Ishonch telefoni
Bosh sahifa » Me'yoriy-huquqiy hujjatlar / Idoraviy va ichki huquqiy hujjatlar » MEHNAT DAFTARCHALARINI YURITISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA Yo‘riqnoma

MEHNAT DAFTARCHALARINI YURITISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA Yo‘riqnoma

25-09-2025, 10:12
25
“TASDIQLANGAN”
O‘zbekiston Respublikasi
Mehnat vazirligi
№ 8/04-01
07.01.1998-y.
“TASDIQLANGAN”
O‘zbekiston Respublikasi
Ijtimoiy ta’minot vazirligi
07.01.1998-y. № 32/01
“KELISHILGAN”
O‘zbekiston Kasaba
uyushmalari Federatsiyasi Kengashi
07.01.1998-y. № DJ-08/12

MEHNAT DAFTARCHALARINI YURITISH TARTIBI TO‘G‘RISIDA
Yo‘riqnoma
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 29-yanvarda 402-son bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan]

Mazkur Yo‘riqnoma qog‘oz shaklidagi mehnat daftarchalarini (bundan buyon matnda mehnat daftarchalari deb yuritiladi) yuritish tartibini belgilaydi.

I. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Lozim darajada tasdiqlangan mehnat daftarchasi xodimning mehnat stajini tasdiqlovchi va jismoniy shaxsning mehnat faoliyati to‘g‘risidagi verifikatsiya qilingan ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan asosiy hujjat bo‘lib, ish beruvchi (bundan jismoniy shaxslar bo‘lgan ish beruvchilar mustasno) tashkilotda besh kundan ortiq ishlagan barcha xodimlar uchun mehnat daftarchalarini yuritishi shart.
1.2. Yakka tartibdagi tadbirkorlarda ishlovchi xodimlarga va uy ishchilariga mehnat daftarchalari yuritilmaydi.
1.3. Mehnat daftarchasi va mehnat daftarchasiga qo‘shimcha varaqlarni tashkilotlar tomonidan qayta sotishga yoki boshqacha tartibda begonalashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
1.4. Pensiyalari muddatidan oldin tayinlangan (erkaklar — 58 yoshga to‘lgan va ish staji 25 yil, ayollar — 53 yoshga to‘lgan va ish staji 20 yil bo‘lgan) shaxslarning mehnat daftarchalari umumiy asoslarda yoshga doir pensiya olish huquqiga ega bo‘lgunga qadar, yoki ishga kirguncha mahalliy mehnat organlarida saqlanadi.
1.5. Ishga kirayotgan vaqtda ishga kirayotgan shaxs ish beruvchiga mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani (birinchi marotaba ishga kirayotganlar bundan mustasno) taqdim etishi shart. O‘rindoshlik asosida ishga kirayotganlar mehnat daftarchasi yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirma o‘rniga asosiy ish joyidan ma’lumotnoma taqdim etadilar. 
1.6. Mehnat daftarchasi xodim ish haqi oladigan tashkilotning xodimlar bo‘limida yoki shunga mas’ul etilgan shaxsda saqlanadi. O‘rindoshlik asosida ishlayotganlarniki esa asosiy ish joylarida saqlanadi. 
II. MEHNAT DAFTARCHALARINI TO‘LDIRISH
1. Umumiy ko‘rsatmalar
2.1. Mehnat daftarchalari O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida, Qoraqalpog‘iston Respublikasida esa qoraqalpoq yoki O‘zbekiston Recpublikasi davlat tillarida ish beruvchi tomonidan xodimning ishtirokida to‘ldiriladi.
Mehnat daftarchasiga quyidagi ma’lumotlar kiritiladi:
xodim to‘g‘risida: familiyasi, ismi va otasining ismi, tug‘ilgan sanasi, ma’lumoti, kasbi, mutaxassisligi;
ish to‘g‘risida: ishga qabul qilish, boshqa doimiy ishga o‘tkazish (jamoa shartnomasida ko‘rsatilgan asoslarda ishlab chiqarish zaruriyati bilan vaqtincha boshqa ishga o‘tkazish bundan mustasno), mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida.
Shuningdek, xodimning iltimosiga ko‘ra mehnat daftarchasiga o‘rindoshlik asosida ishlaganlik va vaqtincha boshqa ishga o‘tkazilgan davrlari haqidagi yozuvlar ham kiritiladi. Mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari (sabablari) mehnat daftarchasiga yozilmaydi.
Mehnat daftarchalariga intizomiy jazolar to‘g‘risidagi ma’lumotlar yozilmaydi.
2.2. Mehnat daftarchasiga ishga qabul qilinishi, boshqa doimiy ishga o‘tkazilishi kabi barcha turdagi yozuvlar ish beruvchi tomonidan buyruq berilgandan so‘ng kiritiladi va bu yozuv buyruqning mazmuniga mos bo‘lishi shart.
Mehnat daftarchasidagi sanalar arab raqamlarida, oy va kunlar ikki xonali sonlarda yoziladi. Jumladan: xodim ishga 1997-yil 5-yanvardan qabul qilingan bo‘lsa, unda 1997, 05, 01 deb yoziladi.
Mehnat daftarchasiga kiritiladigan ma’lumotlar ehtiyotkorlik bilan qora, ko‘k yoki binafsha siyoh bilan yoziladi.
2.3. Ishga qabul qilish, boshqa doimiy ishga o‘tkazish va mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi mehnat daftarchasiga kiritiladigan xar bir yozuv bilan ish beruvchi ushbu daftarcha egasini shaxsiy varaqasi (T-2 sonli idoralararo namunaviy shakl — Yo‘riqnomaga 4-ilova)ni imzolash yo‘li bilan 3 kun muddat ichida tanishtirishi lozim.
Bu holda shaxsiy varaqa (T-2)dagi yozuv bilan mehnat daftarchasidagi yozuvlar bir-biriga o‘zaro mos bo‘lishi shart.
Istisno tariqasida bo‘ysunish bo‘yicha bir-biridan uzoq masofada yoki turli hududlarda joylashgan tashkilotlarda ishlayotgan xodimlarning mehnat daftarchalariga kiritilgan yozuv bilan tegishli xabarnomalar jo‘natish va bu to‘g‘rida shaxsiy varaqada belgilab qo‘yish yo‘li bilan tanishtirishga ruxsat etiladi.
2.4. Xodimning ishi, boshqa doimiy ishga o‘tkazilishi va hokazolar to‘g‘risida noto‘g‘ri yoki noaniq yozuvlar aniqlangan taqdirda, ular bunday yozuvni kiritgan ish beruvchi tomonidan to‘g‘rilanadi va tasdiqlanadi. Yangi ish joyidagi ish beruvchi buning uchun xodimga tegishli yordam ko‘rsatishi zarur. 
2.5. Ish beruvchi xodimning talabiga binoan mehnat daftarchasidan ko‘chirma yoki nusxani tasdiqlangan holda beradi. 
Xodimning yozma ravishdagi iltimosnomasiga ko‘ra, qaytarib berish sharti bilan mehnat daftarchasi uning egasiga 5 kundan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi. Bunda mehnat daftarchasiga oxirgi ish joyi va lavozimi haqida kiritilgan ma’lumotlarning tasdig‘i sifatida tashkilot tomonidan ma’lumotnoma berilishi lozim. 
Bu davrda mazkur Yo‘riqnomada belgilangandan o‘zgacha tartibda mehnat daftarchasiga qo‘shimcha yozuvlar kiritish, uni o‘zgartirish, garovga berish yoki yo‘q qilish qat’iyan man etiladi va barcha javobgarlik xodimning zimmasiga yuklatiladi.
2.6. Mehnat daftarchasiga noto‘g‘ri yoki noaniq yozuv kiritgan tashkilot tugatilgan bo‘lsa, bunday xatoni tuzatish mazkur tashkilot bevosita bo‘ysungan yuqori tashkilot tomonidan (bunday tashkilot mavjud bo‘lmagan taqdirda tegishli arxivlardan olingan ma’lumotlar asosida amalga oshiriladi), tashkilot qayta tashkil etilgan hollarda esa uning huquqiy vorisi tomonidan amalga oshiriladi.
2.7. Xodimning ishi yoki boshqa doimiy ishga o‘tkazilishi va shu kabilar haqidagi to‘g‘rilangan ma’lumotlar buyruqning asl nusxasiga aynan mos bo‘lishi kerak. Agar buyruq yo‘qolib qolgan bo‘lsa, yoki u xodim bajargan ishga nomuvofiq bo‘lgan taqdirda, mehnat daftarchasidagi ishi haqidagi ma’lumotlarni to‘g‘rilab yozib qo‘yish, bajargan ishni tasdiqlovchi boshqa hujjatlarga asoslanib amalga oshiriladi. Guvohlar ko‘rsatmasi mehnat daftarchasiga o‘zgartish kiritish uchun asos bo‘lolmaydi. 
2.8. Mehnat daftarchasining “Ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar” bo‘limida ilgarigi yozilgan xato yoki noaniq yozuvlarni chizib o‘chirishga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan: ishi to‘g‘risidagi yozuvlarni o‘zgartirish zarur bo‘lib qolgan hollarda 3-ustunda yozuvning tegishli tartib soni va sanasi ko‘rsatilgandan so‘ng “___ tartib sonli yozuv bekor qilindi. Quyidagi ish (lavozim)ga qabul qilindi” deb yozib qo‘yiladi va 4-ustunda mehnat daftarchasiga kiritilgan to‘g‘ri yozuvga taalluqli bo‘lgan buyruq (farmoyish)ning son raqami va sanasi yoziladi.
Mehnat nizolarini ko‘rib chiqish organlari tomonidan xodim g‘ayriqonuniy ravishda bo‘shatilgan yoki boshqa doimiy ishga o‘tkazilgan deb topilib ilgarigi ishiga qayta tiklanganda, yozuvlar yuqorida keltirilgan tartibda bekor qilinadi. Jumladan: “____ son raqamli yozuv bekor qilindi, oldingi ishiga qayta tiklandi” deb yoziladi. Bunday xollarda ishga tiklash to‘g‘risidagi buyruq 4-ustunda ko‘rsatiladi. 
2. Xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozish
2.9. Xodim to‘g‘risidagi ma’lumotlar mehnat daftarchasining birinchi betiga yoziladi. Familiyasi, ismi, otasining ismi qisqartirishsiz to‘liq yoziladi va tug‘ilgan kuni, oyi, yili pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi yoki tug‘ilganligi haqidagi guvohnomaga asoslanib to‘ldiriladi.
Umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, professional va oliy ma’lumot to‘g‘risidagi yozuvlar faqat tegishli hujjatlarga (shahodatnoma, diplom, sertifikat, guvohnomaga) asosan yoziladi.
Kasbi va mutaxassisligi to‘g‘risidagi ma’lumot mehnat daftarchasiga ma’lumot to‘g‘risidagi hujjat yoki tegishli ravishda rasmiylashtirilgan hujjat asosida yoziladi.
2.10. Mehnat daftarchasi to‘lg‘azilgandan so‘ng xodim kiritilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini o‘z imzosi bilan tasdiqlaydi.
Mazkur ma’lumotlarni yozgan shaxsning imzosi tashkilot muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.
2.11. Mehnat daftarchasidagi ismi-sharifi va tug‘ilgan kuni to‘g‘risidagi yozuvlarga o‘zgartirishlar tegishli hujjatlar (pasporti yoki identifikatsiya ID-kartasi, tug‘ilganlik, nikoh va nikohni bekor qilinishi haqidagi guvohnomaga qarab familiyasini, ismini o‘zgartirish va hokazolar) asosida va ushbu hujjatlarning soni va berilgan sanalariga havola qilingan tarzda oxirgi ish joyidagi ish beruvchi tomonidan kiritiladi.
O‘zgartirilgan yozuvlar mehnat daftarchasining birinchi betiga kiritiladi. Ilgarigi familiyasi, ismi, otasining ismi yoki tug‘ilgan kuni to‘g‘risidagi yozuv ustidan bir chiziq chizilib, yangi ma’lumotlar yozib qo‘yiladi. Yozuvlar muqovaning ichkari betiga yozilib tashkilot rahbarining yoki uning tomonidan maxsus vakolat berilgan shaxs imzosi hamda tashkilot yoki xodimlar bo‘limi muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.
Xodimlarning ma’lumoti, kasbi, ixtisosligi va hokazolar bo‘yicha o‘zgartirishlar xam xuddi yuqoridagi tartibda amalga oshiriladi.
3. Ish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yozish
2.12. Mehnat daftarchasidagi “Ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar” nomli bo‘limining 3-ustuniga tashkilotning to‘liq nomi sarlavha kabi yoziladi.
Sarlavha tagidagi 1-ustunda tartib raqami ko‘rsatiladi;
2-ustunda — ishga qabul qilingan sana yoziladi;
3-ustunga “Falon sex, bo‘lim, bo‘linma, qism va x.k. falonchi lavozimga (kasbga, mutaxassislikka) qabul qilindi (tayinlandi yoki saylandi)” deb yozib, berilgan malaka darajasi (agar shunday daraja berilsa) aniq ko‘rsatiladi. Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblarining nomlari O‘z DSt 3513:2021 “Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatori (XALIKK-2020)” O‘zbekiston Respublikasining davlat standartiga asosan ko‘rsatiladi; 
4-ustunga — qaysi hujjatga asosan yozilganligi (sanasi, tartib raqami) qayd qilinadi.
Belgilangan tartibda yagona tarif-malaka ma’lumotnomasida va xizmat mansablarining yagona ro‘yxati, yoxud lavozimlar jadvalida ro‘y bergan o‘zgarish yoki qo‘shimchalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar xodimlar e’tiborlariga yetkazilib, so‘ng ularning mehnat daftarchalariga ish beruvchining buyrug‘i asosida tegishli o‘zgartirish yoki qo‘shimchalar kiritiladi.
Bordiyu, xodimga ishlab turgan davrida yangi malaka darajasi berilgan bo‘lsa, unda bu haqda belgilangan tartibda tegishli yozuv kiritilishi shart. Xodim ikkinchi va undan keyingi kasblarni o‘rgangan taqdirda, bu to‘g‘rida mehnat daftarchasiga ushbu kasblarning malaka darajalari ko‘rsatilib qayd qilinadi. Masalan: ta’mirlash chilangari 3-darajadagi elektr-gaz payvandchisi kasbi bo‘yicha qo‘shimcha ixtisoslangan bo‘lsa, unda mehnat daftarchasidagi “Ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar” nomli bo‘limining 1-ustuniga yozuvning tartib soni, 2-ustuniga ikkinchi kasb berilgan sana, 3-ustunga esa “3-darajadagi elektr-gaz payvandchisi nomli ikkinchi kasb berildi” deb yoziladi va 4-ustunda tegishli guvohnoma, uning son raqami va berilgan sana ko‘rsatiladi.
Xodim yangi o‘rgangan kasbi bo‘yicha ish bajargan taqdirda mehnat daftarchasiga bu to‘g‘rida tegishli yozuv kiritiladi. Masalan: ta’mirlovchi chilangarga 3-darajali elektr-gaz payvandchilik ishlarini bajarish bo‘yicha vazifa yuklatilishi bilan ikkinchi kasb o‘rgatildi va “3-darajali elektr-gaz payvandchisi kasbi berildi”, deb shu yozuvning qarshisiga 4-ustundan ikkinchi kasb berilganligi to‘g‘risidagi tegishli guvohnomaning son raqami va sanasi, chiqarilgan buyruqning son raqami va sanasiga havola qilib yoziladi.
Mehnat daftarchasiga xodimning yozma arizasiga binoan, o‘rindoshlik ishi to‘g‘risidagi ma’lumot xodimni o‘rindoshlik asosida ishga qabul qilgan ish beruvchi tomonidan chiqargan buyrug‘iga muvofiq asosiy ish joyidagi ish beruvchi tomonidan yoziladi. Uning ishdan bo‘shaganligi to‘g‘risidagi ma’lumot ham xuddi shu tarzda yozib qo‘yiladi.
Xodim mazkur tashkilotning o‘zida boshqa ishga o‘tkazilsa, uning mehnat daftarchasiga quyidagicha yozuv kiritiladi: 1-ustunda – tartib raqami, 2-ustunda – sana, 3-ustunda “Falon lavozimga (kasbga, mutaxassislikka) o‘tkazildi” deb yozib, 4-ustunda – tegishli buyruqning soni va sanasi ko‘rsatiladi. 
2.13. Xodim ishlab turgan davrda tashkilotning nomi o‘zgartirilsa, unda bu to‘g‘risida mehnat daftarchasining 3-ustunida alohida satr bilan “Falon tashkilot, falon sanada, falonchi nom bilan atala boshladi” deb yoziladi. 4-ustunda esa, qayta atalishini (nomlanishini) asoslab buyruq sanasi va son raqami qo‘yiladi.
2.14. Mehnat daftarchasi bor bo‘lgan talabalarga, o‘quvchilarga, katta ilmiy xodim-izlanuvchilarga va tibbiyot ordinatorlariga o‘quv yurtlari (ilmiy muassasalar) tomonidan oliy va o‘rta maxsus o‘quv yurtlarining kunduzgi bo‘limlarida o‘qigan vaqtlari to‘g‘risida yozuv kiritiladi. Bunday yozuvlarga asos bo‘lib talabalar, o‘quvchilar, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va klinik ordinatorlar safiga qabul qilinganligi yoki safidan chiqarish to‘g‘risidagi o‘quv yurtlari (ilmiy muassasalar)ning chiqargan buyruqlari hisoblanadi. 
Yuqorida ko‘rsatilgan o‘quvchi, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va klinik ordinatorlarining talabalar otryadlarida, ishlab chiqarishda va xo‘jalik shartnomalari bo‘yicha ilmiy tadqiqot mavzularda qatnashgan davrlari, ixtisosi, malakasi, mansabi (lavozimi) va ish muddati ko‘rsatilgan holda tegishli ma’lumotnomalar bilan tasdiqlanadi. Ushbu ma’lumotnomalar asosida o‘quv yurtlari (ilmiy muassasalar) talabalar, o‘quvchilar, katta ilmiy xodim-izlanuvchilar va klinik ordinatorlarining mehnat daftarchalariga ishi to‘g‘risidagi olingan ma’lumotlarni kiritilishini ta’minlaydi va ularni qat’iy hisobot hujjatlari tarzida saqlaydi.
2.17. Mehnat daftarchalariga ish beruvchilar tomonidan tegishli hujjatlarning sanasi, son raqami va nomiga havola qilingan tarzda alohida satr qilib quyidagi yozuvlar kiritiladi:
a) mehnat va davlat ijtimoiy sug‘urtaga oid qonunchilik tadbiq etilmaydigan Qurolli kuchlarda, Davlat xavfsizlik xizmatida, Ichki ishlar organlarida, shuningdek, barcha turdagi qo‘riqlash idoralarida xizmatda bo‘lgan vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlar, xizmatga chaqirilgan sanasi va bo‘shatilgan sanasi ko‘rsatilgan holda;
b) kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash, malakasini oshirish bo‘yicha hunar-texnika va boshqa bilim yurtlarida, kurslarda hamda maktablarda o‘qigan davri to‘g‘risida:
v) o‘rta maxsus, professional va oliy ta’lim tashkilotlarida bo‘lgan davrlari to‘g‘risida.
Ushbu bandda ko‘zda tutilgan yozuvlar mehnat daftarchasiga xodimning mazkur ish beruvchidagi ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlardan oldin kiritiladi.
4. Ish beruvchi bilan xodim o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilinishida mehnat daftarchasini to‘ldirish tartibi 
2.18. Mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risidagi yozuvlar mehnat daftarchasiga quyidagi tartibda yoziladi:
1-ustunda yozuvning tartib soni;
2-ustunda mehnat shartnomasining bekor qilinish sanasi;
3-ustunda mehnat shartnomasini bekor qilinishi;
4-ustunda esa ushbu yozuvning nimaga asoslanib kiritilgani, buyruq sanasi va son raqami ko‘rsatiladi. Masalan: xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilinayotganda va 1997-yilning 10-iyuni oxirgi ish kuni hisoblangan vaqtda xodimning mehnat daftarchasiga quyidagi yozuvlar kiritilishi lozim: ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar bo‘limining ustunida yozuvning tartib soni qo‘yiladi, 2-ustunda bo‘shatilish sanasi (1997-yil. 06. 10.).
3-ustunda “mehnat shartnomasi bekor qilindi” deb yoziladi.
4-ustunda buyruqning sanasi va son raqami ko‘rsatiladi.
2.19. Mahalliy mehnat organlari tomonidan fuqarolarning mehnat daftarchalariga:
a) jamoat ishlari hamda kasbga o‘rgatish, malakasini oshirish, qayta kasbga tayyorlashga jalb qilingan muddatlarini qayd qiladilar.
Ishsiz shaxs deb e’tirof etilgan fuqarolar mahalliy mehnat organiga belgilangan muddatda ro‘yxatdan o‘tish uchun kelganlarida mehnat daftarchalarini mahalliy mehnat organi xodimiga ko‘rsatishlari shart.
2.20. Mehnat daftarchasida mehnat shartnomasini bekor bo‘lganligi to‘g‘risidagi yozuv amaldagi qonunchilik talablariga mos bo‘lishi, ya’ni, mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari (sabablari) to‘g‘risidagi yozuv kiritilmasligi shart.
2.22. Yoshga doir pensiyalar tayinlanganda, O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlari tomonidan mehnat daftarchasining 3-ustunida “Pensiya tayinlandi” degan yozuv kiritiladi.
5. Mehnat daftarchasiga qo‘shimcha varaqlar
2.23. Mehnat daftarchasining tegishli bo‘limlaridagi hamma betlari to‘lib qolgan taqdirda unga qo‘shimcha varaqlar yurgiziladi.
Qo‘shimcha varaqlar xodimning asosiy ish joyida ish beruvchi tomonidan yuritilib, uni mehnat daftarchalarini yuritish tartibi asosida olib boradi. Qo‘shimcha varaq mehnat daftarchasisiz haqiqiy hisoblanmaydi (Yo‘riqnomaning 1.5 bandi tadbiq qilinadi).
2.24. Har bir berilgan qo‘shimcha varaqlar uchun mehnat daftarchasining birinchi betining yuqori qismiga qo‘shimcha varaq berildi” deb yozib qo‘yiladi va uning son raqami hamda seriyasi ko‘rsatiladi.
Keyingi qo‘shimcha varaq berilganda navbatdagi yozuv kiritilib, uning son raqami va seriyasi ko‘rsatiladi.
III. MEHNAT SHARTNOMASI BEKOR QILINGANDA MEHNAT DAFTARCHASINI BERISH TARTIBI 
3.1. Xodim bilan ish beruvchi o‘rtasidagi mehnat shartnomasi bekor qilinganda xodimning mazkur tashkilotda ishlagan davrida mehnat daftarchasiga kiritilgan ishi to‘g‘risidagi ma’lumot (yozuv)lar tashkilot rahbari yoki uning tomonidan maxsus vakolat berilgan shaxsning imzosi va tashkilot yoki xodimlar bo‘limining muhri bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) tasdiqlanadi.
Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni ish beruvchi xodimga uning mehnat daftarchasini yoxud elektron mehnat daftarchasidan ko‘chirmani va mehnat shartnomasining bekor qilinishi haqidagi buyruqning nusxasini berishi shart.
Ish beruvchi aybi bilan mehnat daftarchasini berish kechiktirilsa, u holda butun kechiktirilgan davr uchun xodimga o‘rtacha oylik ish haqi to‘lanadi (masalan: moddiy javobgar xodimni biriktirilgan anjomlarni vaqtida topshirmaganligi uchun bahona qilib mehnat daftarchasini berish kechiktirilsa). Bunday holda ishdan bo‘shash kuni, mehnat daftarchasi berilgan kun hisoblanadi. Ishdan bo‘shagan kunining yangi sanasi to‘g‘risida buyruq berilib, xodimning mehnat daftarchasiga yozib qo‘yiladi. Bo‘shagan kuni to‘g‘risida ilgari kiritilgan yozuv, ushbu Yo‘riqnomaning 2.8 bandida belgilangan tartibda bekor qilinadi.
Xodim ishdan bo‘shaganda mehnat daftarchasini olganligi to‘g‘risida shaxsiy varaqasiga (T-2 son idoralararo namunaviy shakl — Yo‘riqnomaga 4-ilova) va xodimlar bo‘limidagi hisobot kitobiga imzo qo‘yadi.
3.3. Mehnat shartnomasi bekor qilingan kuni xodim ishda bo‘lmagan taqdirda, ish beruvchi o‘sha kuniyoq unga pochta orqali mehnat daftarchasini olib ketish to‘g‘risida ogohlantiruvchi xabarnoma jo‘natadi (boshqa xatlar hisobotga olinmaydi va Yo‘riqnomaning 3.1. bandi asosida ish ko‘riladi).
Xodimning mehnat daftarchasini yashash joyiga pochta orqali jo‘natish faqat uning roziligi bilan amalga oshiriladi.
3.4. Xodim vafot etgan bo‘lsa, mehnat daftarchasi uning yaqin qarindoshlariga tilxat yozdirib olish yo‘li bilan topshiriladi yoki ularning talablariga ko‘ra pochta orqali jo‘natiladi. Vafot etgan xodim mehnat daftarchasining “Ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar” bo‘limida yozuvning tartib soni va sanasi ko‘rsatilgandan so‘ng 3-ustunga “Mehnat munosabatlari bekor qilindi” deb yozilib, 4-ustunda esa buyruqning sanasi va tartib raqami ko‘rsatiladi.
Ushbu yozuv belgilangan tartibda tasdiqlanadi.
IV. MEHNAT DAFTARCHASINING DUBLIKATI
4.1. Mehnat daftarchasi yo‘qotib qo‘yilgan taqdirda, shuningdek, foydalanish uchun yaroqsiz bo‘lib qolgan (yirtilgan, yongan, yozuvlari bo‘yalgan) hollarda mehnat daftarchasining dublikati xodimning oxirgi ish joyidan beriladi.
4.2. Mehnat daftarchasini yo‘qotgan shaxs bu to‘g‘rida zudlik bilan oxirgi ish joyiga yozma xabar berishi lozim. Xabarnomadan so‘ng 15 kundan kechiktirmasdan ish beruvchi xodimga birinchi betini yuqori qismining o‘ng tomoniga “Dublikat” deb yozilgan holda yangi mehnat daftarchasini beradi.
4.3. Mehnat daftarchasining dublikati umumiy qoidalarga binoan to‘ldiriladi. Mehnat daftarchasining dublikati to‘ldirilayotganda “Ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar” bo‘limida oxirgi ish joyidagi ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilgarigi buyruqlar asosida yoziladi.
4.4. Bordiyu, xodim mazkur tashkilotga ishga kirmasdan oldin ishchi yoki xizmatchi vazifasida ishlagan bo‘lsa, unda mehnat daftarchasi dublikati “Ishi to‘g‘risidagi ma’lumotlar” bo‘limining 3-ustuniga, mazkur tashkilotga ishga kelmasdan ilgarigi ishlagani to‘g‘risidagi hujjatlar bilan tasdiqlangan umumiy ish staji yoziladi.
Mehnat daftarchasi egasining oldingi umumiy ish staji jamlanib, ya’ni qaysi tashkilotda, qaysi davrda va qaysi lavozimlarda ishlagan yillari, oylari va kunlari umumiy tarzda yoziladi. Masalan: bir ish joyida boshqa ishga o‘tkazilishi va boshqalar ko‘rsatilmaydi. 
Hujjat bilan tasdiqlangan va belgilangan tartibda rasmiylashtirilgan umumiy ish staji mehnat faoliyatining ayrim davrlari bo‘yicha quyidagicha yoziladi:
2-ustunda ishga qabul qilingan sana ko‘rsatiladi;
3-ustunda xodim ishlagan tashkilot, sex va mansabi, nomi yoziladi. 
Agar, taqdim qilingan hujjatlarga xodimning mazkur tashkilotning o‘zidagi boshqa doimiy ishga o‘tkazilishi to‘g‘risidagi ma’lumot bo‘lsa, unda bu to‘g‘rida xam tegishli yozuv kiritiladi
So‘ng 2-ustunda mehnat shartnomasi bekor qilinganlik sanasi ko‘rsatiladi, 3-ustunda esa xodim tomonidan taqdim qilingan hujjatda tegishli ma’lumot bor bo‘lsa, mehnat shartnomasining bekor qilinganligi xam ko‘rsatiladi.
4-ustunda, dublikatga yozuv kiritilishi uchun asos bo‘lgan hujjatning nomi, son raqami va sanasi kiritiladi. Ish stajini tasdiqlovchi hujjatlar egasiga qaytarib beriladi. Ish beruvchi xodimga mazkur tashkilotga kirmasdan oldingi ish stajini tasdiqlovchi hujjatlarni olishda yordam ko‘rsatishi majburiy.
4.5. Ushbu Yo‘riqnomaning 2.16 bandida ta’kidlangan ma’lumotnoma bilan bir qatorda, umumiy jamlangan ish staji ko‘rsatilmagan holda bosh satrdan tegishli hujjatlarning nomi, son raqami va sanasi ko‘rsatilgan holda quyidagilar yoziladi:
a) qabul qilingan va xizmatdan bo‘shagan sanalari ko‘rsatilgan holda xalq qo‘shinlari va partizan otryadlarida bo‘lgan davri;
b) kasb-hunarmandchilik shirkatlari artelining a’zosi sifatida ishlagan davri.
V. MEHNAT DAFTARCHALARI UCHUN OLINADIGAN HAQ VA ULARNI SAQLASH 
5.1. Yangi mehnat daftarchalari (dublikati)ni berishda ish beruvchi xodimdan qonunchilik hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqining 10 foizigacha miqdorida haq olish huquqiga ega.
Mehnat daftarchalari noto‘g‘ri to‘ldirilgan (rasmiylashtirilgan)da yoki ularni saqlashda ehtiyotsizlik tufayli yaroqsiz holga tushib qolganda mehnat daftarchalarining narxini ish beruvchi qoplaydi.
Tabiiy ofatlar yoki boshqa sabablarga ko‘ra tashkilot tomonidan xodimning mehnat daftarchasi yo‘qotilgan taqdirda, xodimga mehnat daftarchasining dublikati bepul beriladi.
5.2. Ishdan bo‘shagan xodimlar mehnat daftarchalarini o‘z vaqtida olmagan taqdirda, ular ishlayotgan xodimlarning mehnat daftarchalaridan alohida qilinib, tashkilot xodimlar bo‘limida ikki yil davomida saqlanadi. Ushbu muddat davomida ham yo‘qlab kelinmagan va olinmagan mehnat daftarchalari ish beruvchi arxivida 50 yil saqlanadi va ushbu muddatdan so‘ng belgilangan tartibda yo‘qotilib yuborilishi mumkin.
5.3. Ish beruvchilar zarur miqdordagi mehnat daftarchalari mavjudligini ta’minlashlari shart.
VI. MEHNAT DAFTARCHALARI XISOBOTINI OLIB BORISH 
6.1. Ish beruvchilarda bo‘lgan yangi mehnat daftarchalari bo‘yicha quyidagi hujjatlar yuritiladi:
a) mehnat daftarchalarini qabul qilib olish kitobi, (Yo‘riqnomaga 1-ilova);
b) mehnat daftarchalarini sarf qilish kitobi (2-ilova);
v) mehnat daftarchalarini hisobini olib borish kitobi (3-ilova).
Mehnat daftarchalarini qabul qilib olish va ularni sarf qilish kitoblari tashkilotlarning hisob-kitob bo‘limi (buxgalteriya) tomonidan olib borilib, ularda hamma mehnat daftarchalarini qabul qilib olish va sarf qilish, ularning seriyalari va son raqamlari ko‘rsatilgan holda yoziladi.
Mehnat daftarchalari hisobotini olib borish kitobi xodimlar bo‘limi yoki ish beruvchi tomonidan shunga mas’ul qilingan xodim tomonidan yuritiladi. Bu kitobda xodimlardan ishga kirishda olingan, hamda yangi kirgan xodimlarga berilgan hamma mehnat daftarchalarining seriyasi va son raqamlari, shuningdek, yangi yozib berilgan mehnat daftarcha (dublikat)lari berilgani uchun haq olinganligi to‘g‘risida yozib qo‘yiladi.
Mehnat daftarchalarini qabul qilib olish va sarf qilish hamda ularni hisobotini olib borish kitoblarining sahifalarida son raqamlari qo‘yilgan bo‘lishi hamda ular ip bilan tikilib, ish beruvchi rahbari imzosi va surg‘uchli muhr bilan (muhr mavjud bo‘lgan taqdirda) mustahkamlangan bo‘lishi shart.
6.2. Mehnat daftarchalari tashkilotning xodimlar bo‘limida qat’iy hisobot hujjati sifatida saqlanadi.
Har oyning oxirida mehnat daftarchasini yuritish bo‘yicha mas’ul shaxs mehnat daftarchalari mavjudligi haqida va yangi to‘ldirilgan mehnat daftarchalari uchun undirilgan pul mablag‘lari to‘g‘risida ish beruvchining hisob-kitob bo‘limiga hisobot beradi.
To‘ldirish paytida yoki boshqa sabablarga ko‘ra yaroqsiz bo‘lib qolgan mehnat daftarchalariga dalolatnoma (akt) tuziladi.
VII. MEHNAT DAFTARCHASINI YURITISH TARTIBIGA RIOYA QILINISHI USTIDAN NAZORAT OLIB BORISH VA YURITISH TARTIBI YUZASIDAN NIZOLARNI KO‘RIB CHIQISH 
7.1. Mehnat daftarchasini yuritish tartibiga rioya qilinishi ustidan nazoratni o‘rnatilgan tartib asosida mehnat huquq inspeksiyalari, kasaba uyushmalari hamda bo‘ysunishi bo‘yicha o‘zidan yuqori turuvchi idoralar tomonidan olib boriladi. 
7.2. Mehnat daftarchalarini yuritish yuzasidan nizolar mehnat nizolarini ko‘ruvchi organlar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda ko‘rib chiqiladi.
Eslatma: har bir xodimga faqatgina bitta mehnat daftarchasi yuritiladi, agarda ayrim sabablarga ko‘ra xodimda ikki yoki undan ko‘p mehnat daftarchasi mavjud bo‘lsa keyingilari shunday mavjudlikni aniqlagan ish beruvchi tomonidan bekor qilinadi. Bunda keyingi mehnat daftarchalaridagi yozuvlar uchun shu ish beruvchi mas’ul bo‘lmaydi. 
7.3 Mehnat daftarchalari, mehnat daftarchasiga qo‘shimcha varaqlarni sotib olish, hisobotini olib borish va tasarruf etish tartibiga rioya qilishni nazorat qilish mahalliy mehnat organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VIII. MEHNAT DAFTARCHALARINI YURITISH, SOTIB OLISH, HISOBOTNI OLIB BORISH VA FOYDALANISH TARTIBINI BUZGANLIK UCHUN JAVOBGARLIK 
Mehnat daftarchalarini yuritish, sotib olish, hisobotni olib borish va foydalanish tartibini buzgan mansabdor shaxslar qonunlarda belgilangan tartibda javobgarlikka tortiladilar. 
1. Mehnat daftarchalarini qabul qilib olish kitobining namunasi;
2. Mehnat daftarchalarini sarf qilish kitobining namunasi;
3. Mehnat daftarchalari hisobotini olib borish kitobining namunasi;
4. Shaxsiy varaqa (T-2) namunasi;
5. Mehnat daftarchasining namunasi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1995-yil 15-sentabrda 174-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan “Mehnat daftarchalarini yuritish tartibi to‘g‘risida Yo‘riqnoma” o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanadi.
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.