotlarda tanlov o‘tkazilishi lozim bo‘lgan kasblar va mutaxassisliklar ro‘yxati bo‘lishi lozim.
30. Tashkilotlarda rahbar va xodimlar tegishli ma’lumotga hamda ish tajribasiga ega bo‘lishi kerak.
31. Bosim ostida ishlovchi asbob-uskunalar va xavfi yuqori bo‘lgan ishlarda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar maxsus kurslarda tayyorgarlikdan o‘tgan va tegishli guvohnomaga ega bo‘lishi shart.
32. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-iyuldagi 290-son qarori bilan tasdiqlangan O‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslarning mehnatidan foydalanilishi taqiqlangan og‘ir ishlarning hamda zararli yoki xavfli mehnat sharoitlaridagi ishlarning ro‘yxatiga muvofiq o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan shaxslar og‘ir ishlarga hamda zararli va xavfli mehnat sharoiti mavjud ishlarga qabul qilinmasligi lozim.
7-§. Xodimlarning salomatligini nazorat qilish
33. Tashkilotlarda xodimlarning salomatligini nazorat qilish “Xodimlarni ishga kirishdan oldin dastlabki va davriy tibbiy ko‘riklardan o‘tkazish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi buyruq (ro‘yxat raqami 937, 2000-yil 23-iyun) (O‘zbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qo‘mitalari va idoralarining me’yoriy hujjatlari axborotnomasi, 2000-y., 12-son) asosida amalga oshirilishi lozim.
34. Tashkilot rahbariyati kasaba uyushmasi qo‘mitasi va sog‘liqni saqlash organlari bilan birgalikda har yili davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishi lozim bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tuzishi hamda xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tishini ta’minlashi lozim.
35. Tibbiy ko‘riklar tashkilotning tibbiy muassasalarida, ular mavjud bo‘lmagan hollarda davolash-profilaktika muassasalarida o‘tkazilishi lozim.
36. Xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tishdan bo‘yin tovlagan yoki tibbiy ko‘rik natijalariga ko‘ra berilgan tavsiyalarni bajarmagan taqdirda ushbu xodim ishga qo‘yilishi mumkin emas.
37. Davriy tibbiy ko‘riklar o‘z vaqtida, sifatli o‘tkazilishi va ularning natijalariga ko‘ra tavsiyalar bajarilishi uchun javobgarlik tashkilot rahbariyati zimmasiga yuklanadi.
38. Xodimlarni sog‘lig‘i tufayli ularga ruxsat etilmagan ishlarda ishlatish taqiqlanadi.
8-§. Sanitariya va gigiyenaga qo‘yiladigan talablar
39. Tashkilot xonalari ish hududidagi harorat, nisbiy namlik, havoning harakatlanish tezligi va boshqalar GOST 12.1.005-88 “Ish hududining havosi, umumiy sanitariya-gigiyenik talablari”ga muvofiq bo‘lishi kerak.
40. Tashkilotning ishlab chiqarish xonalari quyidagi sanitariya qoidalariga muvofiq saqlanishi lozim:
xonalarda ruxsat etilgan harorat, nisbiy namlik va havoning harakatlanish tezligi, ish joylaridagi ortiqcha issiqlik, bajarilayotgan ishning og‘irlik darajasiga ko‘ra toifasi, yil mavsumi hisobga olingan holda belgilanishi;
ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy xonalarning, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarining yorug‘ligi QMQ 3.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish. Loyihalashtirish me’yorlari”ga muvofiq bo‘lishi hamda mehnat sharoitlarini yaratish uchun yetarli yorug‘lik kuchini ta’minlash;
xonalarda yoritish asboblari chang to‘planishiga imkoniyat bermaydigan konstruksiyaga ega bo‘lishi, shuningdek singan taqdirda uning parchalari sochilib ketmasligi uchun yopiq bo‘lishi.
41. Ishlab chiqarish, sanitariya-maishiy xonalarni, xom ashyo va tayyor mahsulotni saqlash xonalarini gigiyenik jihatdan toza saqlash va xodimlarning shaxsiy gigiyenasiga qo‘yiladigan talablar qonunchilik hujjatlarida belgilangan qoidalarga muvofiq bo‘lishi lozim.
9-§. Tashkilot maydonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari 
42. Tashkilot maydonlari va binolarining joylashuvi QMQ II 89-80 “Sanoat tashkilotlarini bosh plani” talablariga mos bo‘lishi kerak.
43. Tashkilotda transport vositalarini va piyodalarni tashkilot hududida harakatlanish chizmasi ishlab chiqilgan va tasdiqlangan bo‘lishi kerak.
44. Transport vositalari va tashkilot hududida piyodalarning harakati chizmasi tashkilotga kirish va chiqish hamda ish uchastkalari va sexlarning ko‘rinarli joylariga osib qo‘yilishi kerak.
45. Tashkilot maydonlari ko‘kalamzorlashtirilgan va suv quyish quvurlari tarmoqlari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
46. Tashkilot maydonidagi o‘tish joylari mustahkam yopqichlar, suv oqib ketadigan inshootlar bilan jihozlangan bo‘lishi kerak.
47. Yilning yoz vaqtida yo‘laklar va o‘tish joylariga suv sepilgan, qishda qordan tozalanib, qum sepilgan bo‘lishi lozim.
48. Yo‘lovchilar uchun yo‘lak va tashkilotga kirish joyi tekis, kengligi kamida 1,5 m yon tomonlarida devorcha va to‘siqlar bo‘lishi lozim.
49. Binolarning tomlarini qishki mavsumda qordan, karnizlarni qotgan muzlardan tozalab turish zarur.
50. Tashkilot hududida har kuni tozalab va dezinfeksiya qilib turiladigan axlat tashlanadigan idishlar bo‘lishi shart.
51. Hovlidagi hojatxonalarni ozoda saqlash, muntazam dezinfeksiya qilish, sutkaning qorong‘i paytida esa yoritilishi kerak.
52. Tashkilot joylashgan maydon butun chegara bo‘ylab to‘silgan bo‘lishi, uning hududiga begona kishilarning kirishi cheklangan va nazorat ostiga olingan bo‘lishi lozim.
10-§. Bino va inshootlarga bo‘lgan xavfsizlik talablari
53. Ishlab chiqarish binolari va inshootlari QMQ 2.09.02-85 “Ishlab chiqarish binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
54. Yordamchi binolar va xonalar QMQ 2.09.04-98 “Tashkilotlarning ma’muriy va maishiy binolari” talablariga muvofiq bo‘lishi lozim.
55. Ishlab chiqarish va yordamchi xonalarning (harorati, nisbiy namligi, havoni harakatlanish tezligi va boshqalar) mikroiqlimi GOST 12.1.005-88 talabiga javob berishi kerak.
56. Nam xonalarda hamda issiq o‘tkazuvchi pollarda (betonli, g‘ishtli va plitali) muntazam ishlashga mo‘ljallangan ish joylarida yog‘och to‘shamalar va panjaralar yotqizilgan bo‘lishi kerak.
57. Pol to‘shamalari zararli moddalar, ishlab chiqarishdagi kirlar va changlardan yengil tozalangan bo‘lishi kerak.
58. Binoga transport vositalarining kirish joylari darvozalar va signal asbob-uskunalari bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim.
59. Darvoza tavaqalari yopiq va ochiq holatida maxsus moslamalar mustahkam o‘rnatilgan bo‘lishi kerak.
60. Transport vositalarining binoga kirishi uchun darvoza eni foydalanilayotgan transport vositalari eni miqdoridan oshiq bo‘lishi kerak.
61. Darvozalarning balandligi transport vositasining balandligidan kamida 2 m dan oshiq bo‘lishi kerak.
62. Tashkilotlarda binolar va inshootlardan foydalanish holatini muntazam kuzatish tashkil etilgan bo‘lishi kerak.
63. Barcha ishlab chiqarish binolari va inshootlari bir yilda ikki martadan (bahor va kuzda) kam bo‘lmagan holda tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan komissiya tomonidan texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik xulosalari, ularda topilgan nuqsonlarni bartaraf etish bo‘yicha tadbirlar va muddati ko‘rsatilgan dalolatnomalar orqali rasmiylashtirilishi kerak.
64. Xodimlar uchun xavf tug‘diruvchi halokat tusidagi buzilishlar tezda bartaraf etilishi kerak. Xavfli hududlarda ishlab chiqarish jarayonlari halokat bartaraf etilgunga qadar to‘xtatib turilishi lozim, shuningdek xizmat ko‘rsatuvchi xodimlar xavfsiz joyga ko‘chirilishi kerak.
11-§. Shamollatish va isitish tizimiga qo‘yiladigan talablar 
65. Shamollatish va isitish QMQ 2.04.05-97 “Isitish, shamollatish va konditsionerlash” talabiga muvofiq bo‘lishi lozim.
66. Oqimli shamollatishlarni tashqi havo tizimidan olish yerdan kamida 2 m balandlikda bajarilishi lozim.
67. O‘tish joylarida joylashgan isitish jihozlari ruxsat etilgan o‘tish yo‘laklarining enini kamaytirmasligi lozim.
68. Ish joylarida havo harorati yengil jismoniy ishda 210 S, o‘rtacha og‘ir ishda 170 S va og‘ir ishda 160 S dan past bo‘lmasligi kerak.
69. Xodimlarining isinishi uchun xonalarda harorat 220 S dan kam bo‘lmasligi kerak.
70. Isinish xonalarigacha bo‘lgan masofa binolarda joylashgan ish joylaridan 75 m dan, bino tashqarisidagi ish joylaridan esa 150 m dan ko‘p bo‘lmasligi lozim.
12-§. Suv ta’minoti va kanalizatsiya tizimiga qo‘yiladigan talablar 
71. Suv bilan ta’minlash va kanalizatsiya tizimi QMQ 2.04.01-98 “Binolarni ichki suv quvuri va kanalizatsiyasi” talabiga mos kelishi kerak.
72. Ichimlik suvidan foydalanish uchun suv quvuriga ulangan favvorachalar bo‘lishi kerak. Suv quvurlari yo‘q bo‘lganda baklarda qaynatilgan suv bo‘lishi lozim.
73. Ichimlik suvining harorati 8S dan 20S gacha bo‘lishi kerak.
74. Tashkilot hududidagi hojatxonalar issiq suv va kanalizatsiya tizimiga ulangan bo‘lishi lozim.
75. Tashkilotda kanalizatsiya tizimi yo‘q bo‘lganda, davlat sanitariya nazorati organlari bilan kelishilgan holda tashkilotda yer qatlamini ifloslantirmagan holda dushxonalardan va yuz-qo‘l yuvgichlardan suv oqmaydigan qurilmali axlat o‘ralarini mavjud bo‘lishiga ruxsat etiladi.
13-§. Yoritishga qo‘yiladigan talablar
76. Ishlab chiqarish xonalarini tabiiy va sun’iy yoritish QMQ 2.01.05-98 “Tabiiy va sun’iy yoritish” talabiga mos bo‘lishi lozim.
77. Yoritish vositalari toza va soz holatda bo‘lishi kerak. Yorug‘lik tushuvchi oynalarni yilida kamida ikki marotaba tozalash lozim.
78. Yorug‘lik tushadigan deraza va eshiklarni turli predmetlar (uskuna, tayyor mahsulot va boshqalar) bilan to‘sib qo‘yishga ruxsat etilmaydi.
79. Sun’iy yoritish umumiy va birlashgan (umumiy mahalliy bilan birgalikda) tizim orqali amalga oshiriladi. Birgina mahalliy yoritishni qo‘llash taqiqlanadi.
80. Uchastka va xonalarda portlash bo‘yicha xavfli gaz va changlar konsentratsiyasi yig‘ilib qolishi ehtimoli bo‘lsa, elektr yoritish tizimi portlashdan alohida bajarilishi kerak.
81. Xavflilik darajasi yuqori bo‘lgan xonalarda kuchlanishi 36 V dan yuqori bo‘lmagan ko‘chma elektr yoritqichlar ishlatilishi kerak. Uskunalar va inshootlar (bunkerlar, quduqlar, bug‘lantirish kameralari, tunnellar va boshqalar)ni ichki sirtini yoritish uchun ko‘chma elektr yoritqichlarning kuchlanishi 12 V dan oshmasligi kerak.
82. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qopqoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan kabel va elektr o‘tkazgichlar qo‘llanishi lozim.
83. Evakuatsiya yo‘laklari va zinapoyalarda avariya yoritqichlari bo‘lishi lozim.
84. Avariya yoritqichlari boshqa yoritqichlardan turi, o‘lchamlari va maxsus tushirilgan belgilari bilan ajralib turishi va vaqti-vaqti bilan changdan tozalanib turilishi lozim.
85. Avariya yoritish tarmoqlariga elektr energiya iste’molchilarining ulanishi taqiqlanadi. Avariya yoritqichlarning sozligi har chorakda kamida bir marta tekshirilishi lozim.
14-§. Shovqin va tebranishga qo‘yiladigan talablar
86. Ish joylarida, xonalarda va tashkilot hududida shovqin va tebranishning darajasi SanQvaM 0120-01 “Ish joylarida shovqinning yo‘l qo‘yilgan darajasining sanitariya me’yorlari”, SanQvaM 0122-01 “Ish joylarida umumiy va lokal tebranishning sanitariya me’yorlari”, GOST 12.1.003-89 “Shovqin. Umumiy xavfsizlik talablari” va GOST 12.1.012-90 “Tebranma. Umumiy xavfsizlik talablari” talablariga muvofiq bo‘lishi kerak.
87. Ish joylarida shovqin va tebranish darajasini muntazam nazorat qilib turish kerak. Agarda u belgilangan me’yorlardan yuqori bo‘lgan hollarda uni pasaytirish uchun quyidagi tadbirlar qo‘llanishi lozim:
detallarning zarbali harakatlarini zarbasiz harakatlarga, ilgarilama-qaytma harakatlarni aylanma harakatlarga o‘zgartirish;
shovqin chiqaruvchi agregat yoki uning ayrim qismlariga shovqinni to‘suvchi qobiqlar o‘rnatish;
agregatdan chiqayotgan aerodinamik shovqinlarga qarshi samarali tovush so‘ndirgichlar qo‘llash;
shovqinli uskunalarni (parraklar, kompressor) to‘silgan xonalarda yoki ishlab chiqarish xonalaridan tashqarida joylashtirish;
tebranishni kamaytirish uchun, uning manbalarini (elektr dvigatellar, parraklar va boshqalar) mustaqil poldan va binoning boshqa konstruksiyalaridan izolyatsiyalangan poydevorlarda yoki maxsus hisoblab chiqilgan amortizatorlarga o‘rnatilishi kerak. 
88. Ishlab chiqarish xonalarida shovqinni texnik vositalar bilan bartaraf etishning iloji bo‘lmasa, eshitish a’zolarini yakka tartibda himoya qiluvchi vositalardan va shovqinga qarshi kaskalardan foydalanish kerak. 
15-§. Maishiy imoratlarga qo‘yiladigan talablar
89. Tashkilotda maishiy xonalar, ovqatlanish xonalari, tibbiy punktlar jihozlangan bo‘lishi kerak.
90. Kiyim almashtirish xonalari, dushxonalarning o‘lchamlari, dush setkalari, oyoq vannalari, bet-qo‘l yuvgichlari, iste’mol suv ta’minoti qurilmalari, hojatxonalar va shu kabi qurilmalarning soni, smenadagi eng ko‘p xodimlar soni hisobga olingan holda belgilanishi lozim.
91. Dushxonalar va hojatxonalardagi tarnovlar, kanallar, traplar, pissuarlar va unitazlar muntazam ravishda tozalanishi, yuvilishi va dezinfeksiya qilinishi lozim.
16-§. Atrof tabiiy muhitni muhofaza qilishga bo‘lgan talablar 
92. Tashkilotlarda atrof muhitning (havo, tuproq, suv havzalari) ifloslanishiga va zararli omillarning tegishli normalardan ortiq darajada tarqalishiga olib kelmasligi lozim.
93. Tashkilotlarda ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda atrof muhitni chiqindilar (oqova suvlar, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanish ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
94. Tashkilotlarda chiqindilarni yig‘ish uchun atrofi o‘ralgan maxsus joy ajratilishi va konteynerlar bilan ta’minlanishi, konteynerlar chiqindilardan bo‘shatilgandan so‘ng dezinfeksiya qilinishi va yuvilishi kerak.
17-§. Mehnat va dam olishga qo‘yiladigan talablar
95. Xodimlarning ish vaqti, shu jumladan qisqartirilgan ish vaqti, dam olish va tanaffuslar vaqti tashkilotlar tomonidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilanadi.
III bob. Tashkilotlarda ish jarayonlariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari 
1-§. Umumiy talablar
96. Yangi qurilgan yoki rekonstruksiya qilingan dezinfeksiya stansiyalari, dezinfeksiya bo‘limlari va profilaktik dezinfeksiya stansiyalarini ishga tushirishdan oldin belgilangan tartibda tashkil etilgan komissiya tomonidan ko‘rib chiqiladi.
97. Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan va xodimlar sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan xonalar va laboratoriyalarni foydalanishga qabul qilish taqiqlanadi.
98. Tashkilotlar ishni tashkil qilish uchun, uning faoliyat yo‘nalishiga bog‘liq ravishda kerakli miqdorda xonalar bilan ta’minlangan bo‘lishi kerak.
99. Zaharli moddalar bilan ishlash uchun mo‘ljallangan xonalar boshqa xonalardan ajratib olingan bo‘lishi kerak.
100. Laboratoriyalarning eshiklari undan chiqish tomoniga (laborant xonasiga, preparatlar tayyorlanadigan xonaga, koridorga) ochiladigan bo‘lishi kerak. Qolgan xonalarning eshiklari ham iloji boricha tashqariga (koridorga) ochiladigan bo‘lishi kerak.
101. Tashkilotlarda xodimlar uchun xona, kiyim almashtiradigan xona va xodimlar ovqatlanadigan xona bo‘lishi kerak.
2-§. Yong‘in va portlash xavfsizligi talablari
102. Ishlab chiqarish jarayonlari yong‘in va portlash xavfsizligi, ularni rejalashtirishda, tashkillashtirishda va olib borishda GOST 12.1.004-91 “Yong‘in xavfsizligi. Umumiy talablari” va GOST 12.1.010-90 “Portlash xavfi. Umumiy talablari”ga va ushbu Qoidalarga muvofiq ta’minlanishi lozim.
103. Sinalmagan yong‘in va portlash xavfi mavjud hamda toksik xususiyatlarga ega bo‘lgan moddalar va materiallarni qo‘llash taqiqlanadi. 
104. Ishlab chiqarish binolari va xonalarining portlash jihatidan xavflilik darajalari loyiha tashkiloti tomonidan TLTM 24-86 “Texnologik loyihalashtirish tarmoq me’yorlari”ga muvofiq har bir holat uchun alohida aniqlanishi kerak. 
105. Ishlab chiqarish jarayonlarini amalga oshirishda yong‘inlar, portlashlar, avariyalar, zaharlanishlar sodir bo‘lishi hamda atrof muhit uning chiqindilari (oqova suvlari, shamollatish tizimi chiqindilari va boshqalar) bilan ifloslanishi ehtimolini istisno etadigan sharoitlar ta’minlanishi lozim.
106. Ishlab chiqarish binolari va xonalari dastlabki yong‘inni o‘chirish vositalari bilan ta’minlangan bo‘lishi shart. 
107. Shamollatish tizimi yong‘indan darak beruvchi signalizatsiya bilan birlashtirilgan bo‘lishi lozim.
108. Bino va yong‘in suv manbai yo‘laklari hamda yong‘inni o‘chirish vositalariga boradigan yo‘laklar doimo bo‘sh bo‘lishi kerak.
109. Portlashni oldini olish uchun avtoklav, kompressor, nasoslarning podshipniklari hamda mashina va agregatlarning ishqalanuvchi qismlarini qizib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik lozim.
110. Yong‘indan xavfli laboratoriyalar, uchastkalarda va portlash yoki alangalanish xavfi bor qurilmalarda ochiq alangadan foydalanishni taqiqlovchi va alangalanuvchi va portlovchi moddalar bilan ishlashda ehtiyotkorlikka rioya qilish zarurligi to‘g‘risida belgilar ilib qo‘yilishi zarur.
111. Aralashganida portlovchi modda hosil qilishi mumkin bo‘lgan gazlarni umumiy kollektorga chiqarish taqiqlanadi.
112. Tashkilotlarning barcha bo‘limlarida alkogol va tamaki mahsulotlarining iste’mol qilinishi taqiqlanadi.
113. Ishlab chiqarish binolari va xonalari uchun hududiy yong‘in xavfsizligi xizmati bilan kelishilgan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha yo‘riqnoma ishlab chiqilishi va ko‘rinadigan joyga osib qo‘yilishi lozim.
114. Xodimlar bilan yong‘in xavfsizligi bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazilishi va yong‘inni oldini olish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqlar berilishi kerak.
3-§. Elektr qurilmalariga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari 
115. Tashkilotlarda elektr qurilmalarini o‘rnatish va ulardan foydalanishda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan texnik foydalanish qoidalari (ro‘yxat raqami 1383, 2004-yil 9-iyul) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 27-son, 317-modda) hamda Iste’molchilarning elektr qurilmalaridan foydalanishda texnika xavfsizligi qoidalari (ro‘yxat raqami 1400, 2004-yil 20-avgust) (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 33-son, 379-modda) va mazkur Qoidalar talablariga rioya qilinishi kerak.
116. Elektr energiyasidan foydalanishda tashkilot rahbarining buyrug‘i bilan muhandis-texnik xodimlardan elektr xo‘jaligi uchun javobgar xodim tayinlangan bo‘lishi va bu xodim elektr xavfsizligi bo‘yicha tegishli malaka guruhiga ega bo‘lishi shart.
117. Kuchlanish 1000 V va undan yuqori bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishda elektr xo‘jaligi uchun javobgar xodim elektr xavfsizligi bo‘yicha V malaka guruhiga va kuchlanishi 1000 V gacha bo‘lgan elektr uskunalarga xizmat ko‘rsatishda IV malaka guruhiga ega bo‘lish talab etiladi. Mas’ul xodim davriy ravishda va o‘rnatilgan tartibda elektr xavfsizligi bo‘yicha tashkilotda tuzilgan komissiyada bilim sinovidan o‘tishi shart.
118. Elektr tok o‘tkazuvchi qismlar, taqsimlovchi qurilmalar, apparatlar va o‘lchash asboblari, shuningdek turli saqlovchi qurilmalar, rubilniklar va boshqa ishga tushiruvchi apparatlar va moslamalar faqat yonmaydigan asoslarda montaj qilinishi lozim.
119. Yuqori namlik va issiqlik ajralib chiquvchi xonalarda elektr yoritqichlar namlikdan, elektr dvigatellari esa suyuqlik sachrashidan himoyalangan bo‘lishi shart.
120. Taqsimlovchi qurilmalar izolyatsiyasining qarshiligi va chidamliligi tekshirib turilishi lozim.
121. Ishlab chiqarish binolari va maishiy xonalarda qo‘llanuvchi lyuminessent yoritqichlar yopiq holda, namlik va chang o‘tkazmaydigan maxsus armaturada bajarilishi lozim.
122. Ko‘chirib yuriluvchi yoritqichlar shishali himoya qalpoqlari va metall to‘r bilan jihozlangan bo‘lishi lozim. Ushbu yoritqichlar va boshqa ko‘chirib yuriluvchi apparatlar uchun mis tolali egiluvchan kabel va elektr o‘tkazgichlar qo‘llanilishi lozim.
123. Kabellar va elektr o‘tkazgichlarning izolyatsiyasi, tashqi birikmalar, elektr tokdan himoyalovchi yerga ulangan simlar, elektr dvigatellarning ishlash rejimi ko‘rikdan o‘tkazilishi va asboblar bilan o‘lchash orqali tekshirilib turilishi lozim.
124. Tok uzatilmagani sababli uskuna to‘xtatilgan hollarda elektr dvigatellar o‘chirilishi kerak. 
125. Elektr apparatlari va agregatlarining nolga va yerga ulash simlarining butunligi kamida 6 oyda bir marta tekshirilishi lozim. Tekshirish natijalari dalolatnoma bilan rasmiylashtiriladi.
126. Kam quvvatli elektr lampalari va asboblarini kattaroq quvvatlilariga almashtirish tarmoq uchun yo‘l qo‘yiluvchi yuklanishni hisobga olgan holda elektr xo‘jaligi uchun javobgar xodimning ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
127. Bitta elektr shtepseliga bir nechta iste’molchilarni ulash taqiqlanadi.
128. Changlarning statik elektr razryadlaridan alangalanib ketmasligi uchun mashinalarning g‘iloflari, uning asosiy vallari va havo quvurlari yerga ulangan bo‘lishi lozim.
129. Havo quvurlarining filtrlari mayda katakli metall to‘rlar bilan o‘ralgan va to‘r yerga ulangan bo‘lishi lozim.
130. Tashkilotning barcha turdagi bino va inshootlari yashin qaytargichlar o‘rnatilgan holda to‘g‘ridan-to‘g‘ri yashin urishidan himoyalangan bo‘lishi lozim. Yashin qaytargichlar har yili bahorda tekshirilib turilishi va nosozliklari bartaraf etilishi lozim.
4-§. Yakka tartibdagi himoya vositalari, maxsus kiyim, asbob-uskunalar, foydalanilgan idishlar va transport vositalarini zararsizlantirish jarayonida xavfsizlik talablari 
131. Ish jarayonida dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya vositalari bilan ifloslangan maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoya vositalarini, idish va qoplarni, asbob-uskunalarni, transport vositalarini zararsizlantirish, yakka tartibdagi himoya vositalarini kiygan holda havo surib oluvchi maxsus moslashgan xonada yoki xonadan tashqarida tashkilot tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
132. Ish jarayoni tugagandan so‘ng maxsus kiyim, maxsus poyabzal va boshqa yakka tartibda himoya vositalarini yuvish va zararsizlantirishda quyidagilarga amal qilinishi lozim:
sovun-sodali eritma (50 g kalsiyli soda va 270 g sovun 10 l suvga) ishlatilishi, 1 kg quruq maxsus kiyimlariga 4,5 l eritma sarflanishi; 
karbofos va boshqa fosfororganik moddalar bilan ishlagandan so‘ng maxsus kiyimlar sovun-sodali qaynoq eritmada 2-3 soat bo‘ktirib, so‘ngra yangi eritmada yuvilishi;
xlororganik moddalar bilan ifloslangan maxsus kiyimlarni sovun-sodali eritmada 2-3 soat bo‘ktirilishi, 30 minutdan 2-marta eritmani yangisiga almashtirib qaynatilishi va suvda yaxshilab chayilishi; 
maxsus kiyimlarni kir yuvish kukuni bilan yuvish taqiqlanadi.
133. Yuqumli kasalliklar o‘chog‘ida ishlagan xodimlarning maxsus kiyimi kamerali zararsizlantirilgach yuvilishi lozim.
134. Dezinfeksiyalovchi eritmalar bilan ishlagandan so‘ng respirator, himoya ko‘zoynaklari va qo‘lqoplarni avval 5 foizli kalsiyli soda eritmasi bilan, so‘ngra toza suv bilan yaxshilab yuvilishi lozim. 
135. Dezinfeksiyalovchi eritma, suspenziya, emulsiya uchun ishlatilgan chelak va boshqa idishlar ishdan keyin sovun-sodali issiq suvda yuvilishi lozim, ularda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash taqiqlanadi.
136. Dezinfeksiyalovchi eritmalarni tayyorlash uchun ishlatilgan chelak va boshqa idishlar, dezinfeksiya moddalari saqlangan idishlar (qop, bochka va boshqalar) bo‘shagach tozalanib, so‘ngra yuvilishi lozim.
137. Ishga yaroqsiz holatga kelgan metall idishlarni o‘rnatilgan tartibda zararsizlantirilib, so‘ngra ro‘yxatdan chiqarilishi lozim.
138. Qog‘oz va yog‘och idishlarni aholi yashash joylari va tashkilotlar hududidan kamida 200 m uzoqlikda yoqilishi va kuli 0,5 m chuqurga ko‘milishi lozim.
139. Transport vositalarining yog‘och kuzovi, aravalar dezinfeksiya moddalari va zaharli kimyoviy moddalarni tashigandan so‘ng xlorli ohak eritmasi bilan tozalanishi, so‘ngra suv bilan yuvilishi kerak.
140. Yuqumli kasalliklar bilan kasallangan bemorlarni tashiydigan maxsus transport vositasi yuqumli kasalliklar shifoxonalaridagi maxsus joylarda tozalanishi lozim.
5-§. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya vosita va moddalarini saqlashda xavfsizlik talablari 
141. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya vosita va moddalarini maxsus moslamali, shamollatish tizimi mavjud bo‘lgan omborxonalarda, butun idish yoki qoplarda saqlash zarur.
142. Omborxona quruq, yorug‘ bo‘lishi, devorlari silliq, suvalgan, poli sementlangan yoki asfaltlangan (yog‘och pol mumkin emas) bo‘lishi lozim.
143. Mayda idish yoki qopdagi dezinfeksiya vosita va moddalarini saqlash uchun metalldan qilingan tokcha, shisha idishlar uchun yog‘och tokcha o‘rnatish kerak.
144. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya vosita va moddalarini saqlash va tarqatishga mas’ul xodim ularning xavfliligini hamda ularni saqlashda xavfsizlik qoidalariga rioya qilishni, idish va qoplarni, to‘kilgan yoki oqqan dezinfeksiya vosita va moddalarini zararsizlantirishni bilishi shart.
145. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya vosita va moddalarining aniq nomi, ishlab chiqilgan vaqti va foydalanish muddati ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak, ular ko‘rsatilmagan taqdirda ularni tarqatish taqiqlanadi.
146. Dezinfeksiya, dezinseksiya va deratizatsiya moddalarini tarqatadigan xodim yakka tartibda himoya vositalaridan foydalanishi lozim.
147. Omborxonada ovqatlanish, oziq-ovqatlarni, suv va yemlarni saqlash qat’iy taqiqlanadi. Begona kishilarning omborxonada bo‘lishi taqiqlanadi.
6-§. Ishlab chiqarish xonalaridagi jihozlarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari 
148. Epidemiyaga qarshi kurashadigan va profilaktik ishlov o‘tkaziladigan alohida binoda joylashgan sanitariya xonalari belgilangan tartibda jihozlangan bo‘lishi kerak.
149. Tashkilotlarning kamerali dezinfeksiyalash bo‘limida quyidagilar bo‘lishi shart:
ifloslangan buyumlarni qabul qilish xonasi, tunuka bilan qoplangan ish stoli, sovuq va issiq suvli qo‘l yuvish moslamasi;
toza va ifloslangan buyumlar uchun alohida omborxona, tokchalari bilan, shuningdek ularni joylashtirish uchun narvoncha; 
2 ta bo‘linmadan iborat statsionar dezinfeksiya kamera (bundan buyon matnda kamera deb yuritiladi) joylashtirilgan xona, ya’ni ifloslangan buyumlarni zararsizlantirish uchun kameraga yuklanadigan va zararsizlantirilgandan so‘ng ularni kameradan bo‘shatib saqlanadigan xona.
150. Kameradan buyumlar bo‘shatiladigan tomondagi bo‘linmada stol va buyumlarni dazmollash taxtasi o‘rnatiladi. Sanitar tozalovidan o‘tishga kelgan kishilarning kiyim va buyumlarini zararsizlantiradigan kamera joylashtirilgan xona sanitar tozalov xonasiga imkon qadar yaqin bo‘lishi kerak.
151. Yuklash va bo‘shatish xonalarining devorida darcha bo‘lib, biri yuklash xonasiga sanitar tozalov xonasidan buyumlarni qabul qilish uchun, ikkinchisi bo‘shatish bo‘linmasidan sanitar tozalov xonasiga tozalangan kiyimlarni berish uchun zarur. Kamerani boshqarish ishchi maydoni, yuklash bo‘linmasi maydoniga nisbatan katta bo‘lgan bo‘shatish bo‘linmasida joylashtirilishi kerak.
152. Kamerali yuklash va bo‘shatish xonalari o‘rtasida xodimlarni sanitariya ishlovidan o‘tkazish xonasi va toza buyumlarni berish omborxonasi bilan bog‘lanuvchi bino, shuningdek dezinfeksiya vosita va moddalarini saqlash uchun omborxona bo‘lishi kerak. Kamerali yuklash va bo‘shatish xonalarining havo almashtirgichlari QMQ-2 “Sanitariya-epidemiologiya stansiyasi” me’yorlariga mos bo‘lishi lozim.
153. Dispetcherlar xonasi tovush o‘tkazmaydigan qilib jihozlanishi, buyurtmalarni qabul qilib olishda zarur bo‘lgan telefon apparatlari bilan yetarlicha ta’minlangan bo‘lishi kerak.
154. Deratizatsiya xo‘raklari tayyorlaydigan laboratoriya alohida binoda joylashgan bo‘lib, kirish-chiqish yo‘llari xizmatchilar ishlaydigan yoki dezinfeksiya vosita va moddalarining hidi keladigan binolar bilan bog‘langan bo‘lmasligi kerak. Laboratoriyada ( so‘ruvchi) tortma shkaf, ish stollari, xo‘rak saqlash uchun muzlatgich, elak va xo‘rak tayyorlash uchun elektr yoki gaz plitalari bo‘lishi kerak. Zaharli moddalar bilan bog‘liq bo‘lgan ishlarda ularni o‘lchab, tortish faqat so‘rish shkafi bo‘lgan laboratoriyalarda bajarilishi kerak. Zaharli xo‘raklarni laboratoriyadan tashqarida tayyorlash va saqlash taqiqlanadi.
155. Bemorlarni tashuvchi maxsus transport vositasi uchun maxsus xonada issiq va sovuq suv, oqova suv uchun kanalizatsiya, dezinfeksiya vosita va moddalarning eritmasini saqlash uchun idishlar bo‘lishi kerak. Maxsus xona poli suv o‘tkazmaydigan qoplam bilan qoplangan bo‘lishi kerak.
156. Tashkilotlarning barcha ishlab chiqarish xonalarida almashinuvini ta’minlovchi jihozlar bilan QMQ–2. “Sanitariya-epidemiologiya stansiyasi” talablari asosida ta’minlangan bo‘lishi kerak.
7-§. Kasallik o‘choqlarida dezinfeksiyani o‘tkazishda xavfsizlik talablari 
157. Yuqumli kasallik o‘chog‘ida bo‘lgan xodimlar o‘z ish joylariga kelgach barcha kiyim va buyumlari zararsizlantirilishi, tozalangan kiyimlarni kiyishlari va ish tugagach dush qabul qilishlari lozim.
158. Yuqumli kasalliklar va ifloslangan materiallar bilan ishlovchi xodimlar toza binoga o‘tishdan avval maxsus kiyimlarini yechishlari lozim.
159. Yuqumli kasallik o‘chog‘ida ishlayotgan xodim shu yerdagi kiyim ilgichlardan va boshqa buyumlardan foydalanmasligi kerak. Yechilgan kiyimini maxsus qopchaga yoki avvaldan tozalanib zararsizlantirilgan joyga qo‘yish kerak. O‘choqda maxsus kiyimsiz ishlash taqiqlanadi.
160. Yuqumli kasallik o‘chog‘ida dezinfeksiya tadbirlari o‘tkazilgandan so‘ng tibbiy xalat va qalpoq (ro‘mol)lar almashtirilishi va ular albatta kamerali dezinfeksiyadan o‘tkazilishi kerak.
161. Paratif kasalligi o‘chog‘ida bo‘lgan xodim tezlik bilan sanitariya tozalovidan o‘tishi kerak.
162. Dezinfeksiyalovchi asbob-uskunalar dezinfeksiya vosita va moddalari qoldig‘idan yaxshilab yuvib tozalanishi va quritilishi hamda maxsus xonadagi javonlarda saqlanishi lozim.
163. Yuqumli kasallik bilan kasallangan bemorlarni kasallik o‘choqlaridan faqatgina maxsus transport vositasi yoki tez tibbiy yordam transportida shifoxonalarga yetkazilishi lozim.
8-§ Dezinfeksiya vosita va moddalari bilan ishlashda xavfsizlik talablari 
164. Dezinfeksiya vosita va moddalari bilan bog‘liq barcha ishlarni (o‘lchash, ishchi eritmalar, deratizatsiya xo‘raklari tayyorlash, o‘choqlarga ishlov berish, ishchi eritmalar bilan dezinfeksiya qilish va boshqalar) bajaradigan xodimlar yakka tartibda himoya vositalari va maxsus kiyimda bajarishlari kerak.
165. Kiyim va buyumlarni insektitsid, repelentlarda bo‘ktirish hamda ularni quritish ishlari shamollatish tizimi bor maxsus xonada yoki ochiq havoda o‘tkazilishi lozim.
166. Dezinfeksiya vosita va moddalarini tortish va idishlarga solish va boshqa ishlar havoni tortuvchi shkafi bo‘lgan maxsus xonada bajarilishi lozim.
167. Dezinfeksiya vosita va moddalari bilan ishlaganda xodimlar vaqti-vaqti bilan ochiq havoga chiqib (maxsus kiyimlarsiz) tanaffus qilishlari lozim.
168. Ish tugagandan so‘ng xodimlar maxsus kiyimlarni belgilangan tartibda yechishlari va maxsus idishga solishlari, og‘izni suv bilan yaxshilab chayib, gigiyenik dush qabul qilishlari kerak.
169. Oziq-ovqat mahsulotlarini dezinfeksiya vosita va moddalari bilan birgalikda tashish, ularni ishlab chiqarish (tayyorlash) xonalarida saqlash taqiqlanadi.
9-§. Dezinseksiya vosita va moddalari bilan ishlashda xavfsizlik talablari 
170. Dezinseksiya vosita va moddalari va asbob-uskunalari bilan ishlaganda quyidagi qoidalarga rioya qilish lozim:
teri va shilliq qatlamga dezinseksiya vosita va moddasi eritmalarining tushishiga yo‘l qo‘ymaslik;
emulsiya tayyorlash, kukun dorilarni o‘rash ishlari binodan tashqarida yoki maxsus ajratilgan xonada, oynalarni ochib, shuningdek havoni tortuvchi shkaflarda, qo‘lqop, respirator va oynagini taqib bajarilishi kerak.
171. Ish tugagandan so‘ng xodimlar maxsus kiyimlarni belgilangan tartibda yechishlari va maxsus idishga solishlari, og‘izni suv bilan yaxshilab chayib, gigiyenik dush qabul qilishlari kerak.
172. Insektitsidli eritmalar tayyorlashda benzin va spirtdan foydalanish va ularni purkash taqiqlanadi.
10-§. Deratizatsiya vosita va moddalari bilan ishlashda xavfsizlik talablari 
173. Tayyorlangan xo‘raklarni dezinfektorlarga o‘lchab, kleyonka, polietilen yoki boshqa qopchalarga joylashtirilgan holda berilishi lozim. Kasallik o‘choqlariga xo‘raklar qulflanadigan maxsus idishlarda (idish qopqog‘ining ichki tomonida hayot uchun xavfli moddalar borligi haqida va tashkilotning manzili ko‘rsatilgan bo‘lishi kerak) olib borilishi va ular qoshiqlar bilan solinishi lozim. Dezinfektorlar kukunli deratizatsiya vosita va moddalari bilan ishlaganda (kemiruvchilarning uyalariga va infeksiya bilan ifloslangan suvga dori purkaganda) changga qarshi yoki paxta-dokali respirator kiyishi kerak.
174. Kasallik o‘choqlarida ish tugagandan so‘ng dezinfektor asbob-uskunalarni, laboratoriya idishlarini va maxsus kiyimlarni yig‘ishtirib maxsus idishlarga solishi va qo‘llarini sovunlab yuvishi, kukunli moddalar bilan ishlaganda yuz-qo‘lini sovunlab yuvishi, og‘izni suv bilan chayishi kerak.
175. Kasallik o‘choqlarida o‘lgan kemiruvchilarni qisqichlar yordamida rezina qo‘lqop kiyib yig‘ish va maxsus qopchalarga solish kerak. Ularni o‘latga qarshi kurash yoki o‘ta xavfli yuqumli kasalliklar laboratoriyasiga topshirish uchun qopqoqli temir baklarga joylashtiriladi. Bunday muassasalar yo‘q joylarda esa kemiruvchilarni yoqib yuboriladi yoki o‘liklarini 0,5 m chuqurlikda o‘ra qazib, 10 — 20 foizli xlorli ohak eritmasi sepib ko‘mib yuborilishi lozim.
176. Deratizatsiya uchun xo‘raklarni shamollatish tizimi bor maxsus xonalarda tayyorlash lozim.
11-§. Kamerali dezinfeksiya va sanitariya tozalov xonalarida ishlashda xavfsizlik talablari 
177. Kameraning yuklash xonasida va sanitariya tozalov xonasining ifloslangan qismida ishlovchi xodimlar kombinezon va xalatda, respirator yoki dokadan qilingan (to‘rt qavatli) niqobda bo‘lishlari lozim.
178. O‘ta xavfli yuqumli kasalliklarda xodimlar o‘latga qarshi maxsus kiyimdan foydalanishlari kerak.
179. Kamerani bo‘shatish xonasida va sanitariya tozalov xonasining toza qismida xodimlar toza xalatda ishlashlari kerak.
180. Kamera ishlayotganda xodimlar bosim beruvchi uskunalarda o‘rnatilgan monomert ko‘rsatkichini muntazam ravishda nazorat qilishlari lozim.
181. Kameradagi bosim atmosfera bosimi bilan tenglashmaguncha va shamollatish muddati tugamaguncha ishlayotgan kamera eshiklari ochilmasligi lozim.
182. Kameralarda maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan xodimlar ishlashi lozim.
183. Ifloslangan xona bilan toza xona oralig‘ida har qanday muloqot bo‘lmasligi lozim.
184. Kamerani har chorakda bir marta bakteriologiya laboratoriyasi tomonidan tekshirib turilishi lozim.
185. Kamerani ifloslangan xonasida va toza xonasida kiyimlarni, buyum va ko‘rpalarni vaqtincha saqlash uchun moslama (stellaj) bo‘lishi lozim.
186. Kamera bir yilda bir marta metorologik tahlildan (tekshiruvdan) va texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim.
12-§. Sterilizatsiya qilish jarayonlariga bo‘lgan xavfsizlik talablari 
187. Tashkilotlarda sterilizatsiya qilish jihozidan foydalanish quyidagi holatlarda taqiqlanadi:
himoyalovchi klapanlarda nuqson bo‘lganda;
ekspluatatsiya bo‘yicha yo‘riqnomaga rioya qilingan bo‘lsa ham sterilizatorda bosim ruxsat berilgan miqdordan ko‘tarilganda;
bosim ostida ishlaydigan sterilizatorlar elementlarida yoriq, do‘ppayib turgan joylar, boltlar mahkamlangan joyida oqish boshlanganda, prokladkalarda yoriq paydo bo‘lganda;
suyuqlik miqdori ko‘rsatkichida nuqson paydo bo‘lganda;
himoyalovchi blokirovkalangan qurilmalarda nuqson aniqlanganda;
nazorat-o‘lchash asboblari va avtomatika vositalari yo‘q bo‘lganda yoki ularda nuqson aniqlanganda;
qismlar birikkan joyda kondensat oqimi paydo bo‘lganida (texnologik bug‘ chiqarilayotganda);
sterilizatsiya va suv bug‘ kameralari, nazorat-o‘lchash asboblari birikmalari, truboprovod va armatura eshiklari va qopqoqlarning zichligi (germetikligi) (2,2 kgs/sm2 bosimda) buzilganda;
mahkamlovchi detallar, qopqoqlarning nosozligi va but emasligida, sterilizator tashqi yuzasining temperaturasi ko‘tarilganda.
188. Sterilizatsiya xonasida tabiiy yorug‘lik bo‘lishi, shuningdek, derazalarida framugalar yoki fortochkalar bo‘lishi kerak.
189. Sterilizatsiya xonasi shamollatish tizimi bilan ta’minlangan bo‘lishi lozim. Xonaning eshigi oynali bo‘lmasligi kerak.
190. Xonada faqat sterilizatorlar joylashgan bo‘lishi lozim.
191. Sterilizatorlar devordan 0,8 m uzoqlikda joylashtirilishi kerak. Shkaf ko‘rinishidagi sterilizator uchun esa uning qopqog‘i ochiladigan tomonga 1,5 m masofa belgilanadi.
192. Elektr sterilizatsiyalash xonasidagi pol tok o‘tkazmaydigan materialdan bo‘lishi kerak.
193. Poli plitali xonalarda rezina dielektrik gilamchalar bilan qoplangan sharoitda elektrik sterilizatordan foydalanishga ruxsat beriladi.
194. Sterilizatsiya xonalarida yong‘inga qarshi ishlatiladigan vositalar va zarur bo‘lganda birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish uchun kerak bo‘ladigan tibbiyot qutichasi mavjud bo‘lishi kerak.
195. Rubilniklar va avtomatik o‘chirgichlar poldan 1,6 m balandlikda va sterilizatordan 1 m dan uzoq bo‘lmagan joyda o‘rnatilishi lozim.
IV bob. Dezinfeksiyalovchi asbob-uskunalarga qo‘yiladigan xavfsizlik talablari 
196. Ish jarayonlarida xodimlar nosoz asbob-uskunalardan (avtomaks, gidropult, pulverizator va boshqalar) foydalanishi taqiqlanadi.
197. Asbob-uskunalardan foydalanganda xodimlar maxsus kiyim, maxsus poyabzal va yakka tartibdagi himoya vositalarida ishlashlari lozim.
198. Bug‘li, bug‘ formalinli, issiq havoli va gazli kameralarni ishlatishda texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilinishi lozim.
199. Kameraning ba’zi qismlarida va nazorat o‘lchov asboblarida (bug‘ o‘tkazish, gaz uzatish, himoyalash klapanlari, manometrlar va boshqalar) nosozlik bo‘lgan taqdirda ishlash taqiqlanadi.
200. Kamera qozonlarida bosimning belgilangan me’yorlardan oshib ketishiga, bug‘ va issiq suv quvurlarida nosozliklar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘yilmasligi lozim.
201. Bosim ostida ishlayotgan asbob-uskunalarda bug‘ o‘tkazish, ventil va boshqa qismlarini tuzatish ishlari olib borilmasligi lozim.
202. Manometr va klapanlarini dam berish yo‘li bilan bir ish kuni davomida vaqti-vaqti bilan kamida 2-marta tekshirib turilishi lozim.
203. Kameraga bug‘ yuborishdan avval bug‘ o‘tkazgichlarda yig‘ilib qolgan bug‘ kondensati qoldiqlarini chiqarib yuborish kerak. Ventillar, kranlar va boshqa boshqaruv qismlarini yechish va joyiga qotirib qo‘yilishi lozim.
204. Kamera ishlayotgan vaqtda xodim kameraning ishchi qismiga tegishi man etiladi.
205. Asbob-uskunalarning metall qismlari zanglab ketmasligi uchun namligi me’yorda bo‘lgan omborxonalarda saqlanishi lozim.
V bob. Ta’mirlash (tuzatish) ishlarini amalga oshirishda xavfsizlik talablari 
206. Tashkilotning ta’mirlash xizmati uskunalarning, ularning pasportlari, texnik yo‘riqnomalari va ishlab chiqaruvchi tashkilotning boshqa hujjatlarining mehnat xavfsizligi standartlari tizimi talablariga mosligini ta’minlashi lozim.
207. Asbob-uskunalarni zarur texnik holatda tutib turish uchun tashkilotda unga xizmat ko‘rsatishni yaxshilash, rejaviy-oldini oluvchi ta’mirlashning qat’iy bajarilishi va ta’mirlash ishlarining sifatini yaxshilash bo‘yicha choralar ko‘rilishi lozim.
208. Asosiy asbob-uskunalarni kapital va joriy ta’mirlash, o‘rnatilgan tartibda ishlab chiqilgan va tasdiqlangan ishlarni tashkil etish loyihasiga muvofiq amalga oshirilishi lozim. Ishlarni tashkil etish loyihalarida ta’mirlashni o‘tkazishga javobgar xodimlar, shuningdek ta’mirlash ishlarining tartibi va xodimlarning xavfsizligini ta’minlovchi choralar ko‘rilishi lozim.
209. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazish muddati tashkilot bosh muhandisi tomonidan tasdiqlagan yillik rejali-ta’mirlash jadvaliga asosan belgilanadi.
210. Ta’mirlash ishlarini o‘tkazishda bajarilishi zarur bo‘lgan ishlarning bajarilishi texnologik ketma-ketlikda ko‘rsatilishi kerak.
Bunda quyidagilarni ko‘rsatish zarur:
ishlarni bajarish usullari va uslublarini;
ta’mirlash uchun zarur bo‘lgan asbob-uskuna va anjomlarning turlarini;
ta’mirlangan asbob-uskuna va anjomlar va ularning qismlarini texnik talablarga javob berishini.
211. Bajarilishi xavfsizlik choralari bilan bog‘liq va maxsus texnologik ta’mirlash jarayonlarini amalga oshirilishi ko‘rsatmalari berilgan ishlar ta’mirlash hujjatlarida ko‘rsatilishi kerak.
212. Tashkilotlarda pudratchi tashkilotlar tomonidan bajariladigan ta’mirlash, qurilish va montaj ishlari naryad-ruxsatnoma bilan rasmiylashtirilishi lozim.
213. Barcha hollarda ta’mirlash ishlarining bajarilish tartibi va usullari bosh muhandis yoki uning o‘rinbosari bilan kelishilishi kerak.
214. Ta’mirlash ishlari bajariladigan hudud to‘silgan holatda bo‘lishi va u yerda xavfsizlik belgilari o‘rnatilgan bo‘lishi lozim.
215. Ta’mirlash ishlari boshlanishidan avval, ta’mirlashda band bo‘lgan barcha xodimlar ishlarni tashkil etish loyihasi bilan tanishtirilishi va ta’mirlash ishlarini bajarish paytida xavfsizlik choralariga rioya qilish bo‘yicha yo‘l-yo‘riqdan o‘tkazilishi lozim.
216. Yechib olingan agregatlar, detallar va metall konstruksiyalar yig‘ishtirib qo‘yilishi lozim.
217. Ta’mirlash paytida ish joylarini, yo‘llarni, yo‘laklarni va zinapoyalarni turli narsalar bilan to‘sib qo‘yish taqiqlanadi.
218. Suyuq yonilg‘ini saqlash uchun sig‘imlarda va boshqa sig‘imlarda ishlaganda, sig‘imni ulardan bo‘shatish zarur.
219. Kompressorni qismlarga ajratish va ichini ochish bilan bog‘liq ta’mirlash ishlarini o‘tkazish uchun uni boshqa barcha texnologik quvur o‘tkazgichlardan uzib qo‘yish lozim.
220. Ta’mirlash ishlari balandlikda bajarilganda, havoza va taxta to‘shamalar o‘rnatilishi lozim.
221. Havoza va taglik o‘rnatishning imkoni bo‘lmasa, xodimlar balandlikda ishlash uchun ehtiyot kamarlari va arqonlardan foydalanishlari shart. Ehtiyot kamarlari va arqonlarning mahkamlanish joyi konstruksiyalarda avvaldan belgilab qo‘yilgan bo‘lishi lozim.
222. Balandlikda ta’mirlash ishlarini bajarganda, asbob-uskuna va materiallarni maydoncha qirg‘og‘iga qo‘yish yoki yerga tashlash taqiqlanadi.
Asbob-uskunalarni maxsus sumka yoki qutida saqlash zarur.
223. Xodimlarning qizigan uskunaning ichiga kirgan holda ta’mirlash ishlarini olib borishiga uskunani shamollatib, ichidagi gazlar butunlay chiqarib yuborilgandan va havoning harorati ko‘pi bilan 40S gacha pasaytirilgandan so‘ng ruxsat etiladi.
224. Barcha ta’mirlash ishlari, tashkilot rahbari tomonidan tayinlangan mas’ul xodim rahbarligi va nazorati ostida bajarilishi lozim.
225. Yoritish chiroqlarini ta’mirlash ishlarida faqat 12 V kuchlanishdagi ko‘chma lampalar, portlashdan himoyalab yasalgan akkumulyatorli chiroqlardan foydalanish kerak.
Yoritish maqsadida mash’ala, gugurt, kerosinli fonarlar, shamchiroqlardan foydalanish taqiqlanadi.
226. Asbob-uskunalarni maxsus o‘qitilgan va yo‘l-yo‘riq olgan, bilimlari sinalgan, stajirovkadan o‘tgan, tegishli razryad hamda toifaga ega xodim tomonidan ta’mirlash va sozlash ishlari amalga oshirilishi shart.
227. Kapital ta’mirlashdan so‘ng asbob-uskunani ishga tushirish, tashkilot bosh mexanigi (bosh energetik), mehnat muhofazasi xizmati xodimi, kasaba uyushmasi vakili va bosh muhandis tasdiqlaydigan tegishli dalolatnoma tuzilib, qabul qilingandan so‘ng ruxsat beriladi.
228. Ta’mirlash ishlari tugagach, barcha keraksiz konstruksiyalar, asbob-uskunalar, materiallar va chiqindilar sexdan olib ketilishi, to‘siqlar, saqlovchi blokirovka moslamalari o‘z joyiga o‘rnatilishi kerak.
VI bob. Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik 
229. Tashkilotlarni loyihalashtirishda, qurishda va qayta qurishda mazkur Qoidalarga amal qilish uchun javobgarlik tegishli ishlarni bajaruvchi tashkilotlar zimmasiga yuklatiladi.
230. Mansabdor shaxslar va xodimlar mehnatni muhofaza qilish qoidalariga rioya qilmaganliklari uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar.
VII bob. Yakuniy qoida
231. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi, Ichki ishlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi, “O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi hamda O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bilan kelishilgan.
Davlat arxitektura va qurilish qo‘mitasi raisi B. ZAKIROV 
2012-yil 17-may
Ichki ishlar vaziri B. MATLYUBOV
2012-yil 17-may
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKRAMOV
2012-yil 17-may
O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi T. NARBAYEVA 
2012-yil 24-may
“Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasi boshlig‘i B. GULYAMOV 
2012-yil 24-may
“O‘zdavenergonazorat” inspeksiyasi boshlig‘i A. NIMATULLAYEV 
2012-yil 24-may
O‘zbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi bosh direktorining o‘rinbosari A. YULDASHEV 
2012-yil 24-may
 
   (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 25-son, 283-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 20.12.2023-y., 10/23/3484/0951-son)

Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.