Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirish, sohaga jalb etilayotgan investitsiyalar va eksport hajmini sezilarli darajada oshirish hamda aholini sifatli, xavfsizligi va samaradorligi kafolatlangan dori vositalari bilan ta’minlashga oid yangi boshqaruv tizimini joriy qilish maqsadida:Farmoni
Farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida
1. Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (keyingi o‘rinlarda — Agentlik) zimmasiga quyidagi qo‘shimcha vazifalar yuklatilsin:
biologik faol qo‘shimchalar va kosmetika mahsulotlari sanoatini rivojlantirish, shu jumladan, bozor konyunkturasini o‘rganish, tahlil qilish va ishlab chiqarishni mahalliylashtirish, ushbu yo‘nalishdagi soha korxonalariga ilg‘or xorijiy amaliyot va standartlarni tatbiq etishga ko‘maklashish;
mahalliy hokimliklar bilan birgalikda hududiy farmatsevtika korxonalarining investitsiya loyihalarini monitoring qilish va hisobini yuritish;
farmatsevtika sohasini raqamlashtirish va axborot dasturlarini joriy etish.
2. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2025-yil 1-apreldan boshlab:
a) cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etiladi. Bunda:
mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan amaldagi referent narxni shakllantirish tizimi saqlab qolinadi;
retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasini ulgurji va chakana sotishda ularni yetkazib berishda ishtirok etuvchi vositachilar sonidan qat’i nazar, ulgurji savdo uchun sotib olingan (bazaviy) qiymatidan 15 foizdan va chakana savdo uchun sotib olingan qiymatidan 20 foizdan ortiq bo‘lmagan miqdorlarda ustama qo‘llanadi. Ushbu dori vositalarining ulgurji va chakana narxlari cheklangan ulgurji va chakana referent narxlardan yuqori bo‘lmasligi shart;
retseptsiz beriladigan dori vositalarini ulgurji va chakana realizatsiya qilishda cheklangan savdo ustamalari qo‘llanmaydi;
b) bir ishlab chiqaruvchi tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishda ushbu dori vositalarining barchasiga nisbatan eng past referent narx qo‘llanadi (dori moddalari (substansiya) ishlab chiqaruvchilarida farq bo‘lgan hollar bundan mustasno);
v) Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasi tomonidan xorijiy valyutada qayd etilgan referent narxlar quyidagi hollarda avtomatik ravishda (tadbirkor murojaatisiz) qayta ko‘rib chiqiladi:
xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan qiymati dori vositasiga qayd etilgan oxirgi qiymatdan 3 foiz yuqori bo‘lsa — har yilning yanvar va iyul oylarida;
xorijiy valyutaning milliy valyutaga nisbatan qiymati dori vositasiga qayd etilgan oxirgi qiymatdan 5 foiz yuqori bo‘lsa — muddatidan avval.
3. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) 2025-yil yakuniga qadar Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazining laboratoriyasini Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining dastlabki kvalifikatsiya (prequalification) tartibidan o‘tkazish choralarini ko‘rsin.
4. Farmatsevtika mahsulotlari eksporti hajmini oshirish maqsadida Savdoga ko‘maklashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan:
a) farmatsevtika korxonalarining barqarorlik reytingidan kelib chiqib:
mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining dori vositalaridan bittasini AQShning “Food and Drug Administration” (FDA) yoki Yevropa Ittifoqining “European Medicines Agency” (EMA) tashkilotlarida ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 100 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng qoplab berilsin;
mahalliy ishlab chiqarish korxonalarining farmatsevtika mahsulotlarini xorijiy davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazish bilan bog‘liq xarajatlarining 50 foizi ular ro‘yxatdan o‘tkazilgani to‘g‘risida tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilgandan so‘ng qoplab berilsin;
b) soha korxonalariga farmatsevtika yo‘nalishidagi nufuzli xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda stendlar bilan ishtirok etish xarajatlarini Agentlikning arizasiga muvofiq oldindan 100 foiz to‘lab berish tartibi joriy etilsin.
Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda mazkur bandda ko‘zda tutilgan choralarni qo‘llash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlasin.
5. “Asakabank” AJ va Agentlikning ikki oy muddatda “Asakabank” AJ ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida ustav fondi 10 million AQSh dollari ekvivalentiga teng bo‘lgan, farmatsevtika sohasining biofarmatsevtika, hujayra texnologiyalari, onkologiya kabi yo‘nalishlaridagi startap loyihalarni moliyalashtiradigan venchur jamg‘armasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
6. Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “Asakabank” AJ va Agentlik “Asakabank” AJ huzurida yuridik shaxs tashkil etmagan holda Farmatsevtika tarmog‘ining istiqbolli loyihalari investitsiya jamg‘armasini (keyingi o‘rinda — Investitsiya jamg‘armasi) tashkil etsin. Bunda:
Investitsiya jamg‘armasiga Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi 50 million AQSh dollari va “Asakabank” AJ 50 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar kiritadi.
Investitsiya jamg‘armasiga farmatsevtika yo‘nalishidagi ilmiy-amaliy va investitsiya loyihalarida ulush bilan ishtirok etishga ruxsat beriladi;
Investitsiya jamg‘armasi mablag‘larini shakllantirish farmatsevtika tarmog‘ining investitsiya loyihalari ma’qullanishiga qarab amalga oshiriladi;
Investitsiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan loyihalarning texnik-iqtisodiy asoslari Agentlik huzuridagi ilmiy-texnik kengash ekspertizasidan, loyiha doirasidagi import kontraktlari esa “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi” DUK tomonidan ekspertizadan o‘tkaziladi.
Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi, “Asakabank” AJ va Agentlik ikki oy muddatda Farmatsevtika tarmog‘ining istiqbolli loyihalari investitsiya jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni belgilangan tartibda tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
7. Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish agentligining mahalliy dori vositalarini yaratishga qaratilgan ilmiy loyihalari hamda farmatsevtika sohasidagi startap loyihalarni inkubatsiya va akseleratsiya dasturlariga kiritish va moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasiga ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari uchun ajratiladigan mablag‘lar hisobidan 2030-yilga qadar har yili 20 milliard so‘mgacha mablag‘lar ajratilishini ta’minlasin.
8. Sog‘liqni saqlash vazirligining donor qoni plazmasidan shartnoma asosida dori vositalarini ishlab chiqarish maqsadida donor qoni plazmasini Sog‘liqni saqlash vazirligi va Agentlikning xulosasi asosida 2027-yil yakuniga qadar O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin. Bunda donor qoni plazmasidan ishlab chiqarilgan dori vositalarining Sog‘liqni saqlash vazirligi ehtiyojidan ortiqcha qismi xorijiy davlatlarga realizatsiya (eksport) qilinishi mumkinligi belgilansin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) 2025-yil 1-martga qadar donor qoni plazmasidan dori vositalarini ishlab chiqarish maqsadida donor qoni plazmasini O‘zbekiston Respublikasidan tashqariga olib chiqish hamda donor qoni plazmasidan ishlab chiqarilgan dori vositalarini xorijiy davlatlarga eksport qilishga ruxsat berish tartibini belgilovchi tegishli Hukumat qarori loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
9. Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) Agentlik (A. Azizov), “Sog‘liqni saqlash loyihalari markazi” loyiha ofisi (E. Adilov), Fanlar akademiyasi (Sh. Turdikulova) bilan birgalikda 2025-yil 1-iyulga qadar hujayra texnologiyasi asosida biotexnologiya vositalarini ishlab chiqarishni tashkil etish yuzasidan tegishli qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
10. “Asakabank” AJ (K. Tulyaganov), Agentlik (A. Azizov) Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tashabbuskor tadbirkorlik subyektlarini jalb qilgan holda 2025-yil 1-iyulga qadar 1-ilovaga muvofiq 5 ta namunaviy dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini tashkil etsin va 2026-yil yakuniga qadar ushbu plantatsiyalarda yetishtirilgan dorivor o‘simliklarni qayta ishlash loyihalari ishga tushirilishiga ko‘maklashsin.
Bunda tashabbuskor tadbirkorlik subyektlariga namunaviy plantatsiyani yaratish va mahsulotni qayta ishlash loyihalarini amalga oshirishda konsultativ yordam ko‘rsatib borilsin.
11. Agentlik huzurida farmatsevtika korxonalari faoliyatiga ilg‘or standartlarni tatbiq etish bo‘yicha marketing va konsalting xizmatlarini ko‘rsatishga ixtisoslashgan “Pharm Service” davlat muassasasi tashkil etilsin.
Quyidagilar:
a) “Pharm Service” davlat muassasasining asosiy vazifalari etib belgilansin:
soha korxonalariga farmatsevtika mahsulotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish ishlarida ko‘maklashish, milliy va xorijiy standartlarni tatbiq etish ishlarida huquqiy va konsultativ yordam ko‘rsatish hamda marketing xizmatlarini amalga oshirish;
mahalliy korxonalarning farmatsevtika yo‘nalishidagi nufuzli xalqaro ko‘rgazma va yarmarkalarda ishtirok etishida hamda stendlar tashkil etishida ko‘maklashish;
farmatsevtika tarmog‘ini raqamlashtirish ishlarini tashkil etish;
farmatsevtika korxonalarini loyihalash va qurish ishlari bo‘yicha maslahat xizmatlarini ko‘rsatish;
b) “Pharm Service” davlat muassasasining moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:
Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari;
ko‘rsatiladigan pulli xizmatlardan tushadigan mablag‘lar;
jismoniy va yuridik shaxslarning homiylik xayriyalari;
qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
12. Belgilansinki, dori vositalari, tibbiy buyumlar, tibbiy texnika, biologik faol qo‘shimchalar, dorivor o‘simliklar hamda kosmetika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning statistika ko‘rsatkichlari farmatsevtika tarmog‘i hisobotida aks ettiriladi.
13. Quyidagilar Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasining qo‘shimcha manbalari etib belgilansin:
import qilinadigan dori vositalariga nisbatan qo‘llanadigan bojxona bojining 50 foizi;
farmatsevtika mahsulotlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq xizmatlardan tushadigan mablag‘larning 10 foizi;
farmatsevtika faoliyati uchun berilgan litsenziya talablarini, referent narxlarning talab va shartlarini buzganlik uchun tadbirkorlik subyektlaridan undiriladigan jarimalarning 50 foizi.
Agentlikka farmatsevtika sohasini raqamlashtirish bilan bog‘liq ishlarni (xizmatlarni) belgilangan tartibda Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshirishga ruxsat berilsin.
14. Quyidagilar:
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining tashkiliy tuzilmasi 2-ilovaga muvofiq;
Farmatsevtika tarmog‘idagi islohotlarni yanada jadallashtirish va aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar rejasi 3-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
15. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatning ayrim hujjatlariga 4-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
16. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
17. Mazkur Farmon ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.A. Xudayarov va Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi direktori A.A. Azizov belgilansin.
Farmon ijrosiga mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2025-yil 28-yanvar,
PF-13-son
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-son Farmoniga
1-ILOVA
2025-yil 1-iyulga qadar tashkil etiladigan namunaviy dorivor o‘simliklar plantatsiyalari
RO‘YXATI
| T/r | Dorivor o‘simlik turlari | Ajratiladigan yer maydonlari (gektar) | Viloyatlar | Tumanlar |
| 1. | Tukli erva (pol-pola), moychechak, shumg‘iya, isiriq, tirnoqgul, steviya, gulxayri | 5 | Buxoro viloyati | Romitan tumani |
| 2. | Dalachoy, tog‘rayhon, kiyik o‘ti, kovul, na’matak, tojik kavrak, za’faron | 5 | Jizzax viloyati | Baxmal tumani |
| 3. | Maxsar, na’matak, moychechak, dalachoy, tog‘rayhon, kovul, oshqovoq | 5 | Sirdaryo viloyati | Sardoba tumani |
| 4. | Na’matak, moychechak, dalachoy, tog‘rayhon, gazanda o‘ti, andiz, qalampir yalpiz, lavanda, gulxayri | 5 | Toshkent viloyati | Bo‘stonliq tumani |
| 5. | Moychechak, lavanda, gulxayri, exinatseya, malina, ola o‘t, kiyik o‘ti | 5 | Farg‘ona viloyati | Beshariq tumani |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-son Farmoniga
2-ILOVA
Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligining
TASHKILIY TUZILMASI
| Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| “Zarur amaliyotlar markazi” davlat muassasasi | O‘zbekiston kimyo-farmatsevtika ilmiy-tadqiqot instituti | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini rivojlantirish direksiyasi | Toshkent vaksina va zardoblar ilmiy-tadqiqot instituti | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| Farmatsevtika texnik universiteti | “Sharq tabobati” ilmiy-tadqiqot instituti | ||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
| “Pharm Service” davlat muassasasi | |||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||||
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-son Farmoniga
3-ILOVA
Farmatsevtika tarmog‘idagi islohotlarni yanada jadallashtirish va aholini sifatli dori vositalari bilan ta’minlash bo‘yicha
CHORA-TADBIRLAR REJASI
| T/r | Chora-tadbirlar | Amalga oshirish mexanizmi | Moliyalashtirish manbai | Amalga oshirish muddati | Mas’ul ijrochilar | |
| 1. | Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan farmatsevtika mahsulotlari bo‘yicha tahliliy va statistik ma’lumotlar jamlangan tahliliy platformani (BI) ishlab chiqish. | 1. Loyihaoldi o‘rganish ishlarini amalga oshirish. | Amaliy chora-tadbirlar | Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi | 2025-yil mart | Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (A. Azizov) |
| 2. Platformaning loyiha-texnik hujjatlarini ishlab chiqish va ekspertizadan o‘tkazish. | 2025-yil oktabr | |||||
| 3. Platformani ishlab chiqish va reja-grafikka asosan ishga tushirish. | 2026-yil mart | |||||
| 2. | Davlat tibbiyot muassasalarida markirovka orqali dori vositalarining hisobini yuritish uchun zarur sharoitlar yaratish. | Davlat tibbiyot muassasalarini ular tomonidan bemorlarni davolash uchun sotib olinadigan dori vositalarining hisobotlarini yuritishda markirovkani joriy etish uchun kerakli jihozlar bilan ta’minlash. | Amaliy chora-tadbirlar | Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan Davlat budjeti mablag‘lari | 2025-yil may | Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) |
| 3. | Farmatsevtika sohasini raqamlashtirish tizimini takomillashtirish. | Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi axborot bazasini Energetika vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Soliq qo‘mitasi, Bojxona qo‘mitasi, Statistika agentligi, O‘rmon xo‘jaligi agentligi, “O‘zsuvta’minot” AJ axborot bazalari bilan integratsiya qilish va elektron axborot almashishni yo‘lga qo‘yish. | Amaliy chora-tadbirlar | Tashkilotlarning o‘z mablag‘lari | 2025-yil sentabr | Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (A. Azizov), Energetika vazirligi (J. Mirzamahmudov), Qishloq xo‘jaligi vazirligi (I. Abduraxmonov), Soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev), Bojxona qo‘mitasi, (A. Mavlonov), Statistika agentligi (A. Ikramov), O‘rmon xo‘jaligi agentligi (N. Bakirov), “O‘zsuvta’minot” AJ (T. Xaydarov) |
| 4. | Dori vositalariga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘llash natijalarini tahlil qilish. | Dori vositalariga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘ini qo‘llash natijalarini tahlil qilish va ushbu tizimni takomillashtirish yuzasidan taklif kiritish. | Tahliliy ma’lumotnoma | - | 2025-yil mart | Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A. Xaydarov), Soliq qo‘mitasi (Sh. Kudbiyev), Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (A. Azizov) |
| 5. | Aholining mahalliy farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ishonchini oshirishga qaratilgan ijtimoiy videoroliklar tayyorlash va ommaviy axborot vositalarida namoyish qilish. | Aholining mahalliy farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan ishonchini oshirish maqsadida Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ijtimoiy videoroliklar tayyorlash va ularni efirga uzatib borish. Bunda: mahalliy korxonalarda ishlab chiqarish jarayonlari xalqaro standartlar asosida olib borilishi; farmatsevtika faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik subyektlarida “Zarur amaliyotlar (GxP)” standartlarining joriy etilgani; mahalliy farmatsevtika mahsulotlarini ekspertiza va standartlashtirish ishlari qanday tashkil etilgani; mahalliy dori vositalarining ta’siri va samaradorlik darajasi kabi mavzularda roliklar tayyorlash. | Amaliy chora-tadbirlar | Farmatsevtika tarmog‘ini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamg‘armasi, farmatsevtika tashkilotlarining o‘z mablag‘lari | Doimiy | Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi (A. Xodjayev), O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi (A. Djurabayev), Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (A. Azizov) |
| 6. | Farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish qoidalarini qayta ko‘rib chiqish. | Farmatsevtika mahsulotlarini sertifikatlashtirish qoidalarini takomillashtirish. Jumladan, sertifikatlashtirish qoidalarida namunalarni identifikatsiya qilish tartibini takomillashtirish, arizachi sertifikatlashtirish organi qaroridan norozi bo‘lgan taqdirda shikoyat qilish (apellyatsiya) tartibini belgilash, elektron sertifikatlashtirish tizimini takomillashtirish, baholash jarayonlarini avtomatlashtirish darajasini oshirish va elektron ma’lumotlar bazasini to‘liq shakllantirish. | Idoraviy normativ-huquqiy hujjat loyihasi | - | 2025-yil may | Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) |
| 7. | Internet va ijtimoiy tarmoqlarda dori vositalari reklamasini monitoring qilish va takliflar ishlab chiqish. | Internet va ijtimoiy tarmoqlarda dori vositalari reklamasini tartibga solish maqsadida dori vositalari va biologik faol qo‘shimchalar reklamasini monitoring qilish va takliflar ishlab chiqish. | Tahliliy ma’lumotnoma | - | 2025-yil aprel | Raqobatni rivojlantirish va iste’molchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (H. Turaxujayev) |
| 8. | O‘zbekistonda regenerativ tibbiyotni rivojlantirish, biotibbiy hujayralarni amaliyotga joriy etish yuzasidan chora-tadbirlar belgilash hamda yo‘lga qo‘yish. | 1. Regenerativ tibbiyot markazini tashkil etish to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasini ishlab chiqib, Vazirlar Mahkamasiga kiritish. | Normativ-huquqiy hujjat loyihasi | - | 2025-yil may | Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov) |
| 2. Regenerativ tibbiyot markazi faoliyatini yo‘lga qo‘yish choralarini ko‘rish. | 2025-yil dekabr | |||||
| 9. | Mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni aniqlash tartibini farmatsevtika mahsulotlariga oid qismida qayta ko‘rib chiqish. | Farmatsevtika yo‘nalishida mahalliy ishlab chiqarilgan tovarlarni aniqlash holatini tahlil qilgan holda Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritish. | Tahliliy ma’lumot va takliflar | - | 2025-yil aprel | Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (A. Azizov), Savdo-sanoat palatasi (D. Vahobov), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (A. Xaydarov) |
| 10. | Hududlarda dorivor o‘simliklarni tomorqa yerlarida va sanoat plantatsiyalari tashkil qilgan holda yetishtirish va ularni qayta ishlash bo‘yicha kompleks dasturni tasdiqlash. | Tadbirkorlik subyektlarining amalga oshirilgan eng yaxshi tajribalarini o‘rgangan holda hududlarda dorivor o‘simliklarni tomorqa yerlarida va sanoat plantatsiyalari tashkil qilgan holda yetishtirish va ularni qayta ishlash bo‘yicha kompleks dasturni ishlab chiqish va Vazirlar Mahkamasiga kiritish. Bunda mazkur loyihalarni Sanoatni rivojlantirish jamg‘armasidan qulay shartlarda moliyalashtirish mexanizmlarini nazarda tutish. | Chora-tadbirlar dasturi | - | 2025-yil aprel | “Asakabank” AJ (K. Tulyaganov), Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (A. Azizov), Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev), O‘simlik moddalari kimyosi instituti (Sh. Sagdullayev) |
| 11. | Mahalliy farmatsevtika korxonalari quvvatlarini oshirish, sohaga texnologiyalar transferini joriy etish tizimini takomillashtirish. | Ilg‘or xorijiy tajriba asosida farmatsevtika sohasiga texnologiyalar transferini qo‘llash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining “Dori vositalari va farmatsevtika faoliyati to‘g‘risida”gi Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish. | Qonun loyihasi | - | 2025-yil may | Sog‘liqni saqlash vazirligi (A. Xudayarov), Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (A. Azizov) |
| 12. | “Bo‘stonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalari hududini kengaytirish. | Quyidagilar bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritish: “Bo‘stonliq-farm” EIZ hududini 6 gektarga kengaytirish; “Parkent-farm” EIZ hududini 17 gektarga kengaytirish. Bunda: erkin iqtisodiy zonalar hududini kengaytirish uchun ajratiladigan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer uchastkalari toifasini sanoat, transport, aloqa, mudofaa va boshqa maqsadlarga mo‘ljallangan yerlar toifasiga o‘tkazish uchun belgilangan tartibda Hukumat komissiyasiga taklif kiritish; yer uchastkalari konturlarini belgilagan holda ularni amaldagi foydalanuvchilardan jamoat ehtiyojlari uchun belgilangan tartibda olib qo‘yish va davlat mulki sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazish; yer uchastkalarini erkin iqtisodiy zonalar direksiyasiga doimiy foydalanish huquqi asosida ajratish choralari ko‘rish. | Amaliy chora-tadbirlar va normativ-huquqiy hujjat loyihasi | - | 2025-yil may | Toshkent viloyati hokimligi (Z. Mirzayev), Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (A. Azizov) |
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 28-yanvardagi PF-13-son Farmoniga
4-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatning ayrim hujjatlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 21-yanvardagi “2022 — 2026-yillarda respublikaning farmatsevtika tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-55-son Farmoni 5-bandidagi “2025-yil” so‘zlari “2028-yil” so‘zlari bilan almashtirilsin.2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 21-iyuldagi “Ma’muriy islohotlar doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PF-111-son Farmonida:
a) 4-bandda:
beshinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
oltinchi — sakkizinchi xatboshilar tegishlicha beshinchi — yettinchi xatboshilar deb hisoblansin;
b) 6-ilova o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 29-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasining tashqi iqtisodiy faoliyatini yanada tartibga solish hamda bojxona-tarif jihatdan tartibga solish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-3818-son qaroriga 1-ilovaning rus tilidagi matnida 3004-pozitsiyaning “Stavka poshlini (v % ot tamojennoy stoimosti tovara ili v dollarax SSHA za yed. izm.)” ustunidagi “0” raqami “2” raqami bilan almashtirilsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 30-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi farmatsevtika tarmog‘ida islohotlarni chuqurlashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4554-son qarorining 1-bandi “a” kichik bandi birinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) 2025-yil 1-apreldan boshlab retsept bilan beriladigan mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi joriy etiladi va unda quyidagilar ko‘zda tutiladi”.
5. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 28-yanvardagi “Tashkent Pharma Park” innovatsion ilmiy-ishlab chiqarish farmatsevtika klasterini tashkil etish to‘g‘risida”gi PQ-4574-son qarorida:
a) 6-bandning “b” kichik bandi to‘qqizinchi xatboshisi “xorijiy” so‘zidan keyin “va mahalliy” so‘zlari bilan to‘ldirilsin;
b) 7-bandning “a” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“a) Klaster hududida investitsiya loyihalari xalqaro moliya institutlari/xorijiy hukumat moliya tashkilotlari mablag‘lari hamda to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar, jumladan chet el investitsiyalarini jalb qilish hisobiga amalga oshiriladi”;
v) 8-bandda:
birinchi xatboshidagi “Dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnika ekspertizasi va standartlashtirish davlat markazi” DUK” so‘zlari “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” DM” so‘zlari bilan almashtirilsin;
uchinchi xatboshidagi “xorijiy mutaxassislar va maslahatchilarning” so‘zlari “xorijiy va mahalliy mutaxassislar hamda maslahatchilarning” so‘zlari bilan almashtirilsin;
g) 1-ilovaning 3-bobi 2-bandining ikkinchi xatboshisidagi “Farmatsevtika sanoat zonasi” so‘zlari “Klaster” so‘zi bilan almashtirilsin.
6. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 26-oktabrdagi “Aholini sifatli dori vositalari va tibbiy buyumlar bilan ta’minlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-411-son qarorida:
a) 2-bandda:
“a” kichik bandning uchinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“ularga xarajatlar smetasi bo‘yicha ajratilishi ko‘zda tutilgan mablag‘lar hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatlar va dori vositalari paketi doirasida xarid qilinadigan dori vositalari va tibbiy buyumlar bepul, qolgan hollarda pullik asosda shifoxonaga kirim qilingan narxlarda amalga oshiriladi. Bunda shifoxona tomonidan xarid qilinadigan retsept bilan beriladigan dori vositalarining narxi belgilangan ulgurji referent narxlaridan yuqori bo‘lmasligi lozim”;
“b” kichik band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“b) 2025-yil 1-apreldan boshlab referent narxlari qayd etilmagan yoki qayd etilgan narxdan yuqori bo‘lgan retsept bilan beriladigan dori vositalarini sertifikatlashtirish taqiqlanadi”;
b) 5-bandda:
ikkinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan retsept bilan beriladigan dori vositalari uchun dorixonalar tomonidan taqdim etiladigan xarid chekining fiskal belgisi matritsali shtrix kod (QR-kod) yordamida skanerlash orqali soliq organlarining maxsus mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tkazilganda retsept bilan beriladigan dori vositalari narxlari “Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining axborot tizimidagi dori vositalarining chakana referent narxlari bilan avtomatik tarzda solishtiriladi”;
to‘rtinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“xarid cheki bo‘yicha narx retsept bilan beriladigan dori vositasining chakana referent narxidan ortiq deb topilganda, ushbu ma’lumot asosida o‘tkazilgan tekshirish yakuniga ko‘ra huquqbuzardan belgilangan tartibda jarima undiriladi”.
7. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 10-yanvardagi “Farmatsevtika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va investitsiya loyihalarini amalga oshirishni jadallashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-14-son qarori 7-bandining ikkinchi xatboshisi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasidan “Asakabank” AJga kredit va lizing mexanizmlarini qo‘llagan holda xorijiy ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishga yo‘naltirilgan innovatsion dori vositalari, tibbiy buyumlar va tibbiy texnikani ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihalarni moliyalashtirish uchun 50 million AQSh dollari miqdorida 10 yil muddatgacha, shundan 4 yilgacha imtiyozli davr bilan yillik 5 foiz stavkada kredit liniyasi ajratiladi”.
8. Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-sentabrdagi “Bojxona bojlaridan ozod qilinadigan texnologik va laboratoriya uskunalari, ularning butlovchi va ehtiyot qismlari, shuningdek, xom ashyo va materiallar, tibbiy buyumlar va qadoqlash materiallari ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 519-son qarorining 1-bandidagi, 2-bandining ikkinchi — to‘rtinchi xatboshilaridagi hamda 1 — 3 ilovalarning nomlanishidagi “2025-yil” so‘zlari “2028-yil” so‘zlari bilan almashtirilsin.
Izoh. Mazkur ilovaning 3-bandi 2025-yil 1-apreldan e’tiboran kuchga kiradi.
(Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 29.01.2025-y., 06/25/13/0080-son)
Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.
Hamda bularni ko'ring
Prezident Vengriya, Ozarboyjon va Yaponiya bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi31-07-2023, 17:35
O'zbekiston Respublikasi Sog'likni saqlash vazirligi tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish hamda uni oldini olish tizimini yanada takomillashtirish to'g'risida30-07-2024, 16:57
Korrupsiyaga qarshi kurashish oyligi mavzusida targ`ibot va tushuntirish ishlari27-08-2025, 14:59
Sanitariya-epidemioloigk osoyishtalik soxasidagi ma’muriy xuquqbuzarlikka oid ishlarni yuritish tartibi10-06-2025, 16:14
Tibbiyot muassasalarini moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida25-09-2025, 14:53











