Ishonch telefoni
Bosh sahifa » Bo'lim faoliyati / O`zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari / O'zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari » O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari haqida umumiy ma’lumot

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon va qarorlari haqida umumiy ma’lumot

5-06-2026, 15:34
21

Taʼlim, sogʻliqni saqlash va sport tizimini barqaror rivojlantirishni taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 30.12.2025-yildagi
 PQ-398-son

 

Qarorga ko‘ra, ijtimoiy soha obyektlarini qurish va taʼmirlashni moliyalashtirish maqsadida Ijtimoiy soha muassasalarini qurish va taʼmirlash jamg‘armasi tashkil etiladi.

Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi maqsadlarga yo‘naltiriladi:

umumtaʼlim maktablari, tibbiyot va sport muassasalarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash ishlarini amalga oshirish;

taʼlim, tibbiyot va sport muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, zamonaviy jihozlar, o‘quv va tibbiy anjomlar, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari bilan taʼminlash;

boshqa ijtimoiy yo‘nalishlardagi qurilish-taʼmirlash ishlarini amalga oshirish.

Muborak Qurbon hayitini nishonlash toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 20.05.2026-yildagi
 PQ-194-son

 

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 27-may Qurbon hayiti bayrami sifatida keng nishonlanadi.

Bunda Qurbon hayitini xalqimizning milliy anʼana va urf-odatlariga uyg‘un holda o‘tkazish bo‘yicha tegishli chora-tadbirlar amalga oshiriladi.

Qurbon hayiti bayrami munosabati bilan quyidagi kunlar dam olinadi:

27-may (chorshanba) – Qurbon hayiti bayrami kuni – barcha uchun dam olish kuni;

28-may (payshanba) va 29-may (juma) - ish haftasining turidan qatʼiy nazar barcha xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kunlari;

30-may (shanba) – 6 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun qo‘shimcha dam olish kuni, 5 kunlik ish haftasida ishlaydigan xodimlar uchun dam olish kuni;

31-may (yakshanba) - dam olish kuni.


Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qoʻllab-quvvatlash choralari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 09.11.2025-yildagi
 PQ-336-son

 

Qarorga ko'ra, 2026-yildan davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili mehnatga haq to'lashning eng kam miqdorida rag'batlantiriladi.

Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan har yili quyidagi nominasiyalar bo'yicha tanlov o'tkaziladi:

“Eng yaxshi respublika shifoxonasi rahbari”, “Eng yaxshi hududiy sog'liqni saqlash organi rahbari”;

har bir hududda:

“Eng yaxshi tuman (shahar) sog'liqni saqlash organi rahbari”, “Eng yaxshi oilaviy poliklinika rahbari”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifokori” va “Eng yaxshi tuman (shahar) o'rta tibbiyot xodimi”;

“Eng yaxshi oilaviy poliklinika”, “Eng yaxshi tuman (shahar) shifoxonasi” va “Eng yaxshi hududiy shifoxona”.

Tanlov natijalari asosida g'oliblar quyidagi miqdorlarda 1 martalik rag'batlantiriladi:

tibbiyot muassasalari – 500 mln so'm;

tibbiyot va rahbar xodimlar – 30 mln so'm.

Qarorga ko'ra, 2026-yil 1-apreldan davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi 5 kunlik ish haftasiga o'tkazilsin. 

Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta'minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo'lga qo'yiladi.

2026-yil 1-yanvardan davlat tibbiyot muassasalarida:

tuman (shahar) darajasida yangi davolash usullarini joriy qilgan va uning ijobiy samarasiga erishgan tuman (shahar) tibbiyot muassasalari shifokorlariga BHMning 50 baravari miqdorida 1 martalik pul mukofoti beriladi;

kamida 15 yil ish stajiga ega bo'lgan tibbiyot va farmasevtika xodimlarining farzandlariga oliy ta'lim tashkilotlarida bakalavriat yo'nalishi bo'yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi, biroq BHMning 15 baravaridan oshmaydigan qismi qoplab beriladi;

har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo'lgan 500 nafar tibbiyot va farmasevtika xodimlarini uy-joy bilan ta'minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to'lovining 25 foizi qoplab beriladi.

Qarorga ko'ra, 2026-yil 1-yanvardan davlat tibbiyot muassasalarining tibbiyot va farmasevtika xodimlariga quyidagi qo'shimcha imtiyozlar beriladi:

davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo'lgan xodimlarga Davlat byudjeti hisobidan 1 yilda 1 marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko'rsatish;

davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo'lgan xodimlarga 1 yilda 1 marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo'llanma berish;

barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to'lovlar miqdorini 2 barobar kamaytirish.



Sogʻliqni saqlash tizimidagi islohotlarni amalga oshirishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 19.05.2025-yildagi
 PQ-185-son

 

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan 15 ta tuman (shahar)larda, 2026-yil
 1-yanvardan Samarqand viloyatida tajriba-sinov tariqasida sog‘liqni saqlash tizimini tashkil etishning yangi modelini (Tajriba-sinov loyihasi) joriy etish doirasida sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirishning asosiy maqsadlari etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari faoliyatini tubdan qayta ko‘rib chiqish orqali oilaviy poliklinikalarda ko‘rsatiladigan tibbiy xizmatlar sifatini oshirish;

tibbiyot xodimlarining bilim va malakasini oshirish, ular mehnatiga munosib haq to‘lash tizimini joriy qilish.

Tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish maqsadida tuman (shahar) tibbiyot birlashmalari negizida tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlari tashkil etiladi. 

Quyidagilar tuman (shahar) sog‘liqni saqlash bo‘limlarining asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarni markaziy shifoxonalarning maslahat-diagnostika bo‘linmalariga aylantirish;

tibbiyot xodimlari faoliyatini tasdiqlangan mehnat samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha nazorat qilish hamda natijalar asosida ularni rag‘batlantirish.

Qarorga ko‘ra, 2025-yil 1-iyuldan respublikaning barcha davlat tibbiyot muassasalarida maxsus ko‘nikmalarni talab qiladigan davolash choralarini ko‘rgan hamda yuqori xavf darajasiga ega bo‘lgan amaliyotlarni samarali amalga oshirgan shifokorlarning oylik maoshlariga 25 foizdan 100 foizgacha ustama to‘lanadi.

2025-yil 15-iyungacha Tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan hududlarda, 2025-yil yakunigacha qolgan hududlarda aholi “Elektron sog‘liqni saqlash” axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda tibbiyot brigadalariga biriktiriladi.

Shuningdek, “Tibbiyotda 90 kunlik o‘zgarishlar” dasturi ishlab chiqilgan bo‘lib, 2025-yil 1-iyundan Dastur doirasida qisqa muddatda tibbiyot muassasalarida aholi uchun qulay sharoitlar maqsadida quyidagilar yo‘lga qo‘yiladi, jumladan:

tibbiyot muassasalarida kutish zallari tashkil qilinib, o‘rindiqlar bilan taʼminlanadi;

aholi, bemorlar, nogironlar harakatlanishi uchun qulayliklar yaratiladi;

“Ona va bola” xonalari tashkil qilinadi, xonalar va yo‘laklar tejamkor zamonaviy yoritish qurilmalari bilan jihozlanadi.


2026-2030-yillarda qon bilan ishlash xizmatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori, 20.01.2026-yildagi PQ-19-son

 

Qarorga ko‘ra, qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida quyidagilarni nazarda tutuvchi yangi tizim yo‘lga qo‘yiladi:

2026-yil 1-oktyabrdan:

qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlari xavfsizligi va sifatini taʼminlash bo‘yicha barcha texnik va tibbiy jarayonlarni tartibga soluvchi standart operatsion jarayonlar hamda xavfsizlik bayonnomalari joriy qilinadi;

“ehtiyoj – qayta ishlash – yetkazish” zanjiri doirasida biznes jarayonlarini boshqarish tizimi joriy etiladi. 

2027-yil 1-martdan “Qon mahsulotlari elektron hisobini yuritish” axborot tizimi joriy etiladi.

2026-yil 1-oktyabrdan qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida qon mahsulotlarini majburiy tartibda 2 bosqichli skrining tekshiruvidan o‘tkazish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.

Qarorga ko‘ra, 2026-yil 1-yanvardan beg‘araz qon donorligi harakatini rivojlantirish maqsadida quyidagi tizim joriy etiladi:

har oyda “Birga hayotni saqlaymiz” milliy donorlik aksiyasi o‘tkaziladi. Mazkur aksiya doirasida har oyning 1 haftasi mobaynida – qon bilan ishlash xizmati tashkilotlarida, har oyning 3 haftasi mobaynida – taʼlim, davolash va boshqa tashkilotlarda qon donorligi tashkil etiladi;

O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimiga kiruvchi vazirlik, idora hamda huquqni muhofaza qiluvchi organlar harbiy xizmatchilari va xodimlari o‘rtasida har yili 1 marotaba donorlik kunlari o‘tkaziladi;

mehnat jamoalarida donorlik kunlarini o‘tkazish yo‘lga qo‘yiladi;

umumiy o‘rta va o‘rta maxsus, kasbiy hamda oliy taʼlim tashkilotlarida donorlik bo‘yicha maʼnaviy-maʼrifiy tadbir va uchrashuvlar tashkil etiladi.

Shuningdek, tug‘ruqda tibbiy yordam ko‘rsatuvchi har bir muassasada qon va uning tarkibiy qismlari shoshilinch zaxirasi tashkil etilishi hamda uni qon va uning tarkibiy qismlari, jumladan, plazma va eritrotsitar massa zaxirasi bilan taʼminlanishi belgilandi.


Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 30.12.2025 yildagi
 PF-270-son

 

Farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlaridagi korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalarining faoliyati Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi bilan uzviy hamkorlikda tashkil etiladi.

2026 yil 1 iyuldan davlat organlari va tashkilotlarida 2030 yilgacha bosqichma-bosqich korrupsiyaga qarshi Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimi joriy etiladi. Bunda:

ushbu tizim birinchi navbatda Korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarining samaradorligini reyting baholash tizimi natijalariga ko‘ra “qoniqarsiz” deb baholangan davlat organlari va tashkilotlarida joriy etiladi;

davlat organlari va tashkilotlarida Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimini joriy etish Agentlik tomonidan tasdiqlanadigan reja-grafikka muvofiq bosqichma-bosqich amalga oshiriladi;

Milliy sertifikatlashtirish menejment tizimining belgilangan muddatlarda joriy etilmaganligi davlat organi yoki tashkiloti rahbari va o‘rinbosarlariga tizim joriy etilgunga qadar bo‘lgan muddatda barcha rag‘batlantirish to‘lovlari to‘xtatib turilishiga sabab bo‘ladi.

Agentlik, huquqni muhofaza qiluvchi va nazorat organlari, ilmiy muassasalar, korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari va fuqarolik jamiyati institutlarining doimiy hamkorligiga asoslangan Korrupsiyaning oldini olishning yaxlit tizimi joriy etiladi.

Farmonga ko‘ra, quyidagi imkoniyatlarga ega “Raqamli komplayens” axborot dasturiy kompleksi 2026 yil 1 iyuldan sinov rejimida ishga tushiriladi, jumladan:

Korrupsiyaning oldini olish klasteri ishtirokchilari o‘rtasida tezkor maʼlumot almashish;

Dasturiy kompleksning “E-Komplaens” modulini ishga tushirish orqali korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalari faoliyatini to‘liq raqamlashtirish.

Agentlikka davlat organlari va tashkilotlari markaziy apparatining korrupsiyaga qarshi ichki nazorat bo‘linmalariga tizim tashkilotlariga qonunbuzilish holatlarini oldini olish bo‘yicha ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan ko‘rsatma va ularni bartaraf etish yuzasidan taqdimnomalar kiritish huquqi beriladi.

Korrupsiyaviy huquqbuzarliklar haqida xabar bergan shaxslarni mehnat faoliyatida taʼqib, tazyiq holatlaridan himoya qilish maqsadida, Agentlik tomonidan himoya orderini taqdim etish amaliyoti joriy qilinadi.

Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishga munosib hissa qo‘shgan shaxslarni rag‘batlantirish maqsadida “Korrupsiyaga qarshi kurashishga qo‘shgan hissasi uchun” ko‘krak nishoni taʼsis etiladi.


Bojxona maʼmuriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 17.12.2025-yildagi
 PF-250-son

 

Farmonga ko‘ra, 2026 yil 1 martdan tovarlarni ular chegara o‘tkazish punktiga yetib kelguniga qadar dastlabki deklaratsiyalash orqali erkin muomalaga chiqarish bojxona rejimiga joylashtirishda:

bojxona rasmiylashtiruvi uchun bojxona yig‘imi miqdori 20 foizga pasaytiriladi;

bojxona to‘lovlarini bo‘lib-bo‘lib (kechiktirib) to‘lashda 14 kungacha foizlar hisoblanmaydi.

2026-yil 1-maydan tovarlarni davriy deklaratsiya orqali rasmiylashtirishda bojxona to‘lovlarini tovarlar respublika hududiga kirib kelganda har bir partiya uchun alohida to‘lash imkoniyati yaratiladi.

Quyidagilar bo‘yicha bojxona organlarining axborot tizimida xavf aniqlanmaganda, bojxona yuk deklaratsiyalari avtomatik rasmiylashtiruvdan o‘tkaziladi:

yirik soliq to‘lovchi tashkilotlar, davlat tashkilotlari hamda davlat ulushi 50 foizdan yuqori bo‘lgan tashkilotlar tomonidan import qilinayotgan tashqi savdo yuklari;

tarif va notarif cheklovlar tatbiq etilmaydigan eksport qilinayotgan yuklar.

Tadbirkorlarning barqarorlik reytingida yuqori va o‘rta darajalarini egallagan vakolatli iqtisodiy operatorlarga qo‘shimcha quyidagi imkoniyatlar taqdim etiladi: 

bojxona to‘lovlari va soliqlarni qaytarish, o‘zaro hisobga olishda soddalashtirilgan tartibotlarni joriy etish; 

tovarlarni qadoqlash, o‘rash, saralash va tozalash kabi qayta ishlash operatsiyalarida qayta ishlash uchun ruxsatnoma talab qilmaslik.

Farmonga ko‘ra, Chegara qo‘shinlari tomonidan shaxslarni pasport nazoratidan o‘tkazishda quyidagi asoslarga ko‘ra bojxona organlarini xabardor etish yo‘lga qo‘yiladi:

bojxona organlari axborot tizimida shaxsning bojxona nazoratidagi avtotransport mavjudligi to‘g‘risida maʼlumot bo‘lsa;

shaxs bojxona haqidagi qonun hujjatlarini buzganligi yoki buzish xavfi mavjud bo‘lsa.

2026-yil 1-iyundan:

tadbirkorlarga bojxona bojini 120 kungacha kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratiladi;

bojxona to‘lovlari to‘lanishini taʼminlashning bosh taʼminoti turidan foydalanishda xavflarni boshqarish tizimining natijalaridan kelib chiqib, tadbirkorlarga pasaytirilgan miqdorda taʼminot taqdim etiladi.

2026-yil 1-iyuldan bojxona auditi doirasida:

audit o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirkorga yo‘l qo‘ygan kamchiliklari to‘g‘risida oldindan xabar bergan holda tadbirkorning o‘zi tomonidan ularni bartaraf etish imkoniyatini beruvchi “maslahatchi auditor” tamoyili yo‘lga qo‘yiladi;

bojxona organlari tomonidan tadbirkorlar faoliyatida o‘tkazilgan bojxona nazorati natijalari tadbirkorlarning barqarorlik reytingini aniqlashda inobatga olinadi.


Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 03.11.2025-yildagi
 PF-207-son

 

Farmonga ko'ra, Jinoyat kodeksiga “Aholi salomatligi va millat genofondiga qarshi jinoyatlar” nomli alohida yangi bo'lim kiritiladi. 

Shuningdek, quyidagi qilmishlar uchun 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosini belgilashni nazarda tutuvchi jinoiy javobgarlik joriy etiladi:

narkojinoiy uyushma tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta'minlash, shuningdek, giyohvandlik vositalarini uyushgan guruh tomonidan transchegaraviy usullarda yoki internet tarmog'idan foydalanib o'tkazish;

giyohvandlik vositalarini noqonuniy muomalaga kiritishga hokimiyat (mansab) vakolatlarini suiiste'mol qilish yo'li bilan homiylik (rahnamolik) qilish yoki bunday jinoyatlar fosh bo'lishining oldini olish maqsadida xabar berish;

g'ayriqonuniy narkolaboratoriya tashkil etish va uning faoliyat yuritishini ta'minlash.

Bundan tashqari, Farmonda giyohvandlik vositalarini jamoat joylarida iste'mol qilganlik uchun 15 sutkagacha ma'muriy qamoq jazosini qo'llashni nazarda tutuvchi ma'muriy javobgarlikni kiritish belgilandi.

Farmonga ko'ra, narkojinoyatlar sodir etilishi va qayta sodir etilishining oldini olish maqsadida quyidagi qilmishlar uchun jinoiy javobgarlik 2 baravargacha og'irlashtiriladi, jumladan:

giyohvandlik vositalarini o'tkazish maqsadini ko'zlab ko'p miqdorda tayyorlash, qayta ishlash, olish, saqlash, tashish yoki jo'natish, shuningdek, ularni noqonuniy ravishda ko'p miqdorda har qanday usulda o'tkazish;

alohida toifadagi kuchli ta'sir qiluvchi moddalarning noqonuniy muomalasini ko'p miqdorda va takroran sodir etish;

giyohvandlik vositalarini har qanday shaklda iste'mol qilishga jalb etish odam o'limiga yoki boshqa og'ir oqibatlarga sabab bo'lganda.

Shuningdek, voyaga yetmagan va yoshlarni narkojinoyatlardan himoya qilish maqsadida quyidagilar belgilandi:

har qanday narkojinoyatni voyaga yetmagan shaxslarga nisbatan yoki ularni jalb qilgan holda sodir etishni jinoiy javobgarlikni og'irlashtiruvchi holati sifatida qayd etish;

ta'lim tashkilotlari, talabalar yotoqxonalari, bolalar oromgohlarida yoki ta'lim tashkilotlariga tutash hududlarda kuchli ta'sir qiluvchi moddalarni o'tkazganlik uchun jinoiy javobgarlikni 2 baravargacha og'irlashtirish.

Bundan tashqari, ayrim narkojinoyatlarni sodir etgan shaxslarni jazoni o'tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilmaslik tartibi joriy etiladi.


Huquqiy axborotni proaktiv shaklda yetkazish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 08.09.2025-yildagi
 PF-160-son

Farmonga ko‘ra, quyidagilar sohani takomillashtirishning asosiy vazifalari etib belgilandi, jumladan:

huquqiy ong va huquqiy madaniyatni oshirishda sunʼiy intellektdan foydalanish orqali innovatsion yondashuvlarni joriy etish;

aholining huquqiy axborotga bo‘lgan haqiqiy talab va ehtiyojlarini o‘rgangan holda huquqiy maʼlumotlarni manzilli va maqsadli yetkazish.

Farmonga ko‘ra, Lex.uz asosida “proaktiv qonunchilik” tamoyili bilan huquqiy axborotni “aqlli targ‘ibot” shaklida yetkazishning quyidagi tizimi joriy etiladi:

Lex.uz Soliq organlarining elektron davlat xizmatlari portali va YAIDXP (my.gov.uz) bilan integratsiya qilinadi;

tadbirkorlar va o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning roziligiga asosan, soliq.uz tizimidagi shaxsiy kabinetiga ular faoliyatiga oid yangi qabul qilingan normativ-huquqiy hujjatlar yuboriladi;

YAIDXP (my.gov.uz) foydalanuvchilarning shaxsiy kabinetiga ularning roziligiga asosan kundalik hayotda qo‘llash uchun zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning havolalari yuboriladi.

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-martdan normativ-huquqiy hujjatlar matnlarini ijrochilarga yetkazish, ularning mohiyatini ijrochilar va aholiga tushuntirish ishlarini “Ijro.gov.uz” idoralararo yagona elektron ijro intizomi tizimi orqali nazorat qilish tartibi yo‘lga qo‘yiladi. 

Bunda normativ-huquqiy hujjatlar matnlari “Ijro.gov.uz” tizimi va “Raqamli mahalla” platformasi orqali “respublika-viloyat-tuman-mahalla” tamoyili asosida davlat organlari va tashkilotlari hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga yuboriladi. 

Shuningdek, endilikda huquqiy targ‘ibot ishlari sohaga masʼul bo‘lgan davlat organlari tomonidan amalga oshiriladi. Ularning bu faoliyati Adliya vazirligi tomonidan “Ijro.gov.uz” tizimida Huquqiy axborotni tarqatish kartotekasi orqali nazorat qilib boriladi.

Kartotekada Adliya vazirligi tomonidan normativ-huquqiy hujjat daxl qiladigan subyektlar toifasi, ularga huquqiy axborotni yetkazish usullari hamda targ‘ibotni tashkil qilishga masʼul davlat organlari va tashkilotlari belgilanadi.

Bundan tashqari, internetdagi ommabop platformalarda huquqiy axborotni ijtimoiy tarmoqlar orqali yetkazish qamrovini oshirish maqsadida  “Adliya TV” sahifasi ishga tushiriladi.


Davlat organlari va tashkilotlarda ijro intizomini yanada mustahkamlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 25.07.2025-yildagi
 PF-117-son

 

Farmonga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlari, hamda boshqa tashkilotlarda  ijro intizomini tashkil etishning asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari ijrosini nazorat qilishning samarali mexanizmlarini joriy qilish;

hududlarda islohotlar natijadorligini o‘rganish va ijro intizomini mustahkamlash ishlarini sifatli tashkil etish;

davlat organlari va tashkilotlarda ijroni tashkil etishda birinchi rahbarlarning masʼuliyatini oshirish;

ijro intizomini nazorat qilish jarayonlariga sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy qilish.

Farmon bilan, Hisob palatasiga  qo‘shimcha vazifalar yuklatildi, jumladan:

Qonunlar, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmon, qaror, farmoyish va topshiriqlari  doirasida ajratilgan mablag‘larning maqsadli sarflanishini o‘rganish bilan birga ularning aholi hamda tadbirkorlar uchun samaradorligini tahlil qilish;

ijro intizomini mustahkamlashga, mansabdor shaxslarning shaxsiy masʼuliyatini oshirishga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan olib borilayotgan islohotlar natijalariga erishishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish;

qonunchilik hujjatlari va topshiriqlar ijro etilishi yuzasidan davlat organlari va tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish.

2025-yil 1-sentyabrdan boshlab Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining qisqartiriladigan shtat birliklari hisobidan Hisob palatasiga qo‘shimcha 10 ta boshqaruv shtat birligi ajratiladi.


Davlat boshqaruvi tizimida samaradorlik, proaktivlik va natijadorlikni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 14.07.2025-yildagi
 PF-111-son

Farmonga ko‘ra:

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tugatilib uning axborot sohasida nazorat va monitoring bo‘yicha vazifa va funksiyalari Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat inspeksiyasiga o‘tkazildi;

Ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha markaz Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi;

Narkotiklarni nazorat qilish milliy markazi negizida Narkotiklar va o‘qotar qurollarni nazorat qilish agentligi tashkil etildi;

Administratsiya Matbuot xizmati media-markazi negizida Ommaviy axborot vositalari uchun kontent tayyorlash markazi tashkil etildi;

Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi negizida Boshqaruv samaradorligi agentligi tashkil etildi;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Madaniyat va sanʼatni rivojlantirish jamg‘armasi Administratsiya bo‘ysunuviga o‘tkazildi.

2025-yil 1-sentyabrgacha quyidagilarga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari ishlab chiqiladi:

byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish, takrorlanuvchi nazorat funksiyalarini bekor qilish, qaror qabul qilishda shaffoflik va ochiqlikni taʼminlashga qaratilgan respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyati samaradorligini oshirish;

hududlarni kompleks rivojlantirish, aholi bandligini taʼminlash va daromadlarini oshirish borasida mahalliy hokimliklar iqtisodiy, maʼmuriy va moliyaviy vakolatlarini yana-da kengaytirish.


Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi, fitosanitariya va veterinariya sohalarida yagona davlat boshqaruvi va nazorat tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 12.05.2026-yildagi
 PF-84-son

 

Farmonga ko‘ra, quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilandi:

sohaga masʼul idoralarning bir-birini takrorlovchi funksiyalarini maqbullashtirish orqali yagona davlat boshqaruvini tashkil etish;

“daladan dasturxongacha” tamoyili asosida xavf tahliliga asoslangan nazorat tizimini joriy etish;

amaldagi sanitariya qoidalarini Alimentarius kodeksi standartlari, Butunjahon hayvonlar sog‘lig‘ini himoya qilish tashkiloti (WOAH), O‘simliklar karantini va himoyasi bo‘yicha xalqaro konvensiya (IPPC) talablariga muvofiqlashtirish.

Farmonga muvofiq, quyidagilar tashkil etiladi:

O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi hamda Veterinariya

va chorvachilikni rivojlantirish qo‘mitasi negizida O‘zbekiston Respublikasi Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qo‘mitasi;

Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzurida Chorvachilik va yaylov xo‘jaligini rivojlantirish agentligi.

2027-yil 1-yanvardan xususiy sektorga bosqichma-bosqich o‘tkaziladigan (turlari kengaytiriladigan) oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash sohasidagi funksiyalar ro‘yxati tasdiqlandi.

Shuningdek, Qo‘mita huzurida Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi instituti tashkil etiladi.



Sogʻliqni saqlash tizimida boshqaruv samaradorligini oshirish
 chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 05.05.2026 yildagi
 PF-77-son

 

Farmonga ko‘ra, Sog‘liqni saqlash vazirligi huzurida quyidagilar tashkil etiladi:

Salomatlik va strategik rivojlanish instituti negizida Aholi salomatligini tahlil qilish ilmiy-tadqiqot markazi;

Klinik audit inspeksiyasi va uning hududiy bo‘linmalari;

Kontent mediamarkazi.

Autsorsing asosida quyidagilar faoliyati yo‘lga qo‘yiladi:

aholi murojaatlari, shikoyatlari, takliflari va eʼtirozlarini qabul qilish, ularni tezkor ko‘rib chiqish hamda tegishli tashkilotlarga yo‘naltirishni taʼminlash maqsadida “Call-markaz”;

aholi va tibbiyot xodimlari bilan tizimli muloqotni taʼminlash, tibbiy xizmatlar sifati, ommabopligi va mavjud muammolar yuzasidan tezkor axborot olish hamda tahlil qilish maqsadida qayta aloqa tizimi (Feedback).

2026-yil 1-sentyabrdan tibbiyot assotsiatsiyalariga quyidagi vakolatlar beriladi:

tibbiy yordam ko‘rsatishni standartlashtirish hujjatlarini ishlab chiqish, ularni muhokama qilishda ishtirok etish va qayta ko‘rib chiqish;

sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasining taklifiga ko‘ra statsionar tibbiyot tashkilotlarining tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini baholashda ishtirok etish;

tibbiyot xodimlarining malakasini baholash, sertifikatlash hamda qayta tayyorlash jarayonlarida mustaqil professional ekspert sifatida ishtirok etish va boshqalar.


Tibbiyot sohasida xususiy sektorni qoʻshimcha qoʻllab-quvvatlash
 chora-tadbirlari toʻgʻrisida

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 05.05.2026-yildagi
 PF-74-son

 

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-iyuldan:

nodavlat tibbiyot tashkilotlariga davlat tibbiy sug‘urtasi hamda litsenziya doirasida barcha yo‘nalishlarda bemorlarga Davlat byudjeti hisobidan tibbiy xizmatlarni ko‘rsatishga ruxsat beriladi. Bunda davolash xarajatlari davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari uchun yagona bazaviy narxlar asosida qoplab beriladi;

Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasiga ajratilgan mablag‘lar doirasida bemorlarga tibbiyot tashkilotlarida ixtisoslashtirilgan ambulator tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va jarrohlik amaliyotlarini o‘tkazish uchun yo‘llanma berish tartibi joriy etiladi;

bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish uchun Davlat byudjetidan ajratilgan mablag‘larni tibbiyot tashkilotlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinadi hamda kasalliklar yo‘nalishlari kesimida oylik mablag‘lar hajmini belgilash tartibi joriy qilinadi;

tibbiyot tashkilotlari tomonidan tibbiy faoliyat uchun litsenziya talablari va shartlari buzilgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishini faqat bunday buzilishlarga yo‘l qo‘yilgan tibbiy ixtisoslik turi qismida to‘xtatib turish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi;

tug‘uruqni qabul qilish yo‘nalishida tibbiyot tashkilotlarini tashkil etishda bakteriologik laboratoriya xizmatlarini autsorsing asosida yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi Tibbiyot va farmatsevtika tarmog‘ini rivojlantirish agentligi (Agentlik) etib qayta nomlanadi.

Farmonga ko‘ra, Milliy yoki xalqaro akkreditatsiyadan o‘tgan nodavlat tibbiyot tashkilotlariga 2027-yil 1-maydan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartib asosida transplantatsiya amaliyoti bilan shug‘ullanishga ruxsat beriladi. Bunda:

nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan inson aʼzolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish tartibiga rioya etilishi tibbiy faoliyat uchun litsenziya talab va shartlari etib belgilanadi;

nodavlat tibbiyot tashkilotlarining inson aʼzolari va (yoki) to‘qimalarini transplantatsiya qilish bilan bog‘liq faoliyati “xavfni tahlil qilish” tizimi orqali xavfi yuqori ko‘rsatkichga ega faoliyat hisoblanadi;

nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan transplantatsiya amaliyoti amalga oshirilgan bemorlar va donorlar to‘g‘risidagi maʼlumotlar majburiy tartibda Sog‘liqni saqlash vazirligiga muntazam taqdim etib boriladi.

2027-yil 1-yanvardan tajriba-sinov tariqasida Samarqand viloyatida ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturiga kiritilgan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalari bino-inshootlarini qurish va ularda rekonstruksiya ishlarini olib borish bo‘yicha quyidagi takliflar maʼqullandi:

obyektlarda tadbirkorlar o‘z mablag‘lari hisobidan Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tasdiqlangan loyihalar asosida qurilish-montaj ishlarini olib boradi;

qurilish-montaj ishlari yakunlangandan so‘ng belgilangan tartibda obyektlarda nazorat o‘lchovi o‘tkaziladi;

obyektlarni qabul qilish ishlari yakunlangach tadbirkorlarga belgilangan mablag‘lar to‘lab beriladi.


Aholi bilan muloqot tizimini samarali tashkil qilish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 01.04.2026-yildagi
 PF-51-son

 

Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-maydan: 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Virtual qabulxonasi axborot tizimiga kelib tushgan murojaatlar bo‘yicha nazorat vaqti rejimi o‘rnatiladi, bunda ko‘rib chiqilishi belgilangan muddatdan o‘tgan murojaatlar ijro uchun avtomatik yuqori turuvchi davlat organiga o‘tadi;

Virtual qabulxona axborot tizimida murojaatlarni qabul qilishda ular “shoshilinch”, “odatiy”, “maslahat talab qiluvchi” toifalariga ajratish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi, nazoratga qaytarilgan murojaatlar 3 ish kuni ichida yuqori turuvchi organlar tomonidan qayta o‘rganib chiqiladi;

aholi murojaatlari bilan ishlash bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini Qonunchilik palatasi va Senatda, hokimlar hamda hududiy davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari hisobotlarini esa tegishlicha Senatda yoki mahalliy kengashlarda har chorakda kamida 1 marta eshitib borish tartibi joriy qilinadi;

davlat organlari va tashkilotlarining axborot xizmatlari Xalq qabulxonalari bilan hamkorlikda hududda murojaatlar bilan ishlash holatini yoritadi, shuningdek, ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlardagi murojaatlarning ko‘rib chiqilishiga oid eʼtirozlarni o‘rganib boradi va bu ular faoliyatining samaradorligi ko‘rsatkichlarida aks ettiriladi.

Farmonga ko‘ra, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Xalq qabulxonasi (Prezident Xalq qabulxonasi) tashkil etiladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri, tuman (shahar) hokimlari tegishli Xalq qabulxonasiga jamoatchilik asosida rahbarlik qiladi hamda muntazam ravishda Xalq qabulxonasida fuqarolarni shaxsan qabul qiladi va muammolarini joyida hal qilish choralarini ko‘radi, murojaatlar tahlilini olib boradi.

Vazirlik va idoralar rahbarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari tomonidan faoliyati bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida qilinadigan taqdimotlarda aholi murojaatlaridagi tizimli muammolar va ularning yechimi yuzasidan rejalari haqida alohida hisobot beriladi.

Davlat organlari va tashkilotlari, mahalliy hokimliklar tomonidan o‘tkaziladigan shaxsiy va sayyor qabullar tizimini to‘liq raqamlashtirish orqali qabullar jarayoni ustidan nazorat o‘rnatiladi.

Jamoaviy tusdagi murojaatlar aholi vakillari va “mahalla yettiligi” ishtirokida o‘rganilib, ular roziligi asosida nazoratdan olinadi.


Mamlakat taraqqiyotining 2030-yilgacha moʻljallangan ustuvor yoʻnalishlari doirasida islohotlarni izchil davom ettirish va yangi bosqichga olib chiqishning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni, 16.02.2026-yildagi
 PF-21-son

 

Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib quyidagilar belgilandi, jumladan:

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida erishilgan yutuqlar va mavjud muammolarni hisobga olgan holda samaradorlik ko‘rsatkichlarini belgilash;

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlariga erishilishini monitoring qilish jarayonlarini to‘liq raqamlashtirish.

Raqamli platformada “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi maqsadlarining samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishilishi holati quyidagi toifalarga ajratiladi:

“yashil” – belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichiga o‘z vaqtida va to‘liq erishilgan;

“sariq” – belgilangan samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishda kechikishlar mavjud, biroq ularni bartaraf etish imkoni bor;

“qizil” – samaradorlik ko‘rsatkichiga erishishda jiddiy kechikishlar mavjud yoki ularga umuman erishilmagan.

Bunda:

“yashil” toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga masʼul idoralar rag‘batlantiriladi;

“sariq” toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga erishishda mavjud kechikishlar sabablari tahlil qilinadi hamda ularni bartaraf etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi tomonidan tegishli idoraga zarur choralarni ko‘rish bo‘yicha ko‘rsatmalar beriladi;

“qizil” toifaga kiritilgan samaradorlik ko‘rsatkichlariga masʼul idoralar faoliyati Vazirlar Mahkamasi Rayosatida tanqidiy ko‘rib chiqiladi



Ctrl
Enter
Xatoligni aqniqladingizmi?
Matnni belgilang va Ctrl+Enter tugmalarini bosing.